Jahon | 15:50 / 10.03.2018
64096
20 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev va Rahmonning qo‘shma bayonoti qabul qilindi, unda Rog‘un GES ham tilga olingan

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 9-10 mart kunlari davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasida bo‘ldi.

Ochiq, do‘stona va konstruktiv muhitda o‘tgan samarali muzokaralar davomida davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holatidagi muhim masalalarni, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish istiqbollarini, shuningdek, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolarni batafsil muhokama qildilar.

O‘zbekiston TIV axborot xizmati tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning do‘stlik va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti matni e'lon qilindi.

Davlat rahbarlari so‘nggi yillarda erishilgan davlatlararo muloqotning yuqori darajasini, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy o‘sish sur'atini mamnuniyat bilan qayd etgan holda,

ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida do‘stlik, ahil qo‘shnilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga qat'iy asoslangan ko‘p asrlik tarixiy va madaniy umumiylikdan kelib chiqib,

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlik ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga javob berishiga, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil rivojlanishni ta'minlashda asosiy omil bo‘lishiga ishonch bildirgan holda,

xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalariga, shuningdek, BMT Nizomi maqsad va prinsiplariga, shu jumladan, mustaqillikni o‘zaro hurmat qilish, suverenitet, hududiy yaxlitlik, chegaralarning daxlsizligi, bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik prinsiplariga sodiqliklarini yana bir bor tasdiqlab,

O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga, erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta'minlashga intilgan holda, quyidagilar to‘g‘risida bayonot beradilar:

1. Davlat rahbarlari tinchlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlash, butun mintaqa taraqqiyoti va ravnaqini ta'minlashda yuksak mas'uliyatlarini chuqur anglab, 2000 yil 15 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risida Shartnoma qoidalariga tayangan holda, an'anaviy do‘stlik, ahil qo‘shnilik va hamkorlik munosabatlarini imkon qadar yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga qat'iy tayyor ekanliklarini tasdiqlaydilar.

Davlat rahbarlari tashrif davomida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-tojik Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risida Shartnoma bunga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi Davlat chegarasini do‘stlik, ahil qo‘shnilik va hamkorlik chegarasiga aylantirishning muhimligini hamda bu ikki qardosh xalqlarning hayotiy muhim manfaatlariga javob berishini ta'kidladilar.

2. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni izchil kengaytirish uchun konstruktiv siyosiy muloqotning muhimligini qayd etgan holda, oliy, yuqori va boshqa darajalarda aloqalarni yanada kengaytirish tarafdori ekanliklarini ta'kidladilar.

Prezidentlar uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish va hamkorlikning barcha yo‘nalishlaridagi mavjud yuksak salohiyatni imkon qadar to‘la ro‘yobga chiqarish maqsadida yaqin istiqbolda ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani ishlab chiqishga kelishib oldilar.

3. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, mamlakat salohiyatini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Tojikiston Respublikasi rahbariyati mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuvlari bo‘yicha uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning Tojikiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

O‘zbekiston rahbariyati Tojikistonning 2018-2028 yillarda «Suv barqaror rivojlanish uchun» xalqaro harakatlar o‘n yilligi to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

5. Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishning strategik xususiyatini qayd etdilar.

Tomonlar o‘zaro savdoda kuzatilayotgan ijobiy o‘sish sur'atini mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda ikki tomonlama tovar aylanmasi nomenklaturasini diversifikatsiya qilish va yaqin yillarda uning hajmini 500 mln. dollarga yetkazish uchun ulkan salohiyat mavjudligini ta'kidladilar.

Shu munosabat bilan Tomonlar o‘zaro savdo nomenklaturasini yanada kengaytirish muhimligini tasdiqladilar. Tomonlar sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish, qo‘shma korxonalar va savdo uylarini yaratish, tashqi savdo infratuzilmalari va eksport-import operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, shuningdek, o‘zarolik asosida biznes-forumlar va sanoat mahsulotlarining milliy ko‘rgazmalarini tashkil qilish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdilar.

Tomonlar ikkala mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarini amalga oshiradilar. Shu munosabat bilan davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida Bitim imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etadilar.

Tomonlar ishbilarmon doiralar o‘rtasida aloqalarni kengaytirish hamda salmoqli savdo bitimlari va shartnomalarni tuzishga ko‘maklashgan o‘zaro milliy ko‘rgazmalar va biznes-forumlar 2017-yilda Toshkent va Dushanbe shaharlarida muvaffaqiyatli o‘tkazilganligini qayd etdilar.

Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi tashrif doirasida Dushanbe shahrida tashkil qilingan «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» ko‘rgazmasi va O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma biznes-forumiga yuqori baho berildi.

Ikki davlat rahbarlari 2018-yil 10-yanvarda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning beshinchi yig‘ilishi yakunlarini ijobiy baholadilar hamda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha barcha masalalarni hal qilishda, shuningdek, hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlashda uning samarali mexanizm sifatidagi rolini yanada kuchaytirish zarurligini ta'kidladilar.

Tomonlar mazkur tashrif davomida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida Bitimga muvofiq savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki davlat mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirish zarurligini qayd etdilar.

6. Davlat rahbarlari ikki mamlakatning umumiy transport-kommunikatsiyaviy imkoniyatlari va tranzit salohiyatidan imkon qadar to‘la foydalanishga alohida ahamiyat bergan holda, transport qatnovi sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish va mavjud avtomobil, temir yo‘l, havo qatnovi tranzit yo‘nalishlarini qayta tiklash va yangilarini yaratish masalalarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli idoralarga topshiriq berdilar.

Prezidentlar tomonidan 2017 yilning aprel oyida Toshkent shahri bilan Dushanbe shahri o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning ochilishi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida mavjud avtomobil, temir yo‘l va havo qatnovi yo‘nalishlarini qayta ishga tushirish va yangilarini ochish O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida madaniy-gumanitar va savdo-iqtisodiy munosabatlarning faollashuviga ko‘maklashishini ta'kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi temir yo‘llari ishtirokida tashqi savdo yuklarini tashishda raqobatbardosh tariflarni shakllantirish masalalari bo‘yicha yanada keng hamkorlik qilish amaldagi transport yo‘laklarini samarali ish yuklamasi bilan ta'minlashga imkon yaratishi qayd etildi.

Shu munosabat bilan ikki davlat rahbarlari «G‘alaba - Amuzang» uchastkasida temir yo‘l qatnovining qayta ishga tushirilganini mamnuniyat bilan ta'kidladilar.

7. Ikkala davlat rahbarlari madaniy-gumanitar sohada, ilmiy muassasalar, o‘quv yurtlari, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va sport jamoalari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari, kasaba uyushmalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va tajriba almashinuvni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikning ustuvor xususiyatini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari tomonidan 2017 yilda Tojikiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyati kunlari va O‘zbekiston Respublikasida Tojikiston Respublikasi madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganiga yuqori baho berildi.

Davlat rahbarlari ta'lim va fan sohasida o‘zaro aloqalarni, shu jumladan, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari va fanlar akademiyalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish orqali kengaytirish zarurligini qayd etdilar.

Tomonlar ilmiy va pedagogik kadrlarni tayyorlash, tadqiqotchilar, mutaxassislar, professor-o‘qituvchi kadrlar va talabalar bilan almashinuv, shuningdek, ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlar, malaka va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish masalalari bo‘yicha axborot almashinuvi sohalarida hamkorlik qiladilar va qulay sharoitlar yaratadilar.

8. Tomonlar bundan buyon ham ikki davlat hududida milliy madaniy markazlar faoliyati uchun ona tili, madaniyati, an'ana va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirishda qulay sharoitlar yaratib beradilar, bir davlat hududidagi boshqa davlat fuqarolarining huquq va manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.

