Jahon | 08:10 / 05.04.2018
16625
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda rossiyalik oligarxlar so‘roq qilindi

Robert Myuller/Foto: Getty Images

AQShning “Rossiya ishi” bo‘yicha maxsus prokurori Robert Myuller jamoasi rossiyalik kamida ikki nafar oligarxni so‘roq qilgan. Bu haqda CNN vaziyatdan tanish manbalarga asosan xabar bermoqda.

Shu bilan birga, so‘roq qilingan rossiyaliklar ismi oshkor etilmadi. Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, tergovchilar ulardan birini Nyu-York aeroportida, u o‘zining shaxsiy samolyotida qo‘nganida so‘roq qilishgan. Ular ushbu shaxsning elektron qurilmalarini ham ko‘zdan kechirishgani aytilmoqda.

Rossiyalik yana bir fuqaro ham AQShga kirish chog‘ida so‘roq uchun to‘xtatilgan. Bundan tashqari, Myullerning tergovchilari so‘nggi vaqtlarda Qo‘shma Shtatlar hududida bo‘lmagan yana bir oligarxga ko‘ngilli ravishda uchrashuv o‘tkazish borasida murojaat yo‘llashdi.

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, “Rossiya ishi” bo‘yicha tergovchilarni oligarxlar Donald Tramp kampaniyasini moliyalashtirishga pul ajratgani bilan bog‘liq masala qiziqtiryapti – bevosita yoki bilvosita yo‘l orqali. Ta'kidlanishicha, avvalroq Myuller jamoasi rossiyalik boylarga qiziqayotgani haqida ma'lum qilinmagandi.

Mavzuga oid