O‘zbekiston | 01:03 / 16.04.2018
84689
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zMTRK rahbariyatida yana o‘zgarish

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdusalom Shodmonov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Kun.uz axborot manbasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zMTRK raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Abdusalom Shodmonov joriy yilning 13 aprel kuni ishdan bo‘shatildi. Ayni paytda bunga nima sabab bo‘lgani oshkor etilmayapti.

Kun.uz axborot manbasi tanishib chiqqan hujjatda Shodmonovning lavozimdan bo‘shatilishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan tasdiqlangani aytiladi. Kompaniya rasmiy saytida esa rahbariyatdagi o‘zgarish haqida rasmiy ma'lumot mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, O‘zMTRKda qisqa muddat ishlagan Xurshid Mirzohidov o‘tgan yilning 2 avgust kuni teleradiokompaniya rahbarligidan ketgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, uning o‘rniga 12 yil davomida televideniyega rahbarlik qilgan Alisher Xo‘jayev tayinlangani ma'lum bo‘lgandi. 

Mavzuga oid