O‘zbekiston | 09:10 / 09.02.2018
217419
7 daqiqa o‘qiladi

O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir hokim bo‘lishdan buldozerchilik yaxshi emasmi?

Tahririyatimizga qadimiy shaharlarimizdan biridan juda tashvishli xatlar kela boshladi... Barchasi viloyat hokimining asossiz zulmi haqida bo‘ldi.

Azbaroyi shu ulug‘ shahar va viloyat nomiga dog‘ tushmasligi, Prezident ishonch bildirib, mas'ul lavozimga tayinlagan bu shaxsga nisbatan xalqning nafratini yanada qo‘zg‘amaslikka qaror qildim. Boz ustiga, voqeani joyiga borib surishtirganimda, guvohlar bo‘lib o‘tgan voqealarning ayni haqiqat ekanligini tasdiqlab, o‘z ismlarini ko‘rsatmaslikni qattiq iltimos qilishdi... Qo‘rqishyapti... Lekin yopig‘liq qozon yopig‘lig‘icha qolib ketishini ham istashmayapti.

Prezident xalq deputatlari oldida ishonch bildirib, zabardast viloyatlardan biriga rahbar etib tayinlagan shaxs qanday bo‘lishi kerak? Keling, o‘z fikrlarimni bayon qilay: Men hokim bo‘lganimda nimalar qilar edim? Va muhimi, nimalarni qilmas edim...

Men hokim bo‘lganimda, avvalo, har bir insonni hazrati inson o‘rnida ko‘rardim. Yurtimizdagi, xorijiy davlatlardagi mashhur dargohlarda o‘qib, diniy madrasaga rahbarlik qilayotgan olim insonni o‘z talabalari va boshqalar ko‘z o‘ngida «onangni…» deb haqorat qilmasdim, aslo! Chunki bu toifa insonlarga haqorat boshqacha ta'sir qiladi. Allohga solishadi... Men esa Xudodan qo‘rqaman.

Ichki ishlar organlariga uning qo‘liga namoyishkorona kishan urib, olib ketishni buyurmas edim.

Chunki tushunardimki, madrasa uchun tahoratxona, oshxona qurish — uning bosh vazifasi emas. Viloyatda bu ishni qiladigan o‘z egalari bo‘lishi kerak. Aytaylik, tender orqali. Ma'lum bir qurilish tashkiloti tayinlanib, muddatlar belgilanib. Hech qursa mart oyining boshlarida ruxsat olingan qurilish ishlarini boshlash uchun ertaroq hujjat tayyorlanishiga kamarbasta bo‘lardimki, ish tezroq bitsin, qishning sovuq-qironli kunlarigacha cho‘zilmasin.

Ayni holatda shahar ahlining xayriyasi va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgan obektga aloqam yo‘qligini his qilardim. «Barakalla» deb qo‘yardim, agar moddiy tomondan yordam berish qo‘limdan kelmasa, hech bo‘lmasa ma'naviy yordam berishga intilardim.

Qishning qahraton sovug‘ida ishlayotgan ustalarning otasiga rahmat deb, kunora borib ko‘nglini ko‘tarardim. «Siz aytgan muddatda bezak ishlarini tezlashtirib tugatishning imkoni yo‘q, sifat buziladi», degan qo‘li gul ustaboshini urmasdim. O‘zini himoya qilish uchun, men otayotgan mushtlarni qaytarib qolish uchun qo‘l ko‘targanda, «menga qo‘l ko‘tardi», deb ichki ishlar bo‘limiga olib ketishlarini talab qilmasdim. Chunki bilardimki ichki ishlar bo‘limida o‘z vazifasiga noloyiq shaxslar ham bo‘lishi, taqvodor ustalarning soqollarini majburlab qirdirib tashlaydigan shaxslar ham uchrashini. Guruch ichida kurmak ham bo‘ladi-da… Mabodo ustalarning ko‘zini qo‘rqitish uchun shunday qilishga jahl ustida buyruq berib yuborsam ham, ichki ishlar organlaridagi kasbiga noloyiq xodimlar fuqarolarni xo‘rlagani uchun ishdan bo‘shatilishini talab qilardim.

Ha, qurilishda beminnat mehnat qilayotgan ustalarning holidan, ularning nima ichib yeyayotganidan xabardor bo‘lardim. Yarim kechasi soat 12-1 da kelib xabar olish o‘rniga. Chunki bu vaqtda borsam, ichki ishlar va boshqa organ xodimlari -8...-10 daraja sovuqda ustalarni dam olgani qo‘ymasdan, «hokim keb qoladi» deb ko‘chada ushlab turgan bo‘lishardi-da. Mana shunda ham ularni «yashanglar, barakalla», deb ko‘nglini ko‘tarib ketardim. Usta bo‘lib tug‘ilganiga pushaymon bo‘ladigan darajada so‘kmasdim.

Ustalarni qo‘riqlayotgan xodimlarga ham ularga nisbatan xushmuomala bo‘lishni so‘rardim. O‘zim o‘rnak bo‘lardim. Shundan keyin melisalar ham ustalarni masxaralashni bas qilishar edi.

Qurilish ishlari Toshkentdan rahbarlar kelishiga bitmayotganidan jig‘ibiyron bo‘lmasdim. Chunki bilardimki, boshdan bu qurilishga bosh bo‘lmaganman. Endi ikki oyoq bir etikka tiqilganida ishlarni sun'iy tezlashtirib, bezak ishlari qo‘ldan o‘tar sifatsiz amalga oshishiga sababchi bo‘lib qolishini bilardim. Kattalarning ko‘zini bo‘yamasdim. Xuddi bu ishlarning boshida o‘zim turgandek, moliyalashtirgandek, «qarang, topshirig‘ingiz aytilgan muddatda, a'lo darajada bajarildi», degandek ochko ishlashga mutlaqo harakat qilmasdim.

Madrasa direktoridan qurilish ishlari nega kechikayotganini so‘raganimda va u barcha ishlar homiylarning mablag‘i hamda juma namozlarida e'lon qilib borilgan xayriya hisobiga amalga oshayotganini bildirganida, daromadga yarasha buromad bo‘layotganini aytganida, «homiylaringni kimligini aniqlab, bitta-bitta qamatib yuboraman», demasdim. Aslo unaqa deya olmasdim!

Ustalar ustidan ichki ishlar xodimlaridan iborat tunu-kun nazorat o‘rnatib, ishlarni uch smenada tashkil qilib, madrasada o‘qiyotgan talabalarni ham qurilish ishlariga jalb qilib, madrasa direktoriga «qanday qilib bo‘lsa ham, qurilishni men aytgan kunda yakunlaysan», deb zug‘um o‘tkazib, bugungi kunda undan-bundan qarzdor bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasdim. O‘zim emas, vijdonim yo‘l qo‘ymasdi...

Modomiki, men ham shunday rahbar bo‘lganimda, yaxshisi iste'foga chiqardim. Odamlarni rozi qilish, ularning ko‘nglini ovlash, Prezident belgilab berayotgan siyosat, kelajakka ishonch va umiddan sovutmaslik uchun, yaxshisi, qo‘limdan keladigan, o‘z saviyamga mos boshqa ishni tanlar edim. Aytaylik, buldozer haydardim. Lavozimga o‘tirganimdan buyon o‘tgan 1,5 yil ichida bunyodkorlikni eplay olmagan menday kasga mana shu kasb ko‘proq yarashgan bo‘lar edi…

Xo‘sh, men shu kasbga loyiq ekanmanmi?

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz jurnalisti.

Mavzuga oid