Sport | 16:20 / 08.03.2018
15529
9 daqiqa o‘qiladi

Buffonning orzusi tirik! «Yuventus»ni yengib bo‘lmadi

Italiya chempionlariga vaziyatni o‘z foydalariga burib yuborish uchun 3 daqiqa kifoya qildi.

«Tottenhem» - «Yuventus»
Gollar: Son Xin Min, 39 (1:0). Iguain, 64 (1:1). Dibala, 67 (1:2).
«Tottenhem»: Lloris, Tripper, Sanches, Vertongen, Deyvis, Dembele, Dayyer (Lamela, 74), Eriksen, Alli (Lorente, 86), Keyn, Son Xin Min.
«Yuventus»: Buffon, Bartsali, Benatia (Lixtshtayner, 61), Kellini, Sandru, Xedira, Pyanich, Matyuidi (Asamoa, 60), Dibala, Iguain (Sturaro, 83), Duglas Kosta.
Ogohlantirishlar: Vertongen, 28. Matyuidi, 35. Pyanich, 44. Benatia, 49. Kellini, 53. Alli, 56. Dembele, 88.
Hakam: Marchinyak (Polsha).
7 mart. London. Uembli stadioni.
Birinchi o‘yin - 2:2

Yengilmaslar

Uzoq vaqtdan buyon mag‘lub bo‘lmay kelayotgan jamoalar to‘qnashuvini kuzatish hamisha qiziq. «Tottenhem» Chempionlar ligasi nimchorak finalining javob uchrashuviga qadar 17 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etdi, «Yuventus»da 20ta o‘yin. Chorshanba kuni o‘yin durang bilan tugashi ham va jamoalarning ikkisi mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirishi ham mumkin edi. Ammo bu holda «Yuventus» turnirni tark etishga majbur bo‘lishi mumkin edi. Turinliklar bunga rozi bo‘lolmasdi.

O‘yindan oldin Italiyadagi nashrlar shunday sarlavhali muqovalar bilan chiqish qilishdi: «Gol ur, Yuve!», «Yuve rok o‘ynaydi»: hamma «Uembli»da konsert kutdi. «Keksa sinora»ning Londonda passiv bo‘lishga haqqi yo‘q edi.

«Men «Uembli»da o‘ynash imkoniyatidan xursand bo‘laman, axir bu katta futbol teatridir, men bu o‘yin Chempionlar ligasidagi oxirgi o‘yinim bo‘lishi mumkinligi haqida umuman o‘ylamayapman. Men tabiatan tuzalmas optimistman», degandi o‘yindan oldin «Yuventus» darvozaboni Janluiji Buffon.

«Tottenhem» sobiq ustozi «shporlar» o‘z maydonida o‘ynayotgan bo‘lsada, ustunlikka erishmasligini bashorat qildi: «Turinda «Yuventus» «Tottenhem»ning to‘pga egalik qilish ustunligini yo‘qqa chiqara olmadi. Ammo «Uembli» – jasorat ko‘rsatish uchun qulay joy, chunki bu stadionda mezbonlik atmosferasi yo‘q. Muxlislar mehmon jamoa futbolchilariga bosim o‘tkaza olishmaydi». U haq bo‘lib chiqdi.

Allegri bu o‘yindan oldin Manjukichdan ayrilgandi, ammo Dibalaga hujumda ikki haftalik tanaffusdan keyin safga qaytgan Gonsalo Iguain sheriklik qilishi mumkin edi.

Maurisio Pochettino esa diskvalifikatsiya tufayli Orening xizmatlaridan foydalan olmasdi. Ivuarlik bu futbolchi Turindagi o‘yinda xatolarga yo‘l qo‘ygandi va murabbiy uni shusiz ham o‘ynatmasligi mumkin edi. 

E'tiborli jihati londonliklar 2018 yilda «Yuventus» darvozasini ishg‘ol qila olgan yagona jamoa edi, Buffonga ichki chempionatda ham, kubok o‘yinlarida ham boshqa jamoalar gol ura olmayapti. 

«Shporlar»ga atalgan bo‘lim
Allegri tanlagan sxemasi bilan barchani ajablantirdi. U muxlislarni ham va raqib jamoa murabbiyi Maurisio Pochettinoni ham hayron qoldirdi. Italiya chempioni o‘yinga 4-4-2 sxemasida tushib keldi, lekin o‘ng qanot himoyasida kutilmaganda markaziy himoyachi Andrea Barzali harakatlandi. Qanotlarni Duglas Kosta (o‘ng qanot) va Blez Matyudi (chap qanot) egalladi, hujum markazida Paulo Dibala, uning ortidan Gonsalo Iguain joylashdi. Ammo «Yuventus» to‘pga egalik qila boshlaganida jamoa himoyasi «yolg‘on to‘rtlik»dan iborat ekani ko‘rinib qoldi. Barzali ortda qolganida Aleks Sandro o‘ngda uning o‘rnida yugurardi.

