Jamiyat | 15:17 / 23.04.2018
22667
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston pochtasi»dan rekord: buyurtmali xat Sirdaryodan Samarqandga 7 oyda yetkazildi

Mamlakatda «O‘zbekiston pochtasi» AJ mahalliy va xalqaro jo‘natmalarni tez muddatlarda foydalanuvchilarga yetkazish uchun keng imkoniyatlarga ega. 

Lekin, ba'zi hollarda bo‘lsin jo‘natmalarning o‘z vaqtida manziliga yetib bormayotgani bilan bog‘liq holatlar uchrab turibdi, deyiladi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi saytida.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari soqasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining Samarqand viloyat hududiy bo‘linmasiga ham bu borada fuqarolar haqli e'tiroz va shikoyatlari bilan murojaat qilmoqda.

2018 yil 23 mart kuni Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro F.A. o‘z nomiga Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumanidagi Sardoba aloqa bo‘limidan 2017 yilning 15 avgust kuni yuborilgan RA128684767UZ raqamli buyurtmali xat yetib kelmaganligi to‘g‘risida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining 1144-raqamli «Ishonch telefoni»ga murojaat kelib tushdi.

Fuqaro murojaatini o‘rganish jarayonida, uning nomiga Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumanidagi Sardoba aloqa bo‘limidan 2017 yilning 15 avgust kuni yuborilgan buyurtmali xat 2017 yilning 22 avgust kuni «O‘zbekiston pochtasi» AJ Samarqand tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasining Saralash va yetkazish uchastkasiga kelib tushgani, biroq Ishtixon tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasining mansabdor shaxslari va mas'ul xodimlarining o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaraganligi tufayli ushbu xat egasiga yetkazilmagani aniqlandi. 2018 yilning 26 mart kuni Inspektsiyaning Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi xodimlari tomonidan murojaat o‘rganilib, 7 oy 11 kun kechikkan pochta fuqaroga topshirildi.

Vaholanki fuqaro F.A. kutayotgan ushbu xatda unga zarur bo‘lgan hujjatlar yuborilgan bo‘lib, xatni so‘roqlab bir necha marotaba Ishtixon tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasining mas'ul va mansabdor shaxslariga murojaat qilgan va ushbu xat Ishtixon tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasida asossiz ravishda saqlangan.

Ma'lumot uchun, inspeksiyaning Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasiga joriy yilning 1-choragi davomida 362ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 26tasi pochta aloqasi xizmatlariga tegishli bo‘lgan.

 

Mavzuga oid