Jamiyat | 11:31 / 03.05.2018
71624
13 daqiqa o‘qiladi

Uy buzib tashlangan, bolalar ko‘chada qolgan. Sarson bo‘lgan oila qismati

“O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan”. Yangiyo‘l tumani fuqarolari J.Shukurov va M.Dehqonboyevaning boshidan kechirayotganlarini o‘rganish jarayonida bu maqol bejizga aytilmaganiga ishonch hosil qildim.

Uy buzib tashlangan. Oila bir yildan ortiq vaqtdan beri ko‘chada. Yer kodeksining 91-moddasiga asosan hokim qarori bilan buzilgan uy uchun tovon puli ham to‘langan. Mulk qiymatiga doir konsalting firmasining hokimiyat ixtiyoriga berilgan baholash bo‘yicha original hujjatlari negadir yo‘qolgan. Qizig‘i, baholashni o‘tkazgan firmada ham uning ikkinchi asl nusxasi “tasodifan” topilmayapti.  

KUN.UZ saytiga Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi Ma'mura Dehqonboyeva murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangiyo‘l tuman hokimligi M39 “Toshkent-Termiz” avtoyo‘lining qizil chizig‘ida joylashgani uchun 3 xonali uyini buzib tashlagan. Hokim qarorida uy o‘zboshimchalik bilan qurilgani sababli buzilayotgani ta'kidlanganiga qaramay, keyinchalik uy egasiga tovon puli berishgan va yer ajratib berish bo‘yicha tuman hokimi qarori loyihasi ham ishlab chiqilgan.

Ayni vaqtda hujjatga tuman hokimligi mutasaddilarining barchasi imzo chekkaniga qaramay, tuman hokimi A.To‘xtaboyev nima uchundir qarorga imzo chekib, M.Dehqonboyevaga uy-joy qurish uchun yer ajratib berish o‘rniga, uni paysalga solib kelmoqda. Biz vaziyatni yaqqolroq tasavvur qilish maqsadida M.Dehqonboyeva istiqomat qilib kelgan Yangiyo‘l tumani “Mirzo Ulug‘bek” MFY “Sho‘ralisoy” qishlog‘ida joylashgan M39 “Toshkent-Termiz” avtoyo‘li yoqasidagi hududga bordik.

M.Dehqonboyeva hamda turmush o‘rtog‘i Jamol Shukurovning ta'kidlashlaricha, barchasi ularning biznes loyihalarini hayotga tatbiq etish borasida harakatlaridan boshlangan. Ularga ko‘ra, oila o‘zlarining xususiy bizneslarini yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu hududda qurilish ishlarini loyiha asosida boshlab yuborgan vaqtlarida ayrim talabgorlar paydo bo‘lib, 15 ming AQSh dollarigacha taklif etishgan. Biroq yosh oila kelajakka ishonch bilan qaraganlari hamda biznes loyihalari muvaffaqiyat qozonishiga qattiq ishonganlari uchun boshlagan ishlarini o‘zlari davom ettirishni xohlashgan. Shu boisdan ham yerni sotish bo‘yicha takliflarni rad etishgan.

“Biz eski hovlimizning orqa tomonidan ham o‘zimizga turar-joy, uning yon tomonidan 3 qavatli bino qurish istagida edik. Binoning loyihasini ham chizdirib, shu bo‘yicha qurilish ishlarini boshlab yuborgandik. 3 qavatli binoning birinchi qavatida avtotexxizmat shoxobchasi, do‘kon, ikkinchi qavatida tikuvchilik sexi, uchinchi qavatida fitnes zali tashkil etishni rejalashtirgandik, - deydi M.Dehqonboyeva. – Biznes loyihamiz foyda keltirishiga ishonchimiz komil edi. Biroq keyingi ishlar bularning bari xomxayol ekanini ko‘rsatdi”.

Suhbatdan so‘ng, murojaatchilar taqdim etgan hujjatlarni ko‘zdan kechira boshlaymiz. Dastlab, Yangiyo‘lning sobiq hokimi S.Abdullayev tomonidan 2017 yil 21 iyunda imzolangan 845-son qarori haqida. Unda M.Dehqonboyeva o‘zi yashab turgan uyini buzish evaziga namunali uy-joy berishni so‘rab, murojaat qilgani aytiladi. Bundan tashqari, “AVTOMAGISTRAL” IFYQTBning texnik xulosasi ham hokim qaroriga asos qilib ko‘rsatilgan va Yer kodeksining 91-moddasiga binoan “Yangiyo‘l tumani “Sho‘ralisoy” qishlog‘i Mirzo Ulug‘bek nomli mahalla fuqarolar yig‘ini “Dehqonobod” ko‘chasi 74-uyda yashovchi fuqaro Dehqonboyeva Ma'muraning 2017 yil 20 iyundagi arizasiga asosan “Dehqonobod” ko‘chasi 74-uyni buzishga rozilik berilsin va hk”, deyiladi.

Shu o‘rinda, Yer kodeksining 91-moddasida nima yozilganiga oydinlik kiritib ketamiz. Unda shunday deyiladi:

“91-modda. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari ularga g‘ayriqonuniy ravishda egalik qilingan va foydalanilgan vaqtda qilingan sarf-xarajatlar qoplanmagan tarzda tegishliligiga ko‘ra qaytariladi.

