O‘zbekiston | 16:34 / 07.03.2018
28290
2 daqiqa o‘qiladi

“Toshkent savdo markazi” yonida 43 mln so‘mni bosqinchilik bilan egallab olganlar ushlandi

Foto: Guvd.uz

2018 yilning 4 mart kuni taxminan soat 15:30 larda, noma'lum shaxslar, “Toshkent savdo markazi” bozori yonida fuqaro K.B.ga hujum qilishib, 43.300.000 so‘m miqdoridagi pullari va «Samsung» rusumli uyali telefonini bosqinchilik yo‘li bilan egallab olganlar. Shundan so‘ng, jabrlanuvchining avtomashinasidan foydalangan holda bir necha kilometr masofa bosib o‘tib, uni turar-joy uylari yonida qoldirganlar va egallab olingan mol-mulklar bilan jinoyat sodir etilgan joydan yashiringanlar. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar qilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Sergeli tumanida yashovchilar, muqaddam sudlangan 1991 yilda tug‘ilgan X.Sh. va 1978 yilda tug‘ilgan M.M. sodir etganligi aniqlangan.

Sodir etilgan jinoyatning og‘irlik darajasi va jinoyatchilarning shaxsini inobatga olib, ularni Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv bo‘limining malakali xodimlari va maxsus bo‘lim xodimlari bilan hamkorlikda ushlash haqidagi qarorga kelingan. Qo‘lga olish davomida jinoyatchilar faol qarshilik ko‘rsatib, yashirinishga uringanliklariga qaramasdan ular zararsizlantirilib qo‘lga olindilar.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.

Mavzuga oid