Jahon | 01:19 / 10.04.2018
7284
2 daqiqa o‘qiladi

2017 yilda tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 314 mlrd dollarga baholandi

Foto:Interfaks

2017 yilda dunyoda yuz bergan tabiiy ofatlar avvalgi yillarga nisbatan kamroq qurbonlarga olib kelgan, biroq ulardan ko‘rilgan zarar moddiy jihatdan eng yiriklaridan biri bo‘ldi. Bu haqda Luven katolik universitetining falokatlar epidemiologiyasi tadqiqot markazi (CRED) hisobotida aytilgan.

Toshqinlar va to‘fonlar, ko‘chkilar va boshqa bir qator tabiiy ofatlar o‘tgan yilda 9503 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. CRED ma'lumotlariga ko‘ra, bu qiymat Haitidagi 2010 yildagi zilzila kabi o‘ta halokatli hodisalar qayd qilingan 2007 yildan 2016 yilgacha davr ichida o‘rtacha yillik 68 ming qurbondan ancha kamroqdir. Birgina Haitidagi zilzila 225,5 mingdan ko‘proq odamning hayotini olib ketgan. Myanmadagi “Nargis” siklonidan esa 2008 yilda 138,4 ming kishi halok bo‘lgan.

2017 yilda eng ko‘p tabiiy ofatlar Osiyoda kuzatilgan – 136 ta (dunyodagi umumiy tabiiy ofatlarning 43 foizi). Ulardan 25 tasidan Xitoyda 15 mln kishi jabr ko‘rgan. Hindistonda 15 ta tabiiy ofat 2,3 ming qurbonga olib kelgan va 22,5 mln kishiga ta'sir qilgan.

2017 yil yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha 1900 yildan keyin 2-raqamlisi bo‘ldi. CRED mutaxassislari 2017 yilda 96 mln kishiga ziyon yetkazgan 318 ta ofatdan 3 ta eng vayronkorini alohida qayd qilishgan, bular: “Xarvi”, “Irma” va “Mariya”.  Ushbu dovullar 2017 yil avgust va sentabr oylarida Karib dengizi uzra o‘tib, AQSh sohillariga yetib borgan. Ular yetkazgan zarar mos ravishda 95, 66 va 69 mlrd dollarga baholangan. 2017 yilda ofatlardan ko‘rilgan umumiy zarar esa 314 mlrd dollarni tashkil qilgan.  

Mavzuga oid