O‘zbekiston | 15:10 / 11.08.2018
117407
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yuridik kolleji sobiq direktoriga hukm o‘qildi

10 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Uchtepa tuman sudida sudlanuvchilar, Toshkent yuridik kolleji sobiq direktori Natalya Temirova va shu kollejda ish yurituvchi kotib va xodimlar bo‘limi inspektori bo‘lib ishlagan Abdulazizjon Salimjonovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, o‘z nihoyasiga yetkazildi. Sud majlisiga sudya Bolat Sultonov raislik qildi.

Sud jinoyat ishini to‘liq o‘rganib chiqib, Natalya Temirovani O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 28-moddasi orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish), 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni va boshqalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) va 238-moddasida (yolg‘on guvohlik berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda, hamda A. Salimjonovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28-moddasi orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish) va 28-moddasi orqali 209-moddasida (mansab soxtakorligiga ko‘maklashish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topgan. 

Sud Natalya Temirovaga  O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi tegishli moddalarini qo‘llagan holatda 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 350 barobari miqdorida, ya'ni 52 421 250 so‘m (2017 yil oktabr holatidagi 149 775 so‘mdan) jarima va 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibdagi koloniyada o‘tash belgilandi.

Shuningdek, Abdulazizjon Salimjonovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 310 barobari miqdorida, ya'ni 46 430 250 so‘m (2017 yil oktabr holatidagi 149 775 so‘mdan) jarima jazosi tayinlandi va hukm o‘qildi.

Hukmdan norozi taraflar shikoyat yoki protest bildirishga haqliligi tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktabr oyida Toshkent yuridik kollejida 3 o‘quvchi o‘rtasidagi pichoqbozlik oqibatida bir o‘quvchi vafot etgan, yana biri og‘ir jarohatlangandi.

Sodir bo‘lgan mudhish voqeadan keyin Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur kollejda tekshirish o‘tkazilgani natijasida bu o‘quv maskanida boshqa jinoyatlar sodir bo‘layotgani ham aniqlangandi. Natalya Temirova «2-darajali adliya maslahatchisi» maxsus unvon martaba darajasidan mahrum qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod qilingan, 2017 yil 25 noyabr kunida u qamoqqa olingan va bir necha kishiga nisbatan jinoyat ishi ochilgandi.

Mavzuga oid