Jamiyat | 23:52 / 28.03.2018
40415
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist Bobomurod Abdullayev qilmishi uchun jazo olishga tayyorligini bildirdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va amaldagi hukumatni ag‘darishga urinish kabi jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev 28 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi binosida qonun oldida o‘z qilmishiga javob berishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Usmon Haqnazar taxallusi ostida deyarli 12 yil davomida maqolalar yozib kelgan jurnalist Bobomurod Abdullayev 28 mart kuni o‘tkazilgan sud majlisida qonun oldida javob berishi shartligini tan oldi.

«Men yolg‘on va haqoratlarim uchun qonun oldida javob berishim shart. Aytmoqchimanki, jurnalist etikasiga xos bo‘lmagan tarzda ma'lumotlarni tekshirmay maqolalarni yozdim, ko‘p paytda maqolada nomi eslangan shaxslarni haqorat qildim. Biroq, hukumatni ag‘darish qo‘limdan kelmaydi. Hibsxonada saqlanayotgan kishilar bilan bir marta ko‘rishganmiz, ikkinchi marta shu yerda - panjara ortida. O‘ylab ko‘ring, xontaxta atrofiga yig‘ilgan 3-4 nafar o‘zbek lagandagi oshni ag‘darishi mumkin, hukumatni emas», deydi Bobomurod Abdullayev.

Jurnalistning aytishicha, maqolalarida keskin fikrlar bildirgani va haqoratlar mavjudligini u tan olsada, surishtiruv-tergov davrida fleshka xotirasidan topilgan radikal g‘oyalar aks etgan materiallar unga tegishli emasligini iddao qilmoqda.

«Kompyuter va telefonimni tintuv qilishda men ishtirok etmadim. Tergovning bu harakatlari menda shubha uyg‘otdi», deydi u.

Bobomurod Abdullayev Muhammad Solihdan maqolalarni tayyorlash uchun hech qanday pul olmaganini aytganidan so‘ng, Solihdan (Salay Madaminov) kitob tarjimasi uchun 5000 AQSh dollari olganini so‘zlab berdi.

Keyingi sud majlisi 29 mart kuni soat 10.00 boshlanadi.

Mavzuga oid