O‘zbekiston | 11:41 / 03.04.2018
80140
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident matbuot kotibi Jizzaxda prezidentga ko‘zbo‘yamachilik qilingani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Komil Allamjonov "Feysbuk"dagi rasmiy sahifasida chiqish qilib, o‘ziga kelayotgan murojaatlarga javoblarini berib o‘tdi.

U prezidentning navbatdagi tashriflari vodiy viloyatlariga bo‘lishini, lekin tashrif kunlari hozircha ma'lum emasligini bildirgan.

Prezidentning matbuot kotibi davlat rahbarining qaysidir viloyatga tashrifi oldidan ko‘zbo‘yamachiliklar qilinishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirgan.

Uning aytishicha, «prezident tashrifi arafasida yomon holatdagi yo‘llarni kosmetik ta'mirlash» vaqtinchalik chora sifatida baholanishi kerak. Matbuot kotibi bu orqali internetda yomg‘ir ostida yo‘llarni ta'mirlash holati videosi tarqalganiga munosabat bildirdi.

«Iltimos qilardik-ki, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarda vaqtinchalik ta'mirlash ishlarini to‘g‘ri qabul qilgan holda, asosiy e'tiborni prezidentimiz borgan manzillarda yo‘q joydan xalq uchun barpo etilgan korxonalar, uylar va boshqa obektlarga qaratsak, nur ustiga a'lo nur bo‘lardi», degan u.

U, shuningdek, prezident borgan viloyatlarda yo‘llar yoqalarida «bir kunlik issiqxonalar» haqidagi xabarlarni «bo‘rttirilgan» deb atadi.

«Menimcha, bunday materiallar bo‘rttirilgan ma'lumotlar asosida. Chunki, borgan hududlarimizda ko‘rgan issiqxonalarimiz avvaldan bor issiqxonalardir. Material prezident o‘tadigan yo‘llar yoqalarida vaqtinchalik issiqxonalar qurilgani haqida bo‘lsa kerak. Agar rostdan o‘sha issiqxonalar hozir yo‘q bo‘lib qolgan bo‘lsa, buzib tashlangan bo‘lsa, buni aniqlab, tegishli choralar ko‘riladi. Lekin, agar o‘sha issiqxonalar prezident tashrifida qurilgan bo‘lsa ham, ozroq kutish kerak, agar o‘sha issiqxonalarda nimadir ekilgan bo‘lsa, u unib chiqishini kutish kerak», deydi Allamjonov.

Prezident matbuot kotibi xorij nashrlarida Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidagi to‘qimachilik sexidagi vaziyat xususida tarqatilgan xabarga to‘xtalib o‘tdi.

Bunday xabarlarda Jizzaxda ham «prezident uchun shou uyushtirilgani», «kollej o‘quvchilari ishga tushmagan zavod ishchilari rolini o‘ynab berishgani» haqida aytilgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Keyingi masala, kuni-kecha Jizzax viloyatiga tashrifimiz vaqtida biz borgan tikuv sexi haqida «bu yerda ko‘zbo‘yamachilik bo‘lgani, u yerda ishlayotgan o‘quvchilar ishchilar emas, kollej o‘quvchilari bo‘lgan», deyishdi.

Bundan bizning xabarimiz bor. Bu tikuv sexi 10 oy davomida qurilgan, lekin hali ushbu sex yuz foiz quvvatda ish boshlagani yo‘q. Korxona rahbarlari ushbu jarayonda atrofdagi hududlardan ishsiz xotin-qizlarni, shuningdek, kollejlar talabalarini ish o‘rgatish maqsadida jalb etishgan. Ular keyinchalik ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Hozir faqat tayyorgarlik jarayoni ketmoqda.

Aytishim kerakki, yillar davomida to‘plangan muammolar bir kunda, bir haftada, bir oyda hal bo‘lib qolmaydi. Vaqt kerak. Shuning uchun, vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda, vaziyatga faqat bir tomonlama emas, chuqurroq qarab baho berishga, munosabat bildirishga, bugun yurtboshimiz olib borayotgan ishlarda yelkadosh va ko‘makdosh bo‘lishga chaqiramiz», deya so‘zlarini yakunlagan prezident matbuot kotibi.

Mavzuga oid