Jamiyat | 16:42 / 29.04.2018
27673
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida haydovchi tuman YHXB boshlig‘iga tan jarohati yetkazdi

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani IIB YHXB boshlig‘i A.Sarimsoqov 2018 yil 14 aprel kuni soat 08:30larda xizmat vazifasini Oqqo‘rg‘on tumani markaziy dehqon bozori bo‘ylab olib borayotganda, Quyi Chirchiq tumani, Qizilsharq qishlog‘i, Beshovul ko‘chasida yashovchi 1994 y.t A.I. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashinasini to‘xtatish taqiqlangan joyga kelib to‘xtab turganligi holati yuzasidan tegishli chora ko‘ri shuchun avtomashinaning oldiga kelgan.

Shunda A.I. avtomashinani harakatga keltirib, dastlab 3 metr masofada orqaga harakatlantirib, so‘ng oldinga siljiganida A.Sarimsoqov A.I.ning avtomashinasini oldi eshigida ushlab ichkarisiga kirgan holda avtomashinani to‘xtatishga harakat qilgan vaqtda A.I. boshqaruvidagi avtomashinani harakatga keltirib, chamasi 200 metr masofagacha A.Sarimsoqovni avtomashinaga osilgan holatda yonma-yon harakatlanib ketishi natijasida unga tan-jarohat yetkazib, uning qonuniy faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatgan.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, A.Sarimsoqovning olgan tan-jarohatlari og‘irlik darajasi bo‘yicha yengil tan-jarohati toifasiga kirishi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 2018 yil 27 aprel kuni Oqqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tergov bo‘limi tomonidan A.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 219-moddasining 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Mavzuga oid