O‘zbekiston | 22:35 / 15.11.2022
12834
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonda diniy erkinlikka doir qonunchilik xalqaro standartlarga moslashtirilishiga umid bildirdi

Sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Siddiqov o‘tgan hafta AQShda bo‘lib, inson huquqlari tashkilotlari vakillari bilan uchrashib qaytdi. Tashrif AQSh komissiyasining O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha «maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar» ro‘yxatiga qaytarishga doir chaqirig‘idan keyin amalga oshirildi.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

5-6 noyabr kunlari O‘zbekiston adliya vaziri (endilikda sobiq) Ruslanbek Davletov va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Siddiqov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQShga tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) rahbariyati, Institut Global Engagement (IGE) va Xelsinki Komissiyasi ekspertlari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi doimiy a’zolari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda diniy erkinlikni ta’minlash sohasida qilinayotgan ishlar muhokama qilingan.

«Xususan, diniy erkinlikni ta’minlash sohasidagi islohotlar va diniy tashkilotlarga oid qonunchilikni liberallashtirish Amerika tomoni bilan atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekistonda diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalari alohida ta’kidlandi.

Komissiya a’zolari O‘zbekistonda diniy erkinlikni ta’minlash sohasidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha salmoqli sa’y-harakatlar amalga oshirilganini e’tirof etdi. Ular bu boradagi islohotlarni davom ettirish, qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish borasidagi sa’y-harakatlarga umid bildirdi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va AQSh diniy erkinliklarni himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun doimiy ishchi muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha AQSh komissiyasi (Xelsinki komissiyasi) vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilingan.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Bundan tashqari, Ruslanbek Davletov AQSh prezidentining maxsus yordamchisi Erik Grin va davlat kotibi yordamchisi Donald Lu bilan uchrashib, O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, inson huquqlari va diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashgan.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

6 noyabr kuni Ruslanbek Davletov AQShning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchisi Jonatan Xenik bilan ham uchrashgan. Bu haqda tvit qoldirgan Vashingtondagi O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov uchrashuv tafsilotlariga to‘xtalmagan.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, Xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha AQSh komissiyasi 2022 yil sentabr oyida O‘zbekiston bo‘yicha yangilangan hisobotini e’lon qildi. Hisobotda 2021 yilda O‘zbekistonda diniy erkinlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlasha boshlagani sababli komissiya AQSh hukumatiga mamlakatni diniy erkinlik bo‘yicha «maxsus kuzatuv ostidagi» davlatlar ro‘yxatiga qo‘shishni tavsiya qilgan.

«O‘zbekiston hukumati ma’lum ma’noda diniy erkinlikni isloh qilish bo‘yicha o‘zining ilg‘or dasturidan uzoqlashdi», – deyiladi hisobotda.

Hisobotda yangi tahrirda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunda bir qancha yangiliklar bo‘lsa-da, uni qabul qilishda BMT va YeXHT kabi xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari hamda xalqaro huquq normalari e’tiborga olinmagani qayd etilgan.

Xalqaro tashkilotning o‘rganishlariga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida 2200 ga yaqin dinga aloqadorligi taxmin qilingan siyosiy mahbuslar qolmoqda. Ularning ko‘pchiligi avvalgi rejim davrida hukm qilingan. Hisobotda, shuningdek, poytaxt Toshkent va ayrim hududlarda erkaklarni IIV muassasalariga olib borib, majburan soqolini oldirish amaliyoti davom etayotganiga e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, hisobotda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsati bilangina chet elda diniy ta’lim olish va har qanday materiallardan qo‘mita ruxsatisiz foydalanish hamda tarqatishning taqiqlanishi kabi holatlar qayd etilgan.

Joriy yil iyun oyida AQSh Davlat departamenti dunyoda diniy erkinlik holati bo‘yicha 2021 yil hisobotini taqdim qilgan edi. Unda ham O‘zbekiston diniy erkinliklar holati bo‘yicha salbiy xulosalar berilgan.

So‘nggi vaqtlarda, ijtimoiy tarmoq faollari IIV Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan xususiy o‘quv markazlari faoliyatiga aralashuvlar ko‘paygani, «dindor» deya taxmin qilingan blogerlar profilaktik suhbatlarga chaqirilayotgani haqida xabar qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSh davlat departamenti 2018 yil dekabrda O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha vaziyat «alohida xavotirga molik» mamlakatlar ro‘yxatidan («qora ro‘yxat») chiqargandi. 2020 yil dekabrda esa O‘zbekiston «maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar» ro‘yxatini («kulrang ro‘yxat») ham tark etdi.

2021 yil dekabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMT terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn mamlakatda ekstremizm va terrorizmga qarshi qonunlarni tubdan isloh qilish kerakligini tavsiya qilgan edi.

Mavzuga oid