Jahon | 00:00 / 15.03.2018
21880
3 daqiqa o‘qiladi

MH-17’ni Ukraina urib tushirganini aytgan dispetcher guvohlik roli uchun ruslardan pul olib turganini tan oldi

Foto: Reuters

2014 yil 17 iyul kuni @spainbuca tvitterida, Ukraina osmonida urib tushirilgan, Malayziyaga tegishli bo‘lgan MH-17 aviareysi haqida xabar paydo bo‘lgandi.

O‘zini Kiyevning «Borispol» aeroportida ishlovchi, ispaniyalik dispetcher deb tanishtirgan shaxs samolyot yo‘qolib qolishidan oldin, uni Ukraina harbiy samolyotlari ta'qib qilgani haqida yozdi.

«Boeing 777 samolyoti radarlardan yo‘qolib qolishidan oldin, Ukrainaning ikkita qiruvchi samolyoti uni kuzatib kelgan» - deyiladi tvitda.

Shundan so‘ng, Rossiyaning RT telekanali @spainbuca tviti haqidagi xabarni va uning egasi «aksil-ukraina» fikrlari tufayli, ta'qib qilinayotgani va hatto, mamlakatdan chiqarib yuborilayotgani haqidagi xabarni e'lon qildi. Bu yangilik tez orada «Zvezda», «Vesti» telekanallari va TASS axborot agentligi orqali tarqatildi.

Keyinchalik, @spainbuca tvitter sahifasi yo‘qolib qoldi. 2014 yil oxirida esa ijtimoiy tarmoq o‘quvchilari bu sahifani «Lyudmila Lopatishkina» ismi ostida paydo bo‘lganini sezib qolishdi. Sahifa egasi tinmasdan rossiyaparast tvitlarni tarqatish bilan shug‘ullandi. Bu esa sahifani robot yuritayotganidan darak berardi. Biroz vaqt o‘tgach, Tvitter ma'muriyati sahifani yopib qo‘ydi.

«Ozodlik Radiosi» jurnalistlari uning RT telekanalida namoyish qilingan fotosurati asosida, kimligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Bu shaxs 2010 yilda Ispaniyada, 2013 yilda Ruminiyada firibgarlik uchun sudlangan Xose Karlos Barrios Sanches (Jose Carlos Barrios Sanchez) bo‘lib chiqdi. Bu sanalar orasidagi muddat davomida u Yevropada qidiruvga berilgani aniqlandi.

Foto: Xose Karlos Barrios Sanches

Sanches @spainbuca tvitterini yuritganini tan oldi. Shuningdek, u ma'lum vaqt davomida RT telekanalidan pul olgani, evaziga esa unga berilgan ko‘rsatma asosida, tvitlarni joylashtirganini aytdi. Sanches so‘zlariga ko‘ra, u telekanaldan taxminan 48 ming dollar olgan. RT vakillari bu gaplarni inkor qilmoqda.

Ispaniyalik o‘ziga nisbatan tazyiq bo‘layotgani va ba'zi tashkilotlar va shaxslar unga zarar yetkazmoqchi ekanini ma'lum qildi. Ammo ularning ismini oshkor qilishni istamadi. Shundan so‘ng, bu ma'lumotlar uchun jurnalistlardan pul talab qildi. Rad javobini olgach, umuman aloqaga chiqmay qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, MH-17 reysi halokati 2014 yil 17 iyul kuni yuz bergan. Amsterdamdan Kuala-Lumpurga parvoz qilayotgan Malayziya havo yo‘llari samolyotining halokatida 298 nafar inson nobud bo‘ldi. Mustaqil tergov natijalariga ko‘ra, samolyot «BUK-M» raketa tizimi yordamida urib tushirilgani aniqlandi. Bu uskuna Rossiya tomonidan Donbassdagi ayirmachilarga yetkazib berilgan.

Mavzuga oid