Ikki mamlakat Prezidentlari o‘zbek tilini Tojikistonda hamda tojik tilini O‘zbekistonda o‘rganish va o‘rgatishni takomillashtirish, o‘zbek va tojik tillarida o‘qitiladigan umumiy ta'lim o‘quv muassasalari tizimini kengaytirish, o‘quv va badiiy adabiyotlar, davriy va ilmiy nashrlar bilan almashinuv bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, ikki mamlakatning mumtoz adabiyot vakillari va zamonaviy mualliflari asarlarini tarjima qilishni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e'tibor qaratadilar.

Tojikiston tomoni Samarqand shahrida ikki xalqning buyuk vakillari A.Navoiy va A.Jomiyga yodgorlik o‘rnatilishini, shuningdek, Samarqand shahridagi zamonaviy tojik adabiyotining asoschisi S.Ayniy muzeyining rekonstruksiya qilinishini mamnuniyat bilan qarshi oldi.

O‘zbekiston tomoni, o‘z navbatida, Tojikiston Respublikasi Hukumatining Dushanbe shahrida A.Navoiy nomidagi parkni barpo qilish va unda A.Navoiy va A.Jomiyga yodgorlik o‘rnatish haqidagi qarorini mamnuniyat bilan qarshi oldi.

9. Tomonlar O‘zbekiston-Tojikiston Davlat chegarasidan o‘tkazish punktlari faoliyatining qayta tiklanganini mamnuniyat bilan e'tirof etib, ularning to‘laqonli faoliyat yuritishi ikkala xalq manfaatlariga xizmat qilishini hamda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishini ta'kidladilar.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashadigan, ikki davlat fuqarolarining 30 kunga qadar o‘zaro safarlari uchun vizasiz rejimning joriy qilinayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

10. Prezidentlar terrorizm va ekstremizm, narkotrafik, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy qurol savdosi, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish, noqonuniy migratsiya hamda boshqa mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka oid xuruj va tahdidlarga qarshi kurashishda ham ikki tomonlama, ham xalqaro formatlarda hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, o‘z hududlarida Tomonlarning milliy xavfsizlik manfaatlariga qarshi qaratilgan noqonuniy faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslikka tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Ushbu maqsadlarda O‘zbekiston va Tojikiston tegishli idoralarining maslahatlashuvlarini o‘tkazish orqali hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘riladi.

11. Ikki davlat rahbarlari harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda, shuningdek, harbiy ta'lim sohasida o‘zaro manfaatli asoslarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

12. Prezidentlar ikki mamlakatning chegaraoldi hududlarida muhandislik to‘siqlari uchastkalarini zararsizlantirish masalasi bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma ishchi guruhi tuzilishini mamnuniyat bilan e'tirof etdilar va mazkur ishlarni 2018-2019 yillarda yakunlash lozimligini qayd etdilar.

13. Prezidentlar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf qilish sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va aniq tadbirlarni amalga oshirish muhimligini ta'kidladilar.

14. Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil rivojlanishni ta'minlashga doir dolzarb masalalar bo‘yicha pozitsiyalarining bir-biriga mos kelishi yoki yaqinligini tasdiqladilar.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda barcha ichki mintaqaviy muammolarni hal etish mintaqa davlatlarining faqatgina o‘zlari tomonidan ochiq va konstruktiv muloqot orqali teng huquqlilik, o‘zaro manfaatdorlik va bir-birlarining manfaatlarini hurmat qilish va hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshirilishi mumkin va lozimligini ta'kidladilar.

15. Prezidentlar Markaziy Osiyo farovonligining asosiy omillaridan biri mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini hisobga olgan holda suv-energetika resurslaridan kompleks foydalanish ekanligini ta'kidladilar. Ochiq muloqot, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro maqbul, adolatli va oqilona yechimlarni topish muhimligi qayd etildi.

Tomonlar suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish sohasida mintaqaviy sheriklikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar hamda Markaziy Osiyo uchun suv-energetika muammolarini hal etishda mavjud va barpo etilayotgan gidroenergetik inshootlar muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladilar.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni Tojikiston Respublikasida gidrotexnik inshootlar, shu jumladan, Rog‘un gidroelektr stansiyasining qurilishida umum'tirof etilgan xalqaro normalar va mazkur obektlarni qurish bo‘yicha standartlarga rioya qilinishini hisobga olgan holda ishtirok etish imkoniyatini har tomonlama ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.

Davlat rahbarlari mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda konstruktiv muloqot o‘rnatishga ko‘maklashadigan Markaziy Osiyo transchegaraviy suv resurslaridan kompleks tarzda va samarali foydalanish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish zarurligini ta'kidladilar.

Tomonlar Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forumi (Toshkent, 2018 yil 5-8 iyun) va 2018-2028 yillarda «Suv barqaror rivojlanish uchun» xalqaro harakatlar o‘n yilligi bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya (Dushanbe, 2018 yil 20-22 iyun) o‘tkazilishini mamnuniyat bilan e'tirof etadilar.

16. Prezidentlar xalqaro masalalarda har qanday qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarni faqatgina siyosiy yo‘l bilan, muzokaralar va boshqa tinch vositalar orqali hal qilish mumkin, degan yakdil fikrdalar.

Tomonlar xalqaro maydonda ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlash uchun salmoqli salohiyat mavjudligini qayd etdilar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligini yanada rivojlantirishga o‘zaro intilishlarini bildirdilar.

Prezidentlar BMT global xavfsizlikni saqlashga ko‘maklashadigan yetakchi universal xalqaro tuzilma, shuningdek, davlatlararo va xalqaro muammolarni hal qilish uchun asosiy maydon bo‘lib qolmoqda, degan yakdil fikrdalar. Tomonlar xalqaro munosabatlarda uning markaziy muvofiqlashtiruvchi rolini mustahkamlash tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar.

Tomonlar «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» nomli Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya (Toshkent shahri, 2018 yil 26-27 mart) hamda Terrorizm va radikalizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya (Dushanbe shahri, 2018 yil 3-4 may) o‘tkazilishini mamnuniyat bilan e'tirof etadilar.

Tojikiston tomoni O‘zbekiston tomonining BMT Bosh Assambleyasining «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» va «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyalarini, shuningdek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risida BMT konvensiyasini ishlab chiqish va ilgari surish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Tomonlar Tojikistonning 2018 yilda MDHga raislik qilishini hisobga olgan holda, Hamdo‘stlikni o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun ta'sirchan maydonga aylantirish maqsadida uning mexanizmlaridan yanada samarali foydalanishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

O‘zbekiston tomoni Tojikiston tomonining Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Antinarkotik markazini tashkil qilish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Tojikiston tomoniga Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari temir yo‘l ma'muriyatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish hamda ShHT a'zo-davlatlari rahbarlarining yoshlarga qo‘shma murojaatini qabul qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston tomoni tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlik uchun minnatdorlik bildirildi.

Prezidentlar Islom hamkorlik tashkiloti doirasida ikki mamlakatning konstruktiv hamkorligiga yuqori baho berdilar. Tojikiston tomoni Tashkilotning Fan va texnologiyalar bo‘yicha ikkinchi sammitini 2020 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida O‘zbekiston tomonining taklifini qo‘llab-quvvatladi.

17. Davlat rahbarlari Tomonlar o‘rtasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni o‘z vaqtida va vijdonan bajarishga sodiq ekanliklarini bildirdilar hamda o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan sohalarda O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini jadallashtirish uchun shartnomaviy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va kengaytirish maqsadga muvofiq ekanligini ta'kidladilar.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi natijalarini mamnuniyat bilan e'tirof etdilar hamda bo‘lib o‘tgan muzokaralar va tashrif davomida imzolangan hujjatlar turli sohalarda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi turtki berishini, shuningdek, davlatlararo munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirishga salmoqli hissa qo‘shishini ta'kidladilar.

18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonga va butun Tojikiston xalqiga O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik, samimiy va do‘stona qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonga davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lishni taklif qildi. Tashrifning aniq muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.

Mavzuga oid