O‘zbekiston | 12:28 / 07.04.2018
20155
5 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabz shahridagi eski masjid xalq tashabbusi bilan fayzli maskanga aylandi (fotojamlanma)

Umr davomida bir yerni obod etish shu umrning besamar ketmaganligidan dalolat beradi. Bunyodkorlik qilish esa umr shami o‘chgach ham unga savob yetib turishiga sabab bo‘ladi. Agar u Allohning uyi – masjid bo‘lsa, bu savob miqdori ming chandon ortadi.

Shahrisabz shahrida 1994 yilda xalq hashari yo‘li bilan qurilgan, ammo oradan vaqt o‘tib, ta'mirlanmay va hatto imom-xatibsiz qolgan masjid bugunga kelib shaharning eng ko‘rkam, ozoda va namozxonlar ko‘p tashrif buyuradigan maskaniga aylandi. Bu haqda “To‘raboy oxun” jome masjidi imom-xatibi Shuhratxon Hafizov shunday deydi:

- 1998 yilda O‘zbekistondagi barcha masjidlar qayta ro‘yxatdan o‘tsin degan qaror chiqdi. Shunda “To‘raboy oxun” jome masjidi eng birinchilardan bo‘lib, Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tdi. Men bu yerda 2002 yildan buyon faoliyat yuritib kelyapman. O‘shanda masjidda uch mahal namoz o‘qilar, shunda ham jamoat miqdori 10 kishidan oshmas edi. Bundan tashqari, masjid hovlisi chakalakzor bo‘lib, hufton namoziga kelganlar bir-ikki kishi bo‘lib hovliga kirishmasa, bir kishi kirishga qo‘rqardi. Masjid ayvonsiz, bitta xonadan iborat edi. Tahoratxona ham haminqadar ishlardi.

Oradan bir necha yil o‘tdi. Bu yerni obod qilish maqsadida 2008 yilda xalq bilan maslahatlashgan holda masjidning tom qismini ochib, uni gumbaz shaklida yopishga qaror qildik. Ishlar ikki yilga cho‘zildi. 2010 yilda tashqi ko‘rinishidan uydek shaklda bo‘lgan bino, gumbazli, chiroyli masjid ko‘rinishiga keldi. Keyinchalik ham vaqt o‘tgan sari turli ishlar amalga oshirilib, masjid obodonchiligiga e'tibor berib kelindi. Ustozimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatulla Usmonov, Shahrisabz tuman bosh imom-xatibi Fazliddinxon Muxtorov va boshqa ustozlarning tavsiya va nasihatlari asosida masjid faoliyatida ko‘zga ko‘rinarli ijobiy ishlar amalga oshirildi, - deydi Shuhratxon Hafizov.

2017 yilda masjid hayotida yangilanish davri bo‘ldi. Ramazon oyida imom-xatib tashabbusi bilan “Xayriya marafoni” tashkil etildi. Unda masjidni to‘la ta'mirlash, ayvonlar tashkil etish, tahoratxonani yangilash ishlari uchun xayriya va homiylikka tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar ixtiyoriy jalb qilindi. Bu ishlar besamar ketmadi...

Bugunga kelib “To‘raboy oxun” jome masjidi ko‘zni quvontiradigan darajada obod, fayzli va ko‘rkam qiyofaga kirdi. Tahoratxona namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida qayta ta'mirlandi. Masjid dizaynida zamonaviylik va milliylik uyg‘unligi aks etdi. Va bu ishlarning barchasi xayriya va homiylik yo‘li asosida tashkil etildi.

- Kuni-kecha O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan ilmiy-o‘quv semenari videoselektor tarzida bo‘lib o‘tdi, - deydi masjid imom-xatibi. – Unda aytildiki, agar qaysi masjidda imkoniyat bo‘lsa, o‘sha yerda boshlang‘ich Qur'on darslari, hadis ilmi o‘qitiladigan kurslar ochilsin. Men masjidimizning ma'naviyat xonasini qayta ta'mirlab, u yerda dars olib boradigan sharoit yaratib, bu yerda Qur'on o‘qitiladigan kurs tashkil etmoqchiman.

O‘zbek xalqi bunyodkor xalq. Bu haqda juda ko‘p gapirilgan. Buning amaliy ifodasini “To‘raboy oxun” jome masjidi misolida ko‘rish mumkin. Bugun bu fayzli maskanda namozxonlar o‘z ibodatlarini besh mahal ado etib, Allohga hamdlar aytib, yurt va oilalari haqiga duoda bo‘lishmoqda.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid