O‘zbekiston | 22:05 / 14.02.2018
9869
4 daqiqa o‘qiladi

"Koreyaliklardan "yuqtiradigan" tomonlarimiz ko‘p" - Sherzod Qudratxo‘jayev

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga qilgan so‘nggi tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarda qiymati 10 milliard dollaridan ziyod bo‘lgan 60 dan ortiq hujjatlar imzolandi. Ulardan 4,5 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalardir.

KUN.UZ muxbiri 14 fevral kuni Toshkent shahridagi INXA universitetida Xalqaro Press-klub (XPK) tomonidan tashkil etilgan "O‘zbek-koreys do‘stligi: tarix sahifalari, istiqbol ufqlari" mavzuidagi sessiyada taqdim etilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. Unda O‘zbekiston-Koreya Do‘stlik jamiyati vakillari, ekspertlar, INXA universiteti talabalari hamda Yoshlar ittifoqi a'zolari ishtirok etishdi.

XPK raisi Sherzod Qudratxo‘jayevning ma'lumot berishicha, koreys millatiga mansub 51 million kishining 7 millioni mamlakat tashqarisida istiqomat qiladi. Xitoyda - 2,3 million, AQShda - 2 milliondan ziyod, Yaponiyada - 212 ming koreys, MDHda umumiy hisobda 500 ming koreys yashasa, O‘zbekistonda esa bu millat vakillarining soni 200 mingdan ortiq ekan.

O‘zbekiston koreyslar yashovchi eng katta to‘rtinchi diaspora hisoblanadi. O‘zbekistonda yashovchi koreyslar o‘zbek tilida so‘zlasha olishini ko‘pchilik biladi, bu esa kamdan-kam uchraydigan holat, deydi Qudratxo‘jayev. Uning so‘zlari isboti sifatida bir necha yildan beri O‘zbekistonda yashovchi koreys millatiga mansub Kurash federatsiyasi vakili O‘zbekiston va uning xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbatini sof o‘zbek tilida bayon qildi va o‘tirganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Koreya Respublikasining iqtisodiyoti Osiyoda to‘rtinchi o‘rinda, dunyo miqyosida esa o‘n birinchi o‘rinda turadi. "Biz ularning bunday yutuqlari uchun xursandmiz. Ulardan o‘rganadigan, "yuqtiradigan" tomonlarimiz ko‘p. Koreya respublikasining rivojlanish fenomenini o‘rganish biz uchun juda qiziq. U dunyoning eng innovatsion mamlakati sifatida e'tirof etib kelinadi", - deydi XPK raisi.

Bundan tashqari, u Koreya Respublikasiga qilgan safari chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti va Koreya bosh vazirining uchrashuvida bo‘lgani hamda unda koreyaliklar bosh vazirining aytgan so‘zlari katta taassurot qoldirganini ta'kidladi: "Bolaligimda ko‘p kitob o‘qiganman va dunyoda Samarqand va Buxoro degan sehrli diyor borligidan xabar topganman. Men uchun bu ertak. Hech qachon u yerlarda bo‘lmaganman. Nafaqaga chiqqanimdan keyin O‘zbekistonga ko‘chib o‘tib, Samarqand yoki Buxoroda yashasam maylimi? U yerda bolalarga maktabda koreys va yapon tillaridan saboq berishim mumkin. Menga boshqa hech narsa kerak emas", - degan Koreya Respublikasi bosh vaziri. Uning so‘zlaridan keyin  o‘zimga o‘zim men o‘zbek bo‘la turib Samarqand va Buxoroni shunchalik qadrlamas ekanman deb o‘ylab qoldim, deydi Sh.Qudratxo‘jayev.

Mavzuga oid