Pochettino esa Allegri kutganidek Erik Lamelani emas, Son Xin Minni tushirdi va tezkor koreyalik hujumchi markazda, Keyn va Alli orqaroqda o‘ynadi. Murabbiy adashmagandi, Son Xin Min birinchi bo‘limda Barzalini ketma-ket xato qilishga majburlab, darvoza tomon 5ta (3tasi aniq) zarba yo‘lladi, jamoaning boshqa futbolchilari birgalashib yo‘llagan zarbalar soni 3ta bo‘ldi. O‘yinning 5-daqiqasidayoq Buffon o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi, uning uchun bu o‘yin alohida ahamiyatga ega edi, u mavsum yakunida katta futboldan ketishini ma'lum qilgan, uning Chempionlar Ligasini yutish orzusi uchun bu mavsum oxirgi imkoniyat edi.

Uning orzusi birinchi bo‘limdayoq ko‘milishi mumkin bo‘lgandi, Keyn ikki marta zarba berish nuqtasiga chiqib bordi, bir vaziyatda u Buffoni ham aldab o‘tdi, ammo to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi.

Bo‘lim oxirida Son Xin Min baribir maqsadiga erishdi va hisobni ochdi.

«Yuventus» birinchi bo‘limda «shporlar» darvozasiga bitta ham zarba yo‘llamadi, turinliklarning eng yaxshi imkoniyati o‘yin boshida, hali hisob 0:0 bo‘lib turganida yuzaga kelgandi. Duglas Kosta to‘p bilan raqib jarima maydoniga kirib borganida Yan Vertongen uning oyoqlari ostiga tashlandi, braziliyalik futbolchi yiqildi, ammo hakam penalti belgilamadi. Chempionlar ligasida videohakamlar hali joriy etilmagan, shu tufayli Marchinyak bu vaziyatda o‘zi qaror qilishi kerak edi. Videotakrorlar o‘yinning bu eng bahsli vaziyatida Marchinyak xato qilganini tasdiqlay olmadi, shu bilan birga uning xato qilganini ham isbotlay olmadi. Ba'zida VAR ham ojiz qoladi.


«Yuventus»ning 3 daqiqasi
Turinda ham shunday bo‘lgandi: «Keksa sinora» ilk 30-35 daqiqada to‘la ustunlik qilgan, ammo g‘alabaga erisha olmagandi. Endi o‘rinlar almashdi, «Tottenhem» raqibni barcha jabhalarda ortda qoldirdi va ikkinchi bo‘lim o‘rtalarigacha barcha londonliklar ustunlikni xotirjamlik bilan saqlab qolib, chorak finalga chiqishini kutayotgandi.

Ammo Allegrining o‘yinchi almashtirishlari o‘zini oqladi: havbek Matyudi va himoyachi Benatia o‘rniga qanot futbolchilari Asamoa va Lixtshtayner tushirildi. «Tottenhem» raqibning taktik o‘zgarishlarini anglab ulgurmasidan ikki gol o‘tkazdi. Avvaliga Asamoaning kesib berilgan pasidan keyin Dibalada golli vaziyat yuzaga keldi. Bir daqiqa o‘tib Lixtshtayner boshlagan hujum Iguainning goli bilan yakunlandi.

Iguain ikkinchi gol urilgan vaziyatda to‘pni egallagach, o‘zi bilan ikki himoyachini band qildi va Dibalani darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi, Paulo esa Lorisni ojiz qoldirdi. 

Ikki holatda ham «shporlar»ning himoyasi «Benevento» yoki «Krotone» himoyasidan farq qilmasdi. Maydon egalari Iguainni yopa olishmadi va argentinalik futbolchi 3 daqiqada bir gol urib, yana bir golga uzatma berishga ulgurdi. Uning pasini Dibala golga aylantirdi. «Yuventus»da 100 foizlik samaradorlik - 2 zarba va 2 gol.

Turinliklar endi bu hisobni o‘yin soatlab davom etsa ham ushlab tura olishardi. «Tottenhem» esa hamisha qarshisiga «avtobus qo‘yilganida» muammolarga duch kelgan.

«Yuventus» tushkunlikni yengib o‘ta oldi. Vaziyatlardan birida Kellini raqib himoyachisi oyoqlari orasidagi to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Bu vaziyatda uni Buffon quyidagicha olqishladi.

90-daqiqada «Tottenhem» qutilib qolishi mumkin edi. Offsaydda turgan Keyn darvoza to‘sinini nishonga oldi, lekin to‘p maydonga qaytmasdan tashqariga yo‘l oldi. Bu vaziyatda hakam hushtagini chalmadi - offsayd qayd etmadi, agar zarba aniqroq bo‘lganida gol inobatga olingan bo‘lardi va bahs-munozaralar boshlanib ketgan bo‘lardi.

«Tottenhem»ni chorak finalda ko‘rmaymiz. «Yuventus» g‘alaba qozondi, barchasini tajriba hal qildi, bu jamoa birinchi o‘yindagi 10 daqiqa, ikkinchi o‘yindagi 3 daqiqada hujum qildi. Shuning o‘zi yetarli bo‘lib chiqdi. Buffonning orzusi esa hamon tirik.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid