O‘zbekiston | 18:00 / 16.03.2018
126994
3 daqiqa o‘qiladi

Natalya Temirova Jinoyat kodeksining 8 moddasi bilan ayblanmoqda

Foto: Adliya vazirligi

2018 yil 16 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida sudlanuvchilar Natalya Temirova (muqaddam Toshkent yuridik kolleji direktori lavozimida ishlagan) va Abdulazizjon Salimjonovga (muqaddam Toshkent yuridik kollejida ish yurituvchi kotib va xodimlar bo‘limi inspektori bo‘lib ishlagan) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi boshlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning xabar berishicha, mazkur jinoiy ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudi sudyasi Bolat Sultonov raisligida hamda xalq maslahatchilari Sanoat Nabiyeva va Dono Islomovadan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda.

Ish bo‘yicha raislik qiluvchi B. Sultonov sud majlisini ochdi va sudlanuvchilar N. Temirova va A. Salimjonovga nisbatan jinoiy ish eshitilayotganligini e'lon qildi. 

Sudlanuvchi N. Temirova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 28 orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish), 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni va boshqalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) va 238-moddasida (yolg‘on guvohlik berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda, sudlanuvchi A. Salimjonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28 orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish) va 28 orqali 209-moddasida (mansab soxtakorligiga ko‘maklashish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. 

Sud tomonidan sud jarayoni ishtirokchilarining hozir bo‘lgani tekshirildi, sud tarkibi, tomonlar e'lon qilindi, rad qilish huquqi tushuntirildi, sudlanuvchilarning shaxsi va ularga ayblov xulosalarining nusxalari berilgan vaqt aniqlandi, ish bo‘yicha sudlanuvchilar va tomonlarning huquq hamda majburiyatlari tushuntirildi.

Sud majlisining tayyorgarlik qismi iltimosnomalar bor-yo‘qligi to‘g‘risidagi masalani aniqlash bilan yakunlandi. So‘ngra rais tomonidan sud tergovi boshlanganligi e'lon qilindi.

Davlat ayblovchisi – Toshkent shahar Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Baxtiyor Yusupov ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

Dalillarni tekshirish tartibi belgilandi. Bu jarayon davomida sudlanuvchilar, fuqaroviy da'vogar, guvohlar va mutaxassislarning ko‘rsatmalari tinglanadi, shuningdek, ushbu ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar tekshiriladi.

Sudning keyingi majlisi 2018 yil 26 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid