Jamiyat | 18:09 / 01.05.2018
63667
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 6 yoshli qizcha enaganing vahshiyligi sabab vafot etdi

Samarqandlik 32 yoshli U.O. insonlarning farzandlariga enagalik qilish bilan pul topib kelgan. Payariq tumanidan bo‘lgan O.P. esa o‘zining 6 yoshli qizchasini ushbu enagaga topshirib, o‘zi chet el safariga ketadi. So‘nggi oylarda enagaga qizchaning onasidan kelishilgan pul yetib kelmay qoladi, natijada enaga U.O. 6 yoshli S.S.dan alamini olib, unga zo‘g‘im o‘tkazadi va muntazam ravishda uni kaltaklaydi. 

Hattoki enaga qaramog‘ida bo‘lgan paytda qizcha og‘ir kuyishni boshidan o‘tkazadi. Tanasining 36 foizi kuygan qizchani enaga U.O. shifokorga ham ko‘rsatmaydi. Endigina 6 yoshni qarshi olayotgan S.S. mana shu kabi zo‘g‘imlarga bardosh bera olmay, vafot etadi.

Qizcha vafot etgach, U.O. turmush o‘rtog‘i M.O. bilan Samarqand tumani Katta Turkman qishlog‘i qabristoni qorovuli K.T.ga murojaat qilgan. Ammo K.T. marhum vafot etganligi haqida shifokor xulosasini so‘ragan. IIB tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng jinoyat fosh bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida o‘tkazilgan sud jarayonida mazkur jinoyat ishi o‘rganilib, ayblanuvchi U.O. ikki yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Mavzuga oid