Jahon | 09:29 / 27.04.2018
13179
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Pompeo va Kim Chen Innning uchrashuvidan suratlarni e'lon qildi 

Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders AQShning yangi davlat kotibi Mayk Pompeoning Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashuvidan suratlarni e'lon qildi. 

Suratlarda ikki siyosatchi Shimoliy Koreya yetakchisi qarorgohi intererlari fonida qo‘l siqishib turishgani tasvirlangan. Izohga ko‘ra, suratlar Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Pompeoning Shimoliy Koreyaga 31 mart-1 aprel kunlaridagi tashrifi vaqtida olingan. 

Foto:Twitter /Sarah Sanders‏

“Pompeoni davlat kotibi lavozimiga tasdiqlashgani ajoyib bo‘ldi. U Koreya yarimorolini yadroviy qurolsizlantirish bo‘yicha sa'y-harakatlarimizga boshchilik qilishda AQSh prezidentiga yordam berib, a'lo darajadagi ishni bajaradi”, deb yozgan Sanders.

Foto:Twitter /Sarah Sanders‏

“Ular (Shimoliy Koreya hukumati) Pompeo u yerda bo‘lganda uchrashuv tashkillashtirishdi. Ularning uchrashuvi bir soatdan ko‘proq davom etgan. U, shuningdek, Shimoliy Koreyadagi hamkasblari bilan suhbatlashgan. Bu ajoyib uchrashuv bo‘lgan”, deb izoh bergandi ushbu uchrashuvga Donald Tramp. 

O‘tgan hafta Shimoliy Koreya yadroviy va ballistik raketalari sinovlarini to‘xtatishini va Pxungeridagi yadroviy poligonini yopishini e'lon qilgandi. Ayni vaqtda Koreyalararo sammitdan keyin AQSh va Shimoliy Koreya yetakchilari uchrashuvini o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.   

26 aprelda AQSh senati Pompeoning nomzodini AQSh davlat kotibi lavozimiga tasdiqladi. Kechki payt AQSh Oliy sudi vakili Pompeodan qasamyod qabul qilgan, shundan keyin u o‘zining yangi vakolatlarini bajarishga kirishgan.

 

Mavzuga oid