Jamiyat | 20:40 / 09.02.2018
30817
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda haydovchilik guvohnomalari berilishi vaqtinchalik to‘xtatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilar Toshkentda yangi haydovchilik guvohnomalarini ololmayotganlari yoki eskisini yangisiga almashtira olmayotganlarini ma'lum qilishgan. Ba'zi foydalanuvchilar bu ma'lumotlar bazasi yoki qurilmaning buzilib qolgani bilan bog‘langanini ta'kidlashgan.

Biroq Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasida bu taxminlar rad etildi va guvohnomalar berilishi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshqa yerga ko‘chib o‘tayotgani tufayli to‘xtatilgani ma'lum qilindi.     

“Ko‘chib o‘tish yakunlanishi va barcha serverlar ishga tushishi bilan biz pasportlarni ham, haydovchilik guvohnomalarini ham berishni boshlaymiz”, deb aytgan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev matbuot anjumanda.  

Biroq Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining ko‘chib o‘tishi yakunlanishi aniq muddatlari bo‘yicha aniqlik kiritilmagan. Avvalroq 11 fevral sanasi aytilgandi, biroq 8 fevralda ushbu jarayon biroz cho‘zilishi mumkinligi aytilgan.

Ayni vaqtda yangi turdagi haydovchilik guvohnomalari 4 ta joyda: Fayzoboddagi Toshkent shahar IIBB YHXB Imtihon olish va qayd qilish bo‘limi hamda Chilonzor, Yunusobod va Sergeli tumanlararo imtihon olish bo‘limlarida berilayotgandi.

Yangi turdagi haydovchilik guvohnomalari 10 yillik muddatga berilmoqda. Amaldagi haydovchilik guvohnomalarining yangisiga almashtirilishi 2017 yil 1 oktyabrdan 2018 yil 31 dekabrgacha ko‘ngilli tarzda, 2019 yil 1 yanvardan 2020 yil 31 dekabrgacha majburiy tarzda amalga oshiriladi. 

Mavzuga oid