Yer uchastkalarini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish, shu jumladan undagi imoratlarni buzish yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi”. Bir qarashda qaror to‘g‘ri chiqarilgan. Biroq M.Dehqonboyeva bu yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olmaganini tasdiqlovchi hujjatlarga egaligi (tuman kadastr bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi va oldi-sotdi shartnomasi) ishni pachavasini chiqargan, deyish mumkin.

“Dastavval hokim bizlar yo‘qligimizda kelib, qaynonamga uyni 3 kun ichida bo‘shatib qo‘yishni aytgan. Keyinchalik, bizga kuchli bosim bo‘lgani bois, farzandlarimizni o‘ylab, uyni tark etdik. Biroq bunchalikka boradi, deb o‘ylamagandik. Biz yo‘g‘imizda uyni buzdirib tashlab, yer bilan tekislab ketishdi. Uyni sotishga rozilik bermaganim uchungina boshimga shuncha kulfat tushmoqda”, - dedi Dehqonboyeva.

Murojaatchi uyining noqonuniy buzilishi munosabati bilan viloyat hokimligiga borgan va bir necha marotaba viloyatning o‘sha vaqtdagi hokimi Sh.Boboyev qabulida bo‘lgan. Boboyev oila boshiga tushgan kulfatdan xabar topgach, Zangiota tumanidan namunali uy taklif qilgan. Bundan tashqari, buzilgan uy qiymati, ya'ni tovon puli to‘lash bo‘yicha viloyat hokimi va tuman hokimining farmoyishlari chiqarilib, jami 109 mln so‘m miqdorda kompensatsiya to‘langan.

Toshkent viloyatining hokimi oilaga Yangiyo‘l tumanidan uy-joy qurish uchun yer ajratilishi, ularga yetkazilgan zarar qoplanishi bo‘yicha 2017 yil 7 iyulda 287-f farmoyishini imzolagan. Yangiyo‘l tumanining sobiq hokimi S.Abdullayev ham 2017 yil 11 iyulda shoshilinch ravishda pul to‘lash bo‘yicha 270-f farmoyishini imzolagan. Ammo keyinchalik, Sh.Boboyevning vazifasidan olinishi bilan Zangiota tumanidan navbatdan tashqari namunali uy-joylardan berish bo‘yicha ko‘rsatmasi amalga oshmay qolgan.

Murojaatchilarga ko‘ra, mol-mulk qiymatini “Appraisal Group” MChJ mustaqil baholash tashkilotining Mirg‘iyos ismli (familiyasi saytga ma'lum) xodimi joyga chiqmasdan baholab, xulosa yozib bergan. “Aslida, deydi Ma'mura Dehqonboyeva, ushbu baholovchini ham bizga tuman hokimligi yuristi tavsiya qildi. Chunki boshqa baholash firmalari bizning uyimiz buzilib ketganligi bois, baholashni rad etayotgan edi”.

Biroq bularning bari “holva” ekani keyinchalik bilina boshladi. Er-xotin farzandlaridan birini Shahrisabzga yuborgan, yana bir farzandi bilan Yangiyo‘l shahridagi talabalar turar joyida istiqomat qilmoqda (insoniylik nuqtai nazaridan talabalar turar joyidan ularga vaqtincha istiqomat qilishlari uchun joy berilgan). Afsuski, mazkur maqola yozilayotgan vaqtda, er-xotin farzandi bilan ko‘chada qolganini, turar joyidan ham chiqarib yuborilganlarini telefon orqali ma'lum qilishdi.

Gapni qisqa qilganda, viloyatning yangi hokimi bir necha kunlik muddat bilan fuqarolarga uy-joy qurish uchun yer ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berganiga qaramay, tuman hokimligida bu buyruqlar qog‘ozda qolib ketavergan. Hattoki, tuman hokimining yer ajratish bo‘yicha qaror loyihasining asl nusxasi va unga ilova qilingan hujjatlarning originali da'vogarlar qo‘lida.

Murojaatchilarga ko‘ra, ular viloyat hokimi ko‘rsatmasiga binoan yerni qachon ajratishini so‘rab, tuman hokimi A.To‘xtaboyev qabuliga kirishganida yuzaga kelgan tortishuv tufayli hokim qo‘lidagi hujjatlar to‘plamini murojaatchilarga berib yuborgan (otib yuborgan demadim, chunki ko‘rmaganman, guvohim bo‘lmaganidan keyin, qonunchiligimizga ko‘ra, tuhmat bo‘lib qoladi. Da'vogarlarning aytganlari ham e'tiborga olinmaydi, chunki ular da'vogar).

Xullas, ularga ajratish belgilangan yer uchastkasi ham (Yangiyo‘l tumani Chortoq mahallasidagi namunali uylar yonidan 10 sotix yer) tumanning barcha mutasaddilari rozilik bildirib, imzo qo‘yganlariga qaramay, birgina hokim imzosi bo‘lmagani tufayli boshqalarning ixtiyoriga o‘tib ketgan. Murojