Jamiyat | 10:40 / 02.02.2018
27461
2 daqiqa o‘qiladi

Umrining so‘ngiga qadar har juma kuni rafiqasining qabrini ziyorat qilgan inson

Foto: AP Photo/Sebastian Scheiner

O‘z davrida “Malik al-ulamo” (olimlar shohi) deya ulug‘langan alloma Alouddin Kosoniy (tug‘ilgan sanasi ma'lum emas, 1191 yilda vafot etgan) ilmiy bahslarda o‘ta qat'iy so‘zligi va nohaq fikrga nisbatan qahri qattiqligi bilan mashhur bo‘lgan. Ammo bu inson har qanday sharoitda ham rafiqasining fikri va qarorini hurmat qilgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Avvaliga Movarounnahrdan Halafga elchi sifatida yuborilgan alloma mukammal ilmi bilan bu diyorda mehr va mashhurlikka erishadi. Madrasada dars beradi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, u Samarqandga qaytmoqchi bo‘ladi. Shunda olimning o‘z rafiqasi ra'yini qaytarmasligidan xabar topgan Halaf hukmdori ularning shu yerda qolishlarini so‘rab Fotima binti Muhammadga iltimosnoma yuboradi. Shundan so‘ng olimning ayoli hukmdorning iltimosini qabul qiladi va bu oila umrlarining oxiriga qadar Halafda qolishadi. Bu ma'lumotdan ham ma'lum bo‘ladiki, oqila va ilmli ayol bo‘lgan o‘z rafiqasiga Kosoniyning hurmati yuqori bo‘lgan. Hatto ayoli vafotidan keyin umrining so‘ngigacha har juma kuni qabrini ziyorat qilishni kanda qilmagan. 

Alouddin Kosoniyning rafiqasi Fotima binti Muhammad nihoyatda ilmli va farosatli ayol bo‘lgan. Tarix fanlari nomzodi, dotsent Muzaffar Komilovning yozishicha,  bu ayol ayrim chog‘larda umr yo‘ldoshining fiqhiy xatolarini to‘g‘irlab, kamchiliklarini ko‘rsatib bergan, o‘z davrida fiqh ilmida benazir bo‘lgan olim ham ayolining ayrim fikrlarini qabul qilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid