Taxiatosh tumanida Kushon davriga oid qal'a qoldiqlari topildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hududidan 2000 yillik tarixga ega Kushon imperiyasi davriga oid qal'a qoldiqlari topildi. Ayni paytda bu yerda taniqli arxeolog olim, O‘zbekiston Qahramoni G‘ayratdin Xo‘janiyazov rahbarligida vaqtinchalik arxeologik ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori Yesimqan Qanaatov Kun.uz'ga ma'lum qildi.
«Shu yil boshida, aniqrog‘i, 4 yanvar kuni Taxiatosh tumani hokimligidan tuman hududidan eski kulolchilik idishlari topilgani haqida qo‘ng‘iroq qilib aytishdi. Shu kuni topilgan ko‘zalarni menga olib kelib ko‘rsatishdi. Ertasiga o‘sha yerga borib hududni ko‘zdan kechirdik. Haqiqatdan ham bu yerda eski tarix izlari namoyon bo‘layotgandi.
Qoraqalpog‘istonda chin ma'noda arxeologiya ishlari o‘tgan asrning 36-37 yillari boshlangan bo‘lsa, shu kungacha Taxiatosh tumani hech bir arxeologning nazariga tushmagan. Sababi bu yerda ko‘zga ko‘rinib turgan devorlar yoki qal'a qoldiqlari yo‘q edi. Mana biz tuman hokimining iltimosiga binoan bu yerda vaqtinchalik arxeologik ishlarini olib bordik va bu yerdan yoshi 1800-2000 yillarga borib taqaladigan tarixiy yodgorliklarni topdik», deydi arxeolog G‘.Xo‘janiyozov.
Taxiatosh tumanining «Keneges» ovul fuqarolar yig‘ini hududidan topilgan qadimiy qal'a mahalliy aholini ham befarq qoldirmadi. U yerdan topilgan esdaliklar tuman xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 4-umumta'lim maktabi muzeyiga topshirilmoqda.
Mazkur muzey 2010 yilda maktabning tarix fani o‘qituvchisi Aralboy Nurjanovning tashabbusi hamda direktori Gulshod Iztleuovaning qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etilgandi. Hozirda bu yerda 1500 dan ziyod eksponat saqlanmoqda. Mo‘'jazgina muzeyda topilmalardan tashqari qadimiy milliy liboslar, taqinchoqlar, mehnat qurollari bilan tanishish mumkin.
«O‘rta asr arab yozma manbalarida Mizdaqxon (Hozirgi Xo‘jayli tumani markazi) o‘zining hududi va aholi soni bo‘yicha Qiyat va Gurganjdan (Qo‘hna Urganch) so‘nggi Janubiy Orol bo‘yidagi uchinchi shahar ekani qayd etiladi. Mizdaqxon hududida 1200 ovul-shahar bo‘lgan. Bizningcha, shulardan biri hozirgi Taxiatosh tumani hududida bo‘lgan bo‘lsa kerak. Chunki, Taxiatosh shahri qadimiy shahar qurilishiga ega bo‘lgan hududda barpo etilgan. Unga 2000 yili shahar hududidan topilgan (Ketmonchi bobo mozori) eramizning II-IV, VII-IX, X-XIV asrlariga oid buyumlar misol bo‘la oladi. 2012 yili tog‘ boshidagi Ketmonchi-2 mozori qoshidan o‘rta asrlarga oid minora qoldiqlari ham aniqlangan edi. Tarixiy manbalardan o‘rta asrlardagi xalqaro karvon yo‘lining bir qismi Buxoro – Varaxsha – Qizilqum – Shoraxan (To‘rtko‘l) – Kat (Shobboz-Beruniy) – Nuzkat – Vayxan – Nuqbog‘ – Mizdaqxon (Xo‘jayli) – Gurganj (Qo‘hna Urganch) yo‘nalishida o‘lkamiz hududidan o‘tgani ma'lum. Bizning fikrimizcha, Nuqbog‘ (Toza bog‘) Taxiatosh tumani hududiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Albatta, buni hali vaqt ko‘rsatadi», deydi G‘.Xo‘janiyozov.
Qadimiy sirlarni asrlar bo‘yi qo‘ynida saqlab kelgan Taxiatoshda maxsus arxeologik amaliyotlar kelgusi yillarda qayta davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, Taxiatosh tumani hududidan XII-XIII asrlarga oid buyumlar qoldig‘i topilganligi haqida avval ham xabar berilgandi. Endi Taxiatoshning yoshi faqat 1000 yilliklar bilan emas, balki 2000 yil va undan ham uzoqroq vaqtlar bilan o‘lchanishi mumkin.
Mavzuga oid
18:08 / 17.10.2024
O‘zboshimchalik 6,5 yil qamoq va qariyb 7 mlrd so‘mga tushdi
23:37 / 14.09.2024
Olimlar 50 ming yil g‘orda izolyatsiyada yashagan neandertallar qoldiqlarini topdi
11:37 / 17.08.2024
Shotlandiya orollarida Yerdagi muzlik davriga oid muhim dalillar topildi
10:14 / 09.07.2024