Jamiyat | 22:09 / 22.04.2018
85985
5 daqiqa o‘qiladi

«Fonogramma​» navbati Navoiyga: ramziy kalit bor, uy esa yo‘q

O‘ksik qalbni shod aylash vayronaga aylangan joyni obod etganchalik qadrlanadi. Hayotning katta-kichik tashvishi, turmushning qiyinchiliklari oldida ojiz qolgan inson kimningdir yaxshi so‘zi yoki yordamiga muhtoj bo‘ladi. Oramizda «Har kim aravasini o‘zi tortsin-da» qabilida munosabat bildirilganda ham O‘zbekistonda haqiqiy demokratiya qanday qurilishi lozimligini Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatdi.

Gap shundaki, prezident tashabbusi bilan og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi ishlab chiqildi.

Tegishli hujjat e'lon qilinishi bilan internet nashrlar, O‘zMTRK, bosma OAV vakillari tinmay mana shu tashabbus haqida turli mazmundagi materiallarni e'lon qildi. Har bir kishini xursand qiluvchi shunday qarorlar hududlarda birdek ijro etilmayotgani haqida bundan oldin xabar qilgandik. Endi «fonogramma» navbati Navoiy viloyati Nurota tumaniga yetibdi...

Voyaga yetmagan qizlari bilan ijara asosida olingan uyda (aslida yashash uchun sharoit ham bo‘lmagan, nomiga bir «uy») yashab kelayotgan Mahbuba Tog‘ayeva ham hukumat marhamati bilan uy-joyli bo‘lib olishini eshitib quvondi. 

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda  u ko‘ziga yosh oldi. Aytgancha, u ko‘zi ojiz bo‘lishiga qaramay, kasanachilik asosida tikuvchilik bilan shug‘ullanadi.

«Prezident haqiga ko‘p duo qildim, Alloh shunday ne'matga bizni ham sazovor etibdi. Fartuk tikish ham qiyinlashib bormoqda, ko‘zimda nur qolmagan. Qishning sovuq kunlari o‘y surib qolardim: menga bir nima qilsa, bolalarim nima qiladi? Ularga kim g‘amxo‘rlik qiladi», deydi u.

Mahbuba opaning turmush o‘rtog‘i vafot etgach, oilaning musibati yana ko‘paydi: bitta ham boquvchisi bo‘lmagan ayol ijtimoiy nafaqa puliga (nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladi) yashashni boshladi. Qolaversa, o‘sib kelayotgan qizlar bor. Shu paytda uy-joy haqida yangilik paydo bo‘ldi, hujjatlar rasmiylashtirildi. Sertifikat berildi, kalit ham berishdi. Biroq...

«Uy-joy uchun boshlang‘ich badal to‘langani haqidagi sertifikat berildi. Bir necha marta hujjatlarga imzo chekdim, tilxat yozdirib olishdi. Ammo uydan darak yo‘q. Ko‘p oylar o‘tdi, mutasaddilarga uchrasam, jyerkib berishadi. «Ko‘zing ko‘rmay qolmasin» deb masxara qilishdi. Qizlarimga aytmadim, ammo juda xafa bo‘ldim. Nahot, menga uy berilgani yolg‘on edi», deb ko‘z yoshini yashirolmadi suhbatdoshimiz.

Nurota tuman hokimining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari shu masala bo‘yicha Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashib, o‘sha kalit ramziy ma'noda berilganini ta'kidladi.

«Albatta, Tog‘ayevaga uy beriladi. Tez orada mazkur inshoot qurilishi rejalashtirilgan. U kalit esa ramziy ma'noda bo‘lgan. Hokimlik boshlang‘ich badalni to‘lab bergan-ku», deydi u.

Kun.uz muxbiri qiziqqan masala boshqa bo‘ldi: Mahbuba Tog‘ayevaga uy-joy yetmay qolgan bo‘lsa, ayni paytda xonadonlar kimlarga berildi? Bu borada hokimlik vakillari biroz labini tishlab, javob berolmay qoldi.

«Men u paytda ishlamagandim, barcha hujjatlarni hokimning sobiq o‘rinbosari tayyorlagan», deb vaziyatdan quruq chiqmoqchi bo‘lgan «yangi» o‘rinbosar oxir-oqibat hokimlikda mavjud ro‘yxatni taqdim etdi.

Ma'lum bo‘lishicha, uy-joylarga egalik qilayotgan kishilar orasida og‘ir ijtimoiy ahvolda bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki shu tasnifdagi aholi vakillari besh nafarni ham tashkil etmaydi.

Hokimlik mantig‘iga ko‘ra, bir hovlida yashab turgan, o‘z nomida uy-joy bo‘lmagan oilaga ham xonadonlar berilgan. Ammo, ro‘yxatga nazar tashlaganda, hech qaysi oilada Mahbuba opaning sharoitini topmadik, hatto boquvchisi bo‘lib, turmush o‘rtog‘i bilan farzandlarini tarbiyalab turgan ayollarga xonadon ajratilgan.

Xulosa qilib aytganda, islohotlar o‘z yo‘liga, ammo uning ijrosi ustidan qattiq nazorat o‘rnatilmasa, tashabbus va o‘zgarishlar «mevasi» boshqa og‘izga borib tushaverishda davom etyapti. Amalda esa Mahbuba opaga o‘xshagan insonlarga «ramziy kalitlar» taqdim etilib, bahonalar ko‘paymoqda.​

Mavzuga oid