Shifoxona ta'mirlanishi sabab Jahon bankidan kredit olgan firma bankrot bo‘lishi mumkin
O‘zbekiston o‘z rivojlanishining jadal islohotlar bosqichiga kirdi. Har bir sohada ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar taqdim etish borasida davlat rahbariyati tomonidan jadal islohotlar olib borilyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev deyarli har bir chiqishida “bitta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘tarib yurishga tayyorman”, deya tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga katta turtki bermoqda. Buni e'tirof etish kerak, ammo... ba'zi noxush holatlarni o‘rganish chog‘imizda, ayrim idoralarning tadbirkor muammosiga barmoq orasidan qarayotgani tadbirkorning asab buzishiga, vaqt va salohiyatini biznesini rivojlantirishga emas, muammoni hal qilishga sarflayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Toshkent shahrining Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 35-A uy manzilida joylashgan “Ravshan Yodik Production” MChJ karton qutilari, plyonka mahsulotlari va granulalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Firmada asosan yoshlardan iborat 51 kishi mehnat qilib, ular tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlar respublikadagi mijozlar qatorida xorijdagi xaridorlarga ham yetkazib berilmoqda. Xususan, Isroil va Xitoyga 100 ming AQSh dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilingan.
Afsuski, so‘nggi vaqtlarda ushbu firma osmonini “qora bulutlar” qoplagan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. MChJ joylashgan hamda Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankidan olingan jami 1 mln AQSh dollariga yaqin kredit uchun kafolat sifatida qo‘yilgan manzil, ya'ni ishlab chiqarish va boshqa yordamchi binolari Toshkent Ruhiy kasalliklar shifoxonasi ta'mirlanishi munosabati bilan buzilishga tushgan. Firma joylashgan hudud binolardan tozalanib, uning o‘rnida ochiq turdagi avtomobil turargohi barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Buni 2018 yil 26 yanvar kuni Toshkent shahrida qurilish va obodonlashtirish ishlarining borishi to‘g‘risida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilish bayonidagi qayddan ham bilsa bo‘ladi.
Biz vaziyatni o‘rganish maqsadida “Ravshan Yodik Production” firmasiga tashrif buyurdik. Kichik korxonada ishlab chiqarish jarayoni deyarli avtomatlashtirilgani, ishchilar o‘z mehnatidan ko‘ngli to‘qligi, ular uchun taqdim etilgan shart-sharoitlar, oylik ish haqlari qanoatlantirayotgani, 3 mahal issiq ovqat, uzoqdan keluvchilar uchun transport vositasi mavjudligi ham tadbirkorlik faoliyati to‘g‘ri tashkil etilganini ko‘rsatadi. Gapning indallosini aytganda barchasi risoladagidek yo‘lga qo‘yilgani kishini quvontirdi. Ishchilarning 60 foizdan ortig‘i yoshlarni tashkil etadi.
Ma'lum bo‘lishicha, konvertatsiya ochilib, so‘m devalvatsiya bo‘lganidan so‘ng, MChJ kredit olgan bankiga murojaat qilib, kredit muddatini 5 yildan 10 yilga uzaytirishni so‘ragan. Shu vaqtda, bank xodimi mijoziga ularning kafolatga qo‘yilgan ishlab chiqarish korxonasi buzilishga tushganini bildirgan. Biz firma muammolariga oydinlik kiritish niyatida MChJ rahbari Rustam Bo‘riyev bilan suhbatlashdik.
“Bizning muammomiz nimadan iborat? Firmamiz Jahon bankidan import o‘rnini bosuvchi qog‘oz va karton mahsulotlari ishlab chiqaramiz, deb 500 ming AQSh dollari miqdorida texnologiyalar olish uchun kredit olganmiz. Hozirda, 20 vagonda keltirilgan asbob-uskunalar joylashtirilmoqda. Korxonamiz joylashgan bino va inshootlar bankka kafolatga qo‘yilgan. Jami 920 250 AQSh dollari miqdorida kredit olingan”, - deydi Rustam Bo‘riyev.
Uning aytishicha, ayni vaqtda Toshkent shahar Binolardan foydalanish departamenti korxonani buzish kerakligini aytmoqda, biroq ishlab chiqarishni qayerga ko‘chirish borasida jo‘yali fikr yoki taklif bildira olgani yo‘q. Bo‘riyevga ko‘ra, Departament 0,018 ga maydondagi yaqindagina ta'mirdan chiqarilgan bino va inshootlar uchun Sergeli tumani Do‘stlik mavzesi 27-A uy, 7-mavze 31-A uy va Yashnobod tumani Oqdaryo ko‘chasi 120-uy manzili bo‘yicha joylashgan 1 va 2 xonali kvartiralarni taklif qilgan.
Mazkur ma'lumotni Toshkent shahar Binolardan foydalanish departamentining biz suhbatlashgan xodimi ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Departament o‘z ixtiyorida bo‘lgan bino va har qanday ko‘chmas mulkni binosi buzilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorga taklif qiladi. Qabul qilish yoki qilmaslik, tadbirkorning ixtiyorida bo‘ladi. Departament korxona asbob-uskunalarini joylashtirish va ishlab chiqarishni davom ettirishi uchun “nol” qiymatda binolar taklif qilmagani bizni ajablantirdi. Tashkilot xodimi, bunday binolar yo‘qligini bildirdi.
Firma rahbari, ayni vaqtda qanday yo‘l tutishni bilmayotganini yozg‘irib so‘zlar ekan, korxona buzilsa, ishlab chiqarish to‘xtashini, kredit bo‘yicha to‘lov yaqinlashib kelayotgani (har olti oyda 50 ming AQSh dollari to‘langani) bois, har bir soniya hisobda ekani, binolar buzilsa, bankning kafolatini, kreditini kim to‘lashini o‘ylab, o‘yiga yeta olmayotganini ta'kidlaydi. Bu esa, yaxshigina faoliyat yuritib, ishlab kelayotgan korxonaning kasodga uchrashini anglatadi.
Holat yanada aniqroq bo‘lishi uchun tasvirchimiz bilan Toshkent Ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasiga borib, qanday ta'mirlash va qurilish ishlari olib borilmoqda, degan savol bilan bosh shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Xayrulla Husanxo‘jayevga murojaat qildik.
Bosh shifokor so‘zlaridan barchasi belgilanganidek olib borilayapti, degan xulosaga kelish mumkin. Lekin “Ravshan Yodik Production” MChJ duch kelgan holatga jiddiyroq yondashilsa, nafaqat 50 dan ortiq ishchining kelajakdagi ish bilan bog‘liq taqdiri, balki firmaning kasodga uchrash ehtimoli, uning xalqaro moliya muassasalaridan olgan kreditini to‘lash kabi o‘ta muhim masala ham kun tartibiga chiqadi.
Chunki, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun binosi buzilayotgan shu kabi firmalar misolida O‘zbekistondagi investitsiyaviy muhitga ham baho beriladi. Xorijiy sarmoyador O‘zbekistonga sarmoya yotqizishdan avval yanada ehtiyotkorroq bo‘la boshlaydi, nazarimizda, xalqaro bank muassasalari ham kredit ajratishdan avval talablarni yanada kuchaytira boshlashi ehtimoli ortadi. O‘zbekistonga xorij investitsiyalarini jalb etish ustida islohotlar olib borilayotgan bir vaqtda xalqaro banklardan kredit olgan ushbu firma muammosiga jiddiy e'tibor berish lozim bo‘ladi.
Mazkur maqola yozilishi jarayonida “Ravshan Yodik Production” MChJ rahbari bilan telefon orqali yana bir bor suhbatlashdik. Rustam Bo‘riyev Bosh vazir Abdulla Aripov qabulida bo‘lgani, Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga ham o‘z muammosini shaxsan tushuntirganini bildirdi. Uning aytishicha, J.Qo‘chqorov masalani ijobiy hal etish maqsadida topshiriqlar bergan.
KUN.UZ sayti “Ravshan Yodik Production” MChJ duch kelgan muammo o‘zining ijobiy yechimini topishiga ishonch bildirib qoladi hamda bu masalaga yana qaytadi.
Tolib Rahmatov
Mavzuga oid
15:42 / 29.06.2024
“Elektroset” ogohlantirmasdan svetni o‘chirsa, javobgarlikka tortish taklif etilmoqda - biznes ombudsman
08:08 / 10.06.2024
Toshkentda tadbirkorning 325 mln so‘mini o‘zlashtirgan ekspeditor aniqlandi
19:38 / 08.06.2024
Yakuniy benefitsiarlarni ochiqlash haqidagi qonun taqdiri nima bo‘ldi?
15:40 / 05.12.2022