O‘zbekiston | 00:03 / 11.03.2018
53158
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Avval xalqni eshitish, so‘ngra qaror qabul qilish kerak»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasiga uyushtirgan davlat tashrifi davomida bugun qo‘shni davlat parlamenti quyi palatasi raisi Shukurjon Zuhurov bilan uchrashgani haqida avvalroq ham xabar bergan edik.

Asia-plus media guruhining Tojikiston parlamenti quyi palatasi matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, Shavkat Mirziyovning Tojikiston Respublikasi Oliy majlisining namoyandalar majlisi raisi Shukurjon Zuhurov bilan uchrashuvida tomonlar ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

«Biz O‘zbekiston Oliy Majlisi va Tojikiston namoyandalar majlisi o‘rtasida hamjihatlik va hamkorlikni kuchaytirishimiz kerak. Parlament doimo xalq irodasini ifoda etadi, shu sababli xalqlarimiz nimani istashayotganini bilishimiz muhim», — degan Mirziyoyev.

Mirziyoyev parlament ishini juda yaxshi bilishini ta'kidlab o‘tgan.

«Men 15 yil davomida parlamentda ishlaganman va o‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, avvaliga xalqni eshitish, keyin qaror chiqarmoq kerak, aksincha emas», — degan O‘zbekiston rahbari.

O‘z navbatida, Shukurjon Zuhurov O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik aloqalari o‘rnatilishida Shavkat Mirziyoyevning muhim xizmati bo‘lganini qayd etib o‘tgan.

«O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida konstruktiv muloqot aynan siz hokimiyat tepasiga kelganingizdan so‘ng o‘rnatila boshladi. Ishonchingiz komil bo‘lsin, yaxshilikni unutmaydigan tojik xalqi sizning ezgu niyatlaringizni va siyosiy irodangizga munosib baho beradi», — degan Zuhurov.

Mirziyoyevning prezidentlik faoliyatidagi birinchi yilining tashqi siyosatdagi muhim yutuqlar haqida gapirar ekan, Zuhurov nafaqat Tojikiston, shuningdek, Qirg‘iziston bilan ham munosabatlar iliqlashgani, hamkorlikning ko‘plab sohalarida ilg‘or natijalarga erishilganini qayd etib o‘tgan.

«Biz tojikistonliklar ertami-kechmi bizning ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik aloqalarimizda, albatta, yaxshi kunlar kelishi va hammasi o‘z iziga qaytishiga ishonar edik. Shu sababli sizning Dushanbega tashrifingiz Tojikiston va O‘zbekiston uchun chindan ham muhim voqea sanaladi», — degan Tojikiston parlamenti raisi.

Tojikiston parlamenti quyi palatasi raisi tojikistonlik parlamentariylar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan keng qamrovli va maksimal darajada sermahsul munosabatlarga tayyor ekanligini aytib o‘tgan.

«Sizning tashrifingizni mabodo tarixiy voqea deb atab bo‘lmasa, ikkilanmasdan O‘zbekiston va Tojikiston ikkitomonlama munosabatlarida misli ko‘rilmagan deyish mumkin. Fikrimcha, tojiklar va o‘zbeklar birga bo‘lishlari kerak, so‘nggi murakkab yillar asrlar osha mustahkamlanib kelgan do‘stligimiz tarixi oldida hech narsa emas. Aminmanki, sizning boy tajribangiz rahbarlik iqtidoringiz va murakkab masalalarni hal qilish qobiliyatingiz bilan birga biz uchun do‘stona bo‘lgan O‘zbekistonning rivojlanish yo‘lida hali ko‘p asqotadi», — deya o‘z so‘zlarini yakunlagan Shukurjon Zuhurov.

Mavzuga oid