Jamiyat | 00:11 / 08.03.2018
36935
3 daqiqa o‘qiladi

Ota farzandini jazolashning antiqa usulini qo‘lladi

Foto: Facebook/WarriorCode

AQShning Virjiniya shtatida yashovchi Brayan Tornxill 10 yoshli o‘g‘lini bezorilik qilgani uchun maktabgacha yomg‘ir ostida yugurishga majbur qilgan. 

Tornxill Facebook’da yomg‘ir vaqtida katta ryukzak bilan chopayotgan o‘g‘li ortidan mashinada ketayotgani va nima yuz berayotganini tushuntirayotgan videoni joylashtirgan. Video 4 kun ichida 26 mln martadan ko‘proq tomosha qilingan.

“Mening o‘g‘lim avtobusda  ko‘ngilsizliklarga shunchalik ko‘p tushganki, uni avtobusdan haydab chiqarishgan va unga 3 kun davomida undan foydalanish taqiqlandi, chunki u biroz bezorilik qilgan. Bunga chidab turmayman. Shu sababli u maktabgacha yugurishi kerak”, deb aytgan Tornxill.

Otaning aytishicha, maktabgacha masofa 1,6 km ni tashkil qiladi. U o‘g‘lini bunday jazolashni “maqbul holat” deb atagan va jismoniy mashqlar foydasi haqida eslatib o‘tgan hamda o‘z farzandlarini urish o‘rniga “ijodkorroq bo‘lishga” chaqirgan.

Erkakning aytishicha, uning o‘g‘li bir haftadan beri yugurmoqda va bu orada bolaning xulqi ancha yaxshilangan. Uning ta'kidlashicha, o‘g‘li vaziyatga to‘g‘ri qaragan va singlisiga “otam doimo haq”, deb aytgan. 

Erkak buni “eski qadrdon tarbiya” deb atagan va Amerikaga qurolni nazorat qilish emas, aynan shu narsa kerakligini aytgan. “Men farzandlarimni quroldan farqli ravishda, shkaf ichida qamab qo‘ya olmayman. Qurolni esa osonlik bilan va doimo nazorat qila olaman”, deb aytgan ota.  

Rolikka berilgan izohlarda bildirilgan fikrlar turlicha bo‘ldi. Kimdir otaga tanbeh bergan bo‘lsa, boshqalar esa uni qo‘llab-quvvatlashgan va maktabgacha biroz yugurish foydadan xoli bo‘lmasligini aytishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid