Jamiyat | 16:09 / 02.05.2018
41235
8 daqiqa o‘qiladi

Bilsa hazil, bilmasa chin: qiymati milliardlab so‘m bo‘lgan gaz quvurlari talon-taroj qilinganmi?

KUN.UZ tahririyatiga respublikaning turli nuqtalaridan murojaatlar kelib tushmoqda. Xaqli murojaatlarni o‘rganish uchun mazkur hududlarga xizmat safarlari uyushtirib turamiz. Bu safar Samarqand viloyatiga tashrif buyurdik. Boisi, biz tashrif buyurgan hudud faollari tuman hududidan o‘tgan kamida 5 kilometrdan ortiq jamoa mulki - gaz quvurlari ba'zi mansabdor shaxslar tomonidan yo‘qotib yuborilganligi haqida murojaat qilishgan edi.

Viloyatning Jomboy tumani “Beshbola” mahallasi faollari bilan uchrashuvda ular muammoni yotig‘i bilan tushuntirishdi. Aytishlaricha, Jomboy tumaniga 1968 yil Bulung‘ur tumani hududidan gaz tortib kelingan. O‘sha vaqtlar xususiy mulk bo‘lmaganligi sababli bu mulk jamoa mulki sifatida hudud balansida turgan. Mazkur quvurning uzunligi 11,5 kilometr bo‘lib, uning diametri 219 millimetr, qalinligi 8 millimetrni tashkil qilgan. Ba'zi noma'lum sabablarga ko‘ra, 2017 yildan mazkur hududlarda gaz berilishi butunlay to‘xtatilgan. Gaz quvuridan umuman foydalanmay qo‘yilgan. Hozirda esa aholi kuz-qish mavsumini o‘tin bilan o‘tkazib kelmoqda.

Tegishli idoralarning bir necha qaror, buyruq va farmoyishlariga asoslanib, tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlardagi gaz quvurlari va gaz taqsimlash qurilmalarini demontaj qilish (tugatish) to‘g‘risidagi topshiriqlarining ijrosini ta'minlash maqsadida, mazkur hududlarda gaz quvurlarni kesish yoppasiga “Markazgazta'minot” unitar korxonasining demontaj qiluvchi ishchi guruhi tomonidan boshlab yuborilgan. Unitar korxona endi hududdagi gaz trubalarini o‘z balansiga o‘tganligini ta'kidlashgan. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik qonunchiligi bo‘yicha unitar korxonada o‘ziga biriktirilgan mulkka nisbatan mulk huquqi bo‘lmaydi. Ya'ni, korxona mulkni sotish huquqiga ega emas. Biroq korxona allaqachon qonunni chetlab o‘tishni boshlab yuborgan.


Tuman hokimligidan kelib gaz quvurlarini kesayotgan shaxslarga arizachilar murojaat qilgan chog‘da ular yuqoridan topshiriq kelganligini aytishib, hech qanday hujjatlarni ko‘rsatmay, kesilayotgan quvurlar Urgut tumanida olib borilayotgan qurilish ishlariga ishlatilishini aytishgan. Lekin bu hududning keyinchalik gaz bilan ta'minlanish masalasi o‘ylab ham ko‘rilmagan. Aholining murojaat qilmagan tashkiloti qolmagan. Murojaatchilar eng quyi pog‘onadan boshlab eng yuqori pog‘ona vakillarigacha murojaat qilib kelgan. 2017 yil Bosh prokuraturadan kelgan shaxslar xalq qabulida bo‘lgan paytda ularga uchta papkadan iborat hujjat (murojaatlar, javob xatlari va boshqalar) ko‘rsatilganda, vakillar hujjat bo‘yicha 1128 metrga gaz quvurlari kesib olinishiga ruxsat berilganligini aytib, qolganini nega kesishadi, biz buni, albatta, oxiriga yetamiz, deb va'da berishgan. Vaziyat o‘sha-o‘sha, va'da esa kun sayin qarimoqda. Ortiqcha kesib olingan quvurlar miqdori o‘sha vaqtda taxminan erkin baholovchilar tomonidan 3 milliard so‘mdan ortiqqa baholangan. Muammo shu kungacha ijobiy hal etilmagan.


