O‘zbekiston | 09:45 / 22.03.2018
10410
2 daqiqa o‘qiladi

OTM harbiy tayyorgarlik bo‘linmalariga talabalar nechanchi bosqichda tanlab olinadi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarida rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturlari bo‘yicha o‘qitish uchun talabalarni saralash tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Nizomga asosan harbiy tayyorgarlik bo‘linmalariga talabalar tanlov asosida ikkinchi kurs oxirida belgilangan kvota doirasida tanlab olinadi.

Tanlovni o‘tkazish uchun oliy ta'lim muassasasida Mudofaa vazirligi markaziy apparati xodimi raisligida komissiya tashkil etiladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun talabalar ariza, pasport nusxasi, reyting daftarchasi nusxasi va 3x4 o‘lchamdagi fotosurat (6 ta) taqdim etishi lozim.

Tanlov tibbiy ko‘rik, shaxsiy-ruhiy o‘rganish, bilim darajasi natijalari, umumjismoniy tayyorgarlikni baholash, chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash kabi mezonlardan iborat bo‘ladi. Har mezonni o‘tkazish vaqti va joyi talabalarga 20 kun oldin yetkaziladi.

Tanlov natijalariga ko‘ra bayonnoma tuziladi va mazkur bayonnomaga asosan talabalar avgust oyining uchinchi  o‘n kunligida oliy ta'lim muassasasi rektori buyrug‘i bilan harbiy tayyorgarlikni o‘tish uchun qabul qilinadi.

Talaba tanlov natijasidan norozi bo‘lsa, tanlov natijalari e'lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida appelyatsiya berishi mumkin bo‘lib, appelyatsiya 24 soat ichida ko‘rib chiqilishi kerak.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid