Light | 16:00 / 01.04.2018
24864
6 daqiqa o‘qiladi

Stressiz hayot: Milliarderlar stressga qarshi qanday kurashishadi?

Foto: Microsoft

Qanday qilib stressga qarshi kurashish va asosiy ishga e'tibor qaratish mumkin? BusinessInsider dunyoning eng mashhur ishbilarmonlarining shunga doir maslahatlari bilan bo‘lishdi.

Vaqti-vaqti bilan har birimiz stressga yo‘liqamiz. Ish, munosabatlar va moliyaviy muammolar — eng keng tarqalgan sabablardan hisoblanadi. Ish juda ko‘payib ketsa, diqqatni bir narsaga jamlash qiyinroq bo‘ladi. Bu siz vaqtida e'tibor qarata olmagan ish hajmining oshishiga olib keladi va odatiy ish faoliyati buziladi.

Yirik kompaniyalarning rahbarlari va ta'sischilari ham barcha insonlar kabi murakkab davrlarni boshdan kechirishadi, ularning har biri qiyinchiliklar bilan kurashishga doir o‘z usuliga ega. Quyida dunyoning eng badavlat kishilari qanday qilib stressga qarshi kurashishlariga oid ma'lumotlar taqdim etiladi.

Bill Geyts

Foto: Yana Paskova/Getty Images

Microsoft asoschisi Bill Geyts uyqu oldidan kitob mutolaa qilishni yaxshi ko‘radi. U soat nechada uxlashga yotishiga qaramay, kamida bir soat kitob mutolaa qiladi.

So‘nggi yillarda Geyts milliarder Uorren Baffetning maslahatlariga ko‘p quloq tutmoqda. Geytsning so‘zlariga ko‘ra, u Baffetdan atrofdagi narsalarga yengilroq qarashni o‘rgangan.

Uning hamma narsaning mohiyatini tushuna bilish xususiyati, haqiqatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan narsalar ustida ishlashi, asoslarni ishlab chiqishi — dahoning o‘ziga xos shakli.

 

Uorren Baffet

Foto: Rick Wilking/Reuters

Dunyoning eng omadli sarmoyadorlaridan biri Uorren Baffet — xilma-xil qiziqishlarga ega inson. U Havayi gitarasida o‘ynashni yaxshi ko‘radi va hatto jonli efirda ham uni chalib bergan.

Kaliforniya Universitetida o‘tkazilgan tadqiqotning ko‘rsatishicha, musiqiy asbobda o‘ynashni o‘rganish kabi mental-rag‘batlantiruvchi faoliyat stressni kamaytira olar ekan.

Sheril Sendberg

Foto: Flickr

Facebook ijrochi direktori Sheril Sendberg uchun nafaqat u amalga oshirayotgan ishlar, balki amalga oshirmayotgan ishlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. U tunda uyqu oldidan ijtimoiy tarmoqlarni ko‘zdan kechirmaslik, elektron xatlarni o‘qimaslik va telefonini o‘chirib qo‘yishga harakat qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, barchasini o‘chirib chetlashish qiyin, biroq bu odat o‘z ustunliklariga ega. Oxir-oqibat yaxshi tungi uyqu kelgusi kundagi stress-vaziyatlardan oson o‘tishga yordam beradi.

Tunda noutbuk qarshisida yoki telefon bilan o‘tirish juda zararlidir, zero tadqiqotlarga ko‘ra, yorug‘lik organizmga uxlashga yordam beruvchi melatonin gormonini ishlab chiqarishga xalaqit berar ekan. Tunda ekran qarshisida qancha kam vaqt o‘tkazsangiz, biologik soatlaringiz sizdan shuncha minnatdor bo‘lar ekan.

Jyek Dorsi

Foto: Kimberly White / Getty Images

Twitter hammuassisi va ijrochi direktori Jyek Dorsining aytishicha, u ko‘p ishlarni maxsus grafik yordamida uddalar ekan.

Dorsi vazifalarni haftaning muayyan kunlariga taqsimlashni yaxshi ko‘radi. Dushanba - uchrashuvlar uchun, seshanba - mahsulotlarni ishlab chiqish uchun, chorshanbada marketing vazifalar bajariladi, payshanbada u shaxsiy aloqalarini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanadi, juma kunlarini korporativ madaniyatni rivojlantirishga bag‘ishlaydi. Shanba kunlari u dam olishi mumkin, yakshanba kunlari esa personalni saralash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek New York Magazine jurnaliga ko‘ra, Dorsi har kuni ertalab 6 mil masofaga yuguradi.

Ilon Mask

Foto: Maurizio Pesce / Wikimedia Commons

2008 yilda jahon iqtisodiyoti u qadar yaxshi ko‘rinishga ega emasdi. Avtomobil kompaniyalari bankrotga uchradi, Tesla esa omon qolish uchun kurashayotgandi. O‘sha vaqtlar kompaniya bosh direktori Ilon Mask ajrim davrini boshdan kechirayotgandi. Shunga qaramay, u xotirjam qarorlar qabul qilib, vaziyatni yengish va kompaniya faoliyatini rivojlantirishning uddasidan chiqdi.

Uning siri nimada? Dublindagi sammitda Mask shunday degan: "Qo‘rquv tugaydi, umid esa hech qachon so‘nmaydi. Biz muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqamiz, biroq bu bizga harakat qilishga to‘sqinlik qilmaydi, - dedi u. - Qo‘rquv irratsional bo‘lsa, odamlar uni rad etishi kerak. Hatto u ratsional bo‘lsa ham, baribir harakatda davom etish kerak".

Jyeff Bezos

Foto: Getty Images

"Mening muayyan holatimda men ko‘p kulaman", - deydi Amazon asoschisi Jyeff Bezos Academy of Achievement'ga bergan intervyusi chog‘ida.

Shuningdek u stress ko‘pincha odamlar rad etishi kerak bo‘lmagan narsalarni rad etaverishlari natijasida yuzaga kelishini aytdi.

"Stress birinchi navbatda nazorat qila olmaydigan vaziyatingizga nisbatan hech qanday qaror qabul qilmasligingiz natijasida paydo bo‘ldi, - deydi u. - Men muammoni aniqlashim bilanoq uni bartaraf qilish uchun birinchi qadamni amalga oshiraman - bu yo birinchi qo‘ng‘iroq, yo elektron xat, yoki biror boshqa chora bo‘lishi mumkin. Hatto u darhol hal qilinmasa ham, bizning unga murojaat qilishimiz har qanday stressning oldini oladi".

Boshqacha aytganda, muammoni aniqlang, uni nazoratga oling va oldinga qarab harakat qiling.

Mavzuga oid

E`lonlar