Voqea Jizzaxda yuz bergan, tarbiyachi ishdan bo‘shatildi - Maktabgacha ta'lim vazirligi mojaroli videoga izoh berdi
2018 yilning 30 mart kuni ijtimoy tarmoqlarda “Tarbiyachi bolalarni urmoqda” sarlavhali videomaterial e'lon qilingan edi. Ushbu holat yuzasidan Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan tezkor guruh tuzilib, surishtiruv ishlari olib borildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar qilmoqda.
Surishtiruv davomida quyidagilar aniqlandi:
Mazkur videomaterial 2018 yilning 27 mart kuni Jizzax shahridagi №39 “Navro‘z” maktabgacha ta'lim muassasasida, ushbu bog‘chada hozirda amaliyot o‘tayotgan Jizzax davlat pedagogika instituti 1-kurs talabasi Sh.K. tomonidan suratga olingan va ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborilgan.
Videomaterialda mazkur bog‘cha tarbiyalanuvchilarini qo‘lidagi fayl papka bilan urayotgan tarbiyachi esa shu bog‘chada 2007 yildan buyon ishlayotgan oliy ma'lumotli, pedagog (Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagan), 1981 yilda tug‘ilgan Mohira Mamatqulova ekanligi aniqlangan.
Surishtiruv davomida, tarbiyachi M.Mamatqulovaning 11 yillik ish faoliyati davomida kamchilik kuzatilmaganligi, 2018 yilning 27 mart kuni esa u oilaviy muammolari tufayli asabiylashganligi va kayfiyati yo‘qligi sabab tarbiyalanuvchilarni qo‘l ishlatish yo‘li bilan tinchlantirishga harakat qilganligini bayon etgan.
Maktabgacha ta'lim vazirligi o‘tkazgan tezkor surishtiruv yakuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 4-qismiga binoan tarbiyachi Mohira Mamatqulova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, qonuniy chora ko‘rish uchun Jizzax shahar prokuraturasiga hujjatlar topshirilgan. Hozirda prokuratura organlari tomonidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, mazkur maktabgacha ta'lim muassasasining mudirasi vazifasini 2018 yilning 27 mart kunidan buyon bajarib kelayotgan Nafisa Gulmurotova, tarbiyachi yordamchisi Dilbar Xamroyeva hamda hamshira Gulnoza Xolmamatovalar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari ham bekor qilingan.
Bugun, 31 mart kuni Jizzax shahrida Maktabgacha ta'lim vazirligi rahbariyati, Jizzax viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi, tuman va shahar maktabgacha ta'lim bo‘limlari rahbarlari, Jizzax shahridagi barcha MTM mudiralari va tarbiyachilari (jumladan “Navro‘z” nomidagi №39 MTM xodimlari) ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, bunday noxush holatlarni takrorlamaslik va har bir xodim o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Yig‘ilish davomida o‘z ishida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Jizzax shahar maktabgacha ta'lim bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Qodirov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Mavzuga oid
20:04 / 21.11.2024
Otasining yoniga ko‘milgan qizaloqlar: opa-singil mast “poygachi”ning qurboni bo‘ldi
09:31 / 20.11.2024
Jizzaxda ikki bola mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi
09:00 / 13.11.2024
1,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi
09:25 / 06.11.2024