Fan-texnika | 15:30 / 09.03.2018
13696
3 daqiqa o‘qiladi

Levi’s jinsilarni "eskirtirish"ning yangi usulini kashf qildi

Foto: Videodan kadr

Amerikaning Levi’s kiyimlar brendi Future-Led Execution jinsilar dizayni va ularni "eskirtirish" texnologiyasini namoyish qildi, bunda kimyoviy moddalar o‘rniga lazerdan foydalaniladi. The Verge shu haqida xabar berdi. Kompaniya xodimlarining aytishicha, bu ularga kimyoviy moddalarni qo‘llamaslik imkonini beradi, shu bilan birga, ishlab chiqarishning yakuniy bosqichidagi ishlar sonini to‘rttadan uchtaga kamaytiradi. 

Levi’s'da yangilik eskirgan effektli jinsi modellarini ishlab chiqarish — nisbatan murakkabligi va ko‘p vaqt olishi bilan izohlanmoqda. So‘nggi o‘ttiz yilda bunga materialga maxsus kimyoviy aralashma bilan ta'sir o‘tkazish orqali erishilayotgan edi. Biroq endi mazkur texnologiya sekin-asta eskirgan deb tan olinadi. Brend ishlab chiqarish qoidalarini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. 

Foto: Levi Strauss & Co

"Yangi jarayonda birinchi qadam — jinsini suratga olish va ularni lazer hisoblay oladigan darajada illyustratsiya qilish. Avvallari 8,10, 12 daqiqada amalga oshgan ishni endi taxminan 90 soniyada bajarish mumkin, - deydi kompaniyada innovatsiyalar uchun mas'ul Bart Sayt. - Lazerlar infraqizil nurlar yordamida mato yuzasini yengil tirnaydi va kerakli shaklni hosil qiladi". 

Texnik tomondan esa Levi’s jinsi kiydiriladigan maxsus mashinadan foydalanadi. Shundan so‘ng lazer va infraqizil nurlar yordamida matoda yirtiqlar va  dog‘lardan iborat shakl hosil qilinadi. Yangi texnologiya shuningdek atrof-muhitga zararli moddalar bilan ziyon yetkazish xavfini kamaytirish imkonini beradi. 

Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ular o‘z oldilariga ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan kimyoviy moddalar miqdorini keskin kamaytirishni maqsad qilib qo‘yishmoqda. Brend rejalariga muvofiq, 2020 yilga borib barcha jinsi kiyimlar lazer yordamida ishlab chiqariladi. Bu shuningdek ishlab chiqarish jarayonlarni ham ikki baravarga tezlashtiradi. 

Mavzuga oid