O‘zbekiston | 22:20 / 20.02.2018
6482
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Ozarboyjon eksport salohiyatidan yetarlicha foydalanilmagan

Foto: Xalqaro press-klub

2017 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tovar aylanmasi 31,2 million dollarni tashkil etadi. KUN.UZ muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Xalqaro Press-klub bilan hamkorlikda o‘tkazgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi 32 million dollarga yaqin bo‘lsa, bundan taxminan 26 millioni - O‘zbekiston eksporti, qolgani Ozarboyjon eksportiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston asosan metallni qayta ishlash, savdo-sotiq, mashinasozlik sohalari bo‘yicha eksportni amalga oshiradi. Ozarboyjon esa oziq-ovqat va zargarlik mahsulotlarini eksport qiladi", - deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov. 

Foto: O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tomonlaridan hukumatlararo komissiya tuzilgan bo‘lib, ishchi guruhlar shu yo‘nalishdagi ishlarini boshlab yuborishgan. 

"O‘zbekistonda 84 ta Ozarboyjon korxonasi faoliyat yuritmoqda, lekin tasavvur qiling, bu korxonalarning 32 million dollarga hech qanday aloqasi yo‘q. Ulardan 71 tasi qo‘shma korxona, 11 tasi 100 foiz Ozarboyjon kapitali asosiga qurilgan. Xuddi shunday raqamlarni Ozarboyjon ham berishi mumkin. Shu asosda biz eksport salohiyatini kuchaytirishimiz mumkin. 

Masalan, qishloq xo‘jalik va mashinasozlik O‘zbekistonda rivojlangan, Ozarboyjon esa uni Yevropa mamlakatlaridan 2-3 baravar qimmatga olmoqda. Shu sababli bu yil o‘ndan ortiq ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Zero yuqoridagi tahlil ikki tomonni ham qoniqtirmaydi", dedi Ikramov. 

Mavzuga oid