Quvurlar kesishi so‘nggi bor taxminan bir oy avvalga qadar ham davom ettirilgan. “O‘zbekneftgaz” Milliy holding kompaniyasi “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filialidan kelgan shaxslarga aholi qarshilik qilib, ularni quvurlarni kesishlariga jim qarab turmagan, jarayonni to‘xtattirib qo‘ygan. Ular esa tuman hokimi va yuqori tashkilotdan kelgan buyruqqa ko‘ra, tumandagi favvora qurilishiga ishlatish uchun quvur kesib olishi kerakligini aytgan. Aholi qarshiligi va Bosh prokuratura ishonch qo‘ng‘irog‘iga murojaat qilingach kesish ishlari to‘xtatilib, kesilgan quvurlar mahalla hududiga olib keltirilgan. Mulk talon-taroj qilinishi tinmay davom etib kelgan. Hududga bir necha bor tuman hokimiyati, tuman gaz vakillari kelib kesishni davom ettirishga uringan. Davlat mulki emas, shaxsiy mulk ham emas. Olaver, kamayib qolmaydi, tarzida kesib olish ishlari davom ettirib kelingan.

Tuman aholisiga gaz berish masalasi ochiqligicha qolmoqda. Aholining tayyor gaz quvurlari o‘g‘irlanmoqda, talon-taroj qilinmoqda. Hududdagi huquqni muhofaza qiluvchi ba'zi organlar befarq, hech qanday chora ko‘rmay kelmoqda. “Jomboygaz” tashkiloti esa ichki ishlar bo‘limidan kesib olishda amaliy ko‘mak so‘ragan. Hayriyatki, tuman ichki ishlar bo‘limi qonuniy asossiz quvurlarni kesib olishga yordam berilmaydi, deb javob qaytargan deydi mahalla faollaridan biri.
Biz gaz trubalari kesib olinishi boshlangan hududga bordik. Boshlanishi va oxirgi kesib olingan hudud masofasini o‘lchadik. Rostdan ham kilometrlab gaz trubalar yo‘q bo‘lib ketgan. Mazkur muammolarni o‘rgangach, izoh so‘rab tumangazga bordik. U yerdagi qorovul tashkilot boshlig‘i ishdan chiqib ketgan, qayerda ekanligini bilmaymiz, deb aytdi. Keyin tuman hokimiyatiga bordik. U yerda tuman hokimiga duch kelmadik. Hokim o‘rinbosari bilan suhbat chog‘ida quvur bilan bog‘liq barcha ma'lumotni viloyatgaz biladi, degan javob oldik. Ular bilan telefon orqali so‘zlashganimizda gaz trubalari asosli kesib ishlatilmoqda, deb aytishdi. Lekin hujjatlarini ko‘rsak bo‘ladimi deyishimiz bilan bunaqa hujjatlar mavjud emasligini ta'kidlashdi. Xullas tuman, viloyat mansabdor shaxslari murojaat qilgan insonni bir-biriga yuzlantirib, biz bilmaymiz ular bilishadi qabilida ish tutib kelishgan va biz ham shu o‘yinda qatnashdik, taqdir ekan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, o‘rganilgan muammo juda jiddiy. Prezident xalq roziligi hammasidan ustunligini aytmoqda. Biroq Jomboy aholisi esa bunday o‘zboshimchaliklardan juda norozi. Adolat o‘rnatilishini istaydi, xolos. Mansabdor shaxslarning barchasi olib borilayotgan islohotlarni anglab yetishini xohlaydi. Tashkilotlar esa bunga befarq. Gap milliardlab summa ustida ketmoqda. Bunday ketishda qolgan gaz quvurlarining kesilib ketmasligiga kim kafil bo‘la oladi? Bu savolga javob berish ham amri mahol. O‘ylaymizki, mazkur muammo tez orada o‘z yechimini topadi. Aybdorlar o‘z ayblariga yarasha jazo olishadi.

P.S.: Maqola yozilishi chog‘ida Jomboy tumani "Beshbola" mahallasidan qo‘ng‘iroq qilishdi. Aytishlaricha, tuman hokimi mahalla raisi Anvar Farmonovni soliq tushumlarini bajarmaganligi vaji bilan o‘z vazifasidan bo‘shatgan. Mahalla raisi ham ishdan bo‘shaganini tasdiqladi. Tuman soliq inpektsiyasi bajarishi lozim bo‘lgan ish uchun mahalla oqsoqoli ishdan olinishi kulguli holat. Qo‘ng‘iroq qilgan fuqaroga ko‘ra, tuman hokimi Umidjon Nazarov mahalladan “yuqoriga” ko‘p murojaatlar bo‘layotgani, qolaversa gaz quvuriga doir o‘rganishlarga javoban shunday chora ko‘rishga qaror qilgan. Yana kim bilsin?!

Zafarbek Solijonov

Mavzuga oid