O‘zbekiston | 23:00 / 30.03.2018
13008
3 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziri qonunni qo‘llashda ikki xil yondashuvlar va salbiy tendensiyalar haqida so‘zladi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov «davlat organlaridagi, ayniqsa sudlar, boshqa huquqni muhofaza qilish organlaridagi sansalorliklar, har xil yondashuvlar» aholini qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalashga salbiy ta'sir ko‘rsatishini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XIV yalpi majlisida Adliya vaziri 2017 yilda huquqiy targ‘ibot va ma'rifatning holati haqidagi axborotni ma'lum qilib, o‘z nutqida quyidagilarni bildirdi: «​Statistika juda rang-barang, masalan, davlat organlari tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha 700 mingdan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, ularda 17 millionga yaqin aholi qamrab olindi, ommaviy axborot vositalarida 6129 marta chiqishlar qilindi, 24194ta maqola yozildi, 595 ming 791 marta og‘zaki huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Shu bilan birga savol tug‘iladi, natija qanday, bu boradagi samarani qanday baholaymiz?!

Afsuski, tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, oxirgi yillarda nafaqat huquqiy madaniyatni oshirishga erisha olmadik, balki bu borada aniq salbiy tendensiya yaqqol ko‘zga tashlandi.

Ko‘plab fuqarolarimizdagi boqimandalik kayfiyati, mehnatga munosabatlarida faol ishtiroki sustlashgani, bir tomondan bu jarayonga o‘z ta'sirini ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan davlat organlaridagi, ayniqsa sudlar, boshqa huquqni muhofaza qilish organlaridagi sansalorliklar, har xil yondashuvlar, qonunni qo‘llashdagi ikki xil standartlar, aholining qonun ustuvorligiga, qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalashga salbiy ta'sir ko‘rsatdi»​, deydi Ruslanbek Davletov.

Vazir shu kunlarda Bo‘ka, Qamashi, Qo‘shko‘pir, Marhamat va Qo‘shrabot tumanlarida istiqomat qiluvchi aholi vakillari o‘rtasida (1500 nafar kishini qamrab olgan) tashkil etilgan so‘rovlar natijasini oshkor etdi.

«So‘rovlar ham buni tasdiqladi. Respondentlarning 32 foizi Konstitutsiya qabul qilingan kunni to‘g‘ri ayta olmadi, javoblar ham oson qilib berilgandi, ya'ni yanvar, mart, dekabr oylari ko‘rinishida. Shuningdek, 63 foiz respondentlar esa qonunlarni qaysi organ qabul qilishi yuzasidan savolga noto‘g‘ri javob berdi», deb ta'kidlaydi Adliya vaziri.

Shuning uchun, ushbu huquqiy nigilizm illatlaridan xolis bo‘lish uchun, ishlash uslubini o‘zgartirayotgan Adliya vazirligi yondashuv va ishning ko‘lami, yo‘nalishlarini ham tubda o‘zgartirishini bildirdi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid