Samarqandlik «Robin Gud» qo‘lga tushdi
Samarqand viloyatida avtomobil davlat raqamlarini o‘g‘irlab, ularni qaytarib berish uchun pul talab qilishda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga tushdi.
O‘z «xizmati» uchun talab qilayotgan pullarining bir qismini xayrli ishlarga sarflashini va'da qilgani uchun jinoyatni sodir etgan shaxs «samarqandlik Robin Gud» laqabini olgandi.
Tovlamachi avtomobil raqamini qaytarib berish uchun 5 dollar miqdorida tovon puli so‘ragan. U jabrlanuvchining avtomobili old oynasiga quyidagicha xat qoldirar, to‘lovni «Qiwi-hamyon» orqali amalga oshirishni talab qilardi.
Xatning mazmuni:
«O‘z avtomobilingiz raqamini qaytarib olishni istasangiz, quyidagi ishlarni amalga oshiring:
* +77762599592 QIWI-elektron hamyoniga 5 $( dollar, so‘m ham rubl ham emas) yuboring. Buni O‘zbekistondagi istalgan bankda amalga oshirish mumkin.
*Jo‘natishingiz bilan @urustama telegram manzili yoki rustammalikov@yandex.ru elektron pochtasiga yozing.
Agar bularning barchasini bajarsangiz davlat inspeksiyasi, DAN, militsiyaga ariza tashlashingizga ketadigan juda ko‘p vaqt va kuchingizni tejagan bo‘lasiz.
Bunday noqulaylik uchun uzr so‘raymiz. Pulingizning yarmi xayrli ishlar(mehribonlik uylari, kam ta'minlanganlar, yetimxonalar)ga sarflanadi».
Tovlamachi ushbu to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng bir sutka davomida davlat raqami qoldirib ketilgan aniq manzilni yuborishni va'da qilgan.
Bir oy davomida Samarqandda avtomobil davlat raqamlarini o‘g‘irlash bilan bog‘liq 30 holat kuzatilgan.
Samarqand shahar IIB tomonidan «Kun.uz»ga ma'lum qilinishicha, holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlaridan keyin Samarqand shahri Tutzor MFY, Pomir ko‘chasida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan Bekzod Suxrobovich Tolibjonov yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs sifatida ushlangan. U shahardagi Sattepo maskanida joylashgan «Turizm» kollejida «Mehmonxona va restoran biznesi» fakultetida 2-bosqich talabasi hisoblanadi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
16:43 / 27.11.2024
Samarqandda hisobchi tadbirkorning 6,4 mlrd so‘mini onlayn qimorda yutqazib qo‘ydi
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024