Importga cheklovlar: mas’ul va faollar o‘rtasida qizg‘in tortishuv
Avtomobillar, konditsioner va muzlatkichlar, lift va eskalatorlar, bolalar tagliklari va tish cho‘tkalari... Bular – oxirgi paytlarda Texnik tartibga solish agentligi tashabbusi bilan importiga qo‘shimcha talablar kiritilgan mahsulotlarning ayrimlari.
Bu talablar, masalan, avtomobillar va tagliklar bozorida importning keskin qisqarishiga, maishiy texnikalar va liftlarning oylab bojxonada qolib ketishiga olib keldi. Kuni kecha Leapmotor C16'dan nuqson topilishi bilan joriy etilgan taqiq esa biryo‘la shu brendning barcha modellari importini to‘xtatib qo‘ya qoldi.
Bu mavzular muhokamasi tarmoqlarni qanchalik “yondirgan” bo‘lsa, soha mas’uli ishtirokida Kun.uz studiyasida kechgan “Kun podkasti” ham shunchalik qizg‘in kechdi.
Ochiq muloqot ishtirokchilari Texnik tartibga solish agentligi boshqarma boshlig‘i Alisher Dodoyev, jamoatchilik faollari – iqtisodchi Otabek Bakirov va avtodeklarant Azizbek Berdiyev bo‘ldi.
Davlat taqiq emas, talab qo‘ygan, uni hamma bajarishi kerak — agentlik
Alisher Dodoyev avtomobillar importiga joriy etilgan talablarni taqiq yoki notarif cheklov deb emas, iste’molchilar xavfsizligini ko‘zlab qilinayotgan chora sifatida talqin qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda amal qilayotgan qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi qarori asosida belgilangan texnik reglamentga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.
“2017 yildan beri o‘sha texnik reglament amalda bo‘lgan bo‘lsa, shu texnik reglamentga asosan avtotransport vositalarining muvofiqligini baholash ishlari amalga oshirib kelinadi. Bundan tashqari, yana bir qonunimiz bor. “Transport to‘g‘risida”gi qonun, ushbu qonunda ham belgilab qo‘yilganki, muvofiqligi tasdiqlanmagan, sertifikatlashtirilmagan transport vositalaridan O‘zbekistonda foydalanish taqiqlanadi. Ya’ni 2 ta qonun [“Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida” qonun ham], 1 ta Vazirlar Mahkamasining qarori bilan transport vositalarining O‘zbekistondagi muomalasi tartibga solinadi.
Shundan kelib chiqqan holda, “taqiq o‘rnatildi” degan so‘z noto‘g‘ri, hech qachon davlat taqiq o‘rnatmaydi. Davlat talab qo‘yadi, talabni bajarishi kerak: importyor ham, boshqaruvchi ham, sotuvchi ham, yetkazuvchi ham, ularning vakillari ham. Iste’molchilar oldida barchasi barobar javob beradi. Bu – Jahon savdo tashkilotining talablari, xalqaro tajribaga mos”, – deydi u.
Xalqaro tajriba talab hamma uchun bir xil bo‘lishini taqozo qiladi — iqtisodchi
Iqtisodchi Otabek Bakirov mas’ulning so‘zini bo‘lib, uning fikriga qo‘shilmasligini aytadi. Uning qayd etishicha, bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ham, importchilarga ham bir xil talablar qo‘yilgan.
“Ular O‘zbekistondagidek ishlab chiqaruvchiga yengil, importchiga og‘ir talablarni qo‘ymaydi. Shunday ekan, siz hozir qonunchilikdagi normativ-huquqiy hujjatlardan boshladingiz, aynan shu yerdagi “probellar” haqida ham aytishingiz kerak bo‘ladi. Nima uchun O‘zbekiston Respublikasidagi “ishlab chiqaruvchi”lar – men aslida ularni “chayqovchi” deb atayman – utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingan? Nima uchun ular import qilinayotgan avtomobillar singari barcha bosqichdagi chig‘iriqlardan o‘tmaydi?
Shu chig‘iriqlardan o‘tmasa, shunday imtiyozlar bo‘ladigan bo‘lsa, demak importga nisbatan qilinayotgan xatti-harakatlar taqiq va cheklov deb inobatga olinishi kerak. Hozir gap qonunchilikdagi iboralar haqida ketmayapti, amaliyot haqida gap ketyapti”, – deydi u.
Allaqachon turi tasdiqlangan avtomobilga yana sertifikat olish talabi ortiqcha — avtodeklarant
Amaldagi tartibga ko‘ra, rasmiy dilerlar muayyan rusumdagi avtomobil importi uchun bir marta turini tasdiqlash sertifikatini oladi va shu hujjat asosida 3 yil davomida ushbu modeldagi avtomobilni istagancha miqdorda, qo‘shimcha tekshiruvlarsiz olib kirish huquqiga ega. Agar xuddi shu avtomobilni jismoniy shaxslar olib kirsa, u holda bu mashinaning turi allaqachon tasdiqlanganiga qaramay, har bir jismoniy shaxs olib kirgan mashina alohida tekshiruvlardan o‘tadi. Bu mantiqsizlik, deydi “Autodeklarant” kanali muallifi Azizbek Berdiyev.
“BYD E2 modeliga turini tasdiqlash sertifikati berilgan, lekin nega men olib kelsam – ishlab chiqaruvchi ham, yuboruvchi ham rasmiy dilerniki bilan bir xil bo‘lsa-da – Piskent poligonidan testdan o‘tishim kerak?” – deya so‘radi u.
Dodoyev savolga javob berarkan, jismoniy shaxslar o‘zining nomiga, yakka tartibda olib kirayotgan avtomobillar O‘zbekiston uchun moslashtirilmaganini aytdi.
BYD kompaniyasining Xitoy bozori va eksport bozorlari, xususan O‘zbekiston uchun mo‘ljallab ishlab chiqargan avtomobillarida farqlar bor, masalan, dasturiy ta’minotning tili xitoycha emas, o‘zbek va rus tillarida bo‘ladi, deydi u.
Suhbat davomida mahalliy ishlab chiqaruvchining avtomobillari, masalan Damas'ning belgilangan talablarga mosligi, UzTest'ning regulyator agentlik tasarrufida ekani, Leapmotor'ga sertifikat berish to‘xtatilgani, texnik sinovlarning ochiq va shaffofligi, o‘tgan yili kuzatilgan maishiy texnikalar, liftlar va eskalatorlar importidagi qiyinchiliklar, bolalar tagliklari ham sinovdan o‘tkazila boshlangani, Texnik tartibga solish agentligining istiqbolda sohani qanday ko‘rayotgani va boshqa mavzular qizg‘in muhokama qilindi.
To‘liq suhbat bilan video orqali tanishishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Mavzuga oid

21:25 / 12.04.2025
Piskentdagi avtomobil sinovining videosi tarqaldi. Mas’ullar “noto‘g‘ri talqin” bo‘layotganini aytmoqda

21:10 / 12.04.2025
Yakuniy energotariflar, Tahoe defitsiti va $50 milliardga yaqin zaxira - hafta dayjesti

15:52 / 11.04.2025
Leapmotor avtomobillarining O‘zbekistonga importi cheklangani yuzasidan izoh berdi

09:00 / 07.04.2025