Jamiyat | 17:42 / 19.03.2018
11523
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 150dan ortiq taniqli tadbirkor ishtirokida maxsus tadbir o‘tkazildi

Joriy yilning 10 mart kuni Toshkent viloyati hokimligi binosida xorijiy va mahalliy tadbirkorlar hamda sarmoyadorlar ishtirokida maxsus tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Germaniya, Chexiya, Bolgariya, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Belaruc Respublikasi, boshqa qator davlatlardan 150dan ortiq tadbirkorlar qatnashdi.

Bundan tashqari, tadbirga qator mahalliy tadbirkorlar ham tashrif buyurishdi. Yig‘ilishdan maqsad O‘zbekistondagi qator sohalarni rivojlantirish uchun xorijiy investorlarni jalb etish hisoblanadi. Qayd etish lozimki, ushbu tadbirkorlarning aksariyati akademik Mirzakarim Norbekovning shogirdlari hisoblanadi.

Ochiq muloqot davomida Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari so‘zga chiqishdi. Ular mamlakatimizda qulay investitsion muhit yaratilgani va ilgari mavjud bo‘lgan to‘siqlar olib tashlangani haqida to‘xtalib o‘tishdi. Qator biznes vakillari esa o‘z g‘oyalari bilan ham o‘rtoqlashdi:

Konstantin (Rossiya Federatsiyasi):Bu yerda uyali aloqa kompaniyasini tashkil etib, foydalanuvchilarga arzon va sifatli internetni ta'minlab berish niyatidaman. Shu bilan bir qatorda, axborot texnologiyalarini jadallashtirishga xizmat qiluvchi bir qancha loyihalarimiz bor.

Andrey (Rosiiya Federatsiyasi): Moskva viloyatida asalarichilik bilan shug‘ullanaman. O‘zbekistonda ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun qulay hududlar ko‘p va bu yerda asalning noyob turlari mavjud. Maqsadim - mahalliy fermerlar bilan hamkorlik qilish hamda sohani yanada rivojlantirish. Keyinchalik asal va asal mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish niyatimiz bor.

Aleksandr (Belarus Respublikasi): Yurtingizda egiluvchan quvurlar va polietilen ishlab chiqaruvchi zavod qurmoqchimiz. O‘rta Osiyo mamlakatlarida bunday korxonalar mavjud emas. Agar loyihani amalga oshirsak, qo‘shni mamlakatlarga ham eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Mirzakarim Norbekov klubiga a'zo bo‘lgan boshqa tadbirkorlar hamda sarmoyadorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda boshqa takliflar ham bildirildi. Ularning ayrimlari hokimlik tomonidan ma'qullanib, hayotga tatbiq qilish to‘g‘risida o‘zaro ikki tomonlama kelishuvga erishildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid