Fan-texnika | 16:05 / 06.02.2018
7089
2 daqiqa o‘qiladi

Airbus uchuvchisiz aerotaksining ilk sinovlarini o‘tkazdi

Foto: Airbus

Airbus kompaniyasi vertikal parvoz va qo‘nish imkoniga ega to‘liq elektron uchar qurilma hisoblangan Vahana prototipining ilk sinovini o‘tkazdi. Kelgusida qurilmadan uchuvchisiz aerotaksi sifatida foydalanish mumkin. Ilk parvoz u qadar baland bo‘lmagan va uzoq davom etmagan. Uchar qurilma 5 metr balandlikka ko‘tarilib, parvoz 53 soniya davom etgan va shundan so‘ng muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan.

Bundan avval kompaniya uchuvchisiz multimotorli VTOL flotini (vertikal parvoz va qo‘nishni amalga oshiruvchi uchar qurilma) ishlab chiqish istagi haqida ma'lum qilgan edi, bunday flotdan shahar ko‘chalaridagi tirbandliklarda uchar taksi sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi. Undan foydalanishga ketadigan xarajatlar oddiy avtomobil yoki poyezd chiqimlariga monanddir. Uchar qurilma prototipini ishlab chiqish loyihasi 2016 yilning boshida boshlangan va u A³ kompaniyasi (Airbus'ning sho‘'ba korxonasi) tomonidan olib boriladi. O‘shandan buyon kompaniya faqat yuzaki ma'lumotlarni yetkazib berayotgan edi.

Alpha One nomini olgan uchar qurilmaning to‘liq ko‘lamli sinovlarini 2017 yilning oxirigacha o‘tkazish rejalashtirilgan. Qurilma yaqinda Kaliforniyadan Oregondagi yangi sinov poligoniga keltirildi. Ishlab chiqaruvchining so‘zlariga ko‘ra, parvozga shay uchar taksi 2020 yilda namoyish qilinadi. Aerotaksi prototipi uzunligi - 6,2 metr, kengligi - 5,7 metr va balandligi - 2,8 metr. Qurilmaning maksimal parvoz massasi 745 kilogrammni tashkil qiladi.

Airbus vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qurilma sinovlari endi havoda uzoqroq qolish va parvoz yo‘nalishini o‘zgartirishga yo‘naltiriladi. 

Mavzuga oid