Yuzlab fabrika va sexlar taqdiri: Namanganda yengil sanoat inqirozga yuz burdimi?
AQShda o‘tkazilgan so‘nggi prezidentlik saylovidan keyin ko‘pchilikni bir savol o‘ylantirdi: Donald Tramp vazifasini eplay oladimi? Bir yildan oshiq muddat o‘tgach, to‘plangan ilk xulosalar bilan shuni aytishi mumkinki, Tramp barcha kutgani kabi anoyi bo‘lib chiqmadi. Uning boshqaruvida AQShdagi ishsizlik sur'ati oxirgi 10 yil ichidagi eng yaxshi ko‘rsatkichni zabt etdi.
Nega masalaga okean ortidagi vaziyatdan yo‘l ochib kelmoqdaman? Sababi shundaki, bugun jahon hamjamiyati oldida turgan azaliy masalalardan biri - ishsizlik har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qoldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mana shu masalaga e'tibor qaratganda, ishchi o‘rni yaratgan tadbirkorni «boshimda ko‘tarib yuraman» deya qadrlaydi.
Davlat rahbari shu qatori milliy iqtisodiyotni yanada rivojlantirish maqsadida so‘zlashuvda «mahalliylashtirish» imtiyozlari deya yuritilgan bir qancha preferensiyalarni bekor qilib, imtiyozlarni boshqa ko‘rinishga o‘tkazdi. Masalan, yengil sanoat va to‘qimachilik sohasida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tashkil etilgan bo‘lib, unga a'zo bo‘lgan xo‘jalik sub'yektlari (yoki tadbirkorlar) boj to‘lovlaridan ozod etilgan ko‘rinishda xom-ashyo mahsulotlarini import qilishi mumkin.
Amaliyotning quvonchli jihati shundaki, «mahalliylashtirish» dasturida nazarda tutilgan sharoitlar deyarli saqlanib qoldi. Soddaroq qilib aytganda, milliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlar xom-ashyo importida soliq va boj to‘lovlaridan ozod etilgandi. Oqibatda, mahsulot narxi pasaydi, chetdan trikotaj, yengil sanoat mahsulotlari import bo‘lishi kamaydi. Buning ustiga mahalliy tadbirkorlar xorij bozorlarini egallashni boshladi, evaziga O‘zbekistonda valyuta kirib keladi.
Shunga qaramay, tadbirkorlarga taqdim etilgan alohida imtiyozlar boshqa tartibda berilishi ko‘zlanmoqda. Buning yoqimsiz jihati ham bor: imtiyozdan foydalanish barcha uchun cheklangan. Ya'ni muayyan miqdordagi xom-ashyoni olib kirishingiz bilan joriy etilgan cheklov tugaydi. Undan ortiq xom-ashyo uchun davlat boji undiriladi. Imtiyozga nisbatan joriy etilgan cheklov miqdori ayrim sabablarga ko‘ra kichik raqamlarda ifoda etilgan. Masalan, 2017 yilda Namangan viloyatining o‘zida «yevro» mato (TIFTN 5512199000) 11 mln m2 hajmda import qilingan. Bu ko‘rsatkich 2018 yil uchun 200 ming m2 hajmda bo‘lishi rejalashtirilgan va bu butun O‘zbekistondagi tadbirkorlar uchun!
Import pasaytirilib, eksport kuchaygani yaxshi-ku, deyishingiz mumkin. Ammo, bozor iqtisodiyoti boshqa raqamlardan so‘ylaydi: 2017 yilda Namangan viloyatida 309 ta korxonaga 68,3 mlrd so‘mlik bojxona imtiyozlari berilgan bo‘lib, ushbu imtiyozdan foydalangan 79 ta sanoat korxonasi tomonidan 46,6 mln AQSh dollariga teng tayyor mahsulotlar eksport qilingan. Demak, xom-ashyo import qilishda taqdim etilgan imtiyozdan unumli foydalangan tadbirkorlar ushbu summadan 45 baravar ko‘p valyutani O‘zbekistonga olib kirdi. Ichki bozorga yo‘naltirilgan barcha tovarlarni hisobga olsak, Namangan viloyatining o‘zida faoliyat olib borayotgan tikuvchi ishbilarmonlar 100 mln AQSh dollaridan ko‘p mablag‘ni mamlakatda olib qolgan.
Endi nima bo‘ladi? Ishbilarmonlar cheklov mavjud imtiyozga ega bo‘lish uchun «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga a'zo bo‘lishi lozim. Masalaning muhim jihati shundaki, davlatning iqtisodiyotdagi roli kamayishi o‘rniga, u ortmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tan narxi oshishi, mahsulotlar xorij bozorida raqobatbardosh bo‘la olmasligi mumkin. Bevosita ichki bozorga kirib kelishga shay Xitoy yoki Turkiya yengil sanoat namunalari ham iqtisodiyotda tub burilish yasaydi.
Nega xom-ashyoni chetdan olib kirishimiz kerak? Haqli savolga namanganlik tadbirkor Abdulhamid Mo‘minov quyidagicha javob berdi:
«Eng katta masala xom-ashyoning sifatida, ya'ni kostyum va shim tikish uchun zarur bo‘lgan mato har tomonlama mukammal bo‘lishi lozim. Bundan talablarga javob beruvchi mahsulotlarni dunyoning sanoqli davlatlaridan topish mumkin. Bunga ta'sir qiluvchi omillar ikkita: yuqori texnologik ishlab chiqarish dastgohlari juda qimmat turadi va matoni ishlab chiqarish texnikasini har kim eplay olmaydi. Balki, imtiyozni saqlab qolsak, 3-4 yilda yengil sanoat rivoji yangi bosqichga chiqib, texnologiyalarni O‘zbekistonga o‘zimiz olib kira olarmiz».
Mavzuning boshida bejiz ishsizlik masalasiga murojaat etmadim: mahalliy ishlab chiqarishning to‘xtashi avtomatik tarzda ish o‘rinlaridan ayrilishimizni anglatadi. Menimcha «Aqto‘be fojiasi»ning yuz berishi uchun zamin yaratgan asosiy muammo ham ishsizlik edi. Namangan viloyatida ayni paytda 485ta MChJ va QK shaklidagi tikuv fabrika, sexlari mavjud. Bundan tashqari, 500dan ortiq xonadonda oilaviy tikuvchilik markazlari tashkil etilgan. Ammo, tez orada ularning soni kamayishi, ayni paytda mehnat ta'tiliga chiqarilgan 15 ming ishchi o‘z o‘rniga qaytmasligi mumkin.
Umid qilamizki, yuzaga kelgan tushunmovchilik yuqori doirada ijobiy hal etiladi. Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
17:35 / 11.11.2024
Namanganda to‘yona ko‘rinishida pora olgan kadastr bo‘limi boshlig‘i 5 yilga qamaldi
09:30 / 07.11.2024