Fan-texnika | 08:49 / 10.02.2018
12504
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi birinchi dengiz quyosh elektr stansiyasini kim qurishi ma'lum

Foto: EAST NEWS

Gollandiya kompaniyalari konsorsiumi Shimoliy dengizda harakatlanadigan, quyosh elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirmoqda. U yaqin uch yil ichida oddiy quyosh panellaridan foydalangan holda qilinadi. Konsortsiumning taxminicha, ochiq dengizdagi stansiya hozirgi qurilmalardan 15 foizga samaraliroq bo‘ladi, deb yozmoqda PV Magazine.

Gollandiyaning qayta tiklanuvchi elektr energiyani ishlab chiqish bo‘yicha suzib yuruvchi tizimlarga ixtisoslashgan Oceans of Energy startapi ochiq dengizda harakatlanadigan quyoshli elektr stansiyani qurish uchun beshta yirik kompaniya bilan birlashdi. «Bunday elektr stansiyalar turli mamlakatlarning qit'a qismidagi suv havzalarida ishlamoqda. Biroq dengizda u hali qurilmagan – bu juda mushkul vazifa. Katta to‘lqinlar va tabiatning boshqa vayronakor kuchlari bilan to‘qnash kelishga to‘g‘ri keladi. Biroq, biz ishonamizki, o‘z bilim hamda tajribamizni birlashtirib, bu loyihani amalga oshira olamiz», - deya aytib o‘tdi Oceans of Energy rahbari Allard van Xoyeken.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, suzib yuruvchi elektr stansiya hozirgi qurilmalardan 15 foizga samaraliroq bo‘ladi. Niderlandiya energetika tadqiqotlari markazi (ECN) eng mos tushadigan quyoshli modullarni tanlab oladi. Uning mutaxassislari fikricha, bu loyiha uchun oddiy quyosh panellaridan foydalanish mumkin. «Ko‘ramiz, ular dengiz suvi va noqulay ob-havo sharoitlarida o‘zini qanday tutar ekan», - deya ta'kidlab o‘tdi ECN vakili Yan Kroon.

Konsortsium vakillarining ta'kidlashicha, suzib yuruvchi quyosh elektr stansiyani dengiz shamol turbinalari o‘rtasida joylashtirish mumkin. U yerda ancha sokin to‘lqinlar va elektr uzatish tarmoqlari ham o‘tkazilgan. Yaqin uch yil ichida konsorsium prototip ustida Niderlandiya tadbirkorlik davlat agentligi moliyaviy ko‘magi bilan ishlaydi. Utrext universiteti esa startapga tadqiqotlar uchun materiallar taqdim etadi.

Mavzuga oid