O‘zbekiston | 19:00 / 15.03.2018
24289
2 daqiqa o‘qiladi

Bobomurod Abdullayev sudda barcha ayblovlarni rad etdi

«Usmon Haqnazarov» taxallusi bilan turli xil maqolalar yozgan Bobomurod Abdullayev o‘ziga nisbatan ilgari surilgan barcha ayblovlarni rad etdi. 15 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Bobomurod Abdullayev ishi bo‘yicha navbatdagi ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Avval xabar berganimizdek, Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasreddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayev O‘zR Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. 

KUN.UZ muxbiri xabar berishicha, sud majlisida prokuror B.Qobilov ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi. Sudlanuvchilardan H.Nasreddinov aybini to‘liq tan olishini bildirgan bo‘lsa, R.Salayev aybini qisman tan oldi. Sh.Olloyorov va B.Abdullayev ularga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlarni tan olmasliklarini, aksincha barchasini inkor etishlarini bildirishdi.  

Shu bilan birga, 15 mart kungi sud majlisida Bobomurod Abdullayev ko‘rsatma berishni boshladi. Uning ko‘rsatmasining bir qismi tinglandi.

Mazkur jinoiy ishni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Z.Nurmatov (rais), xalq maslahatchilari S.Turapova va M.Mirag‘zamovdan iborat sud tarkibi ko‘rib chiqmoqda. Navbatdagi sud majlisi 26 mart kuni bo‘lib o‘tishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 7 mart kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchi B.Abdullayevning advokati S.Mayorov tomonidan sudlanuvchiga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan edi. Iltimosnomada sudlanuvchiga nisbatan tergov paytida jismoniy tazyiq o‘tkazilgani, u turli xil qiynoqlarga solingani bayon etilgan, iltimosnoma tegishli tartibda sud tomonidan qanoatlantirilgan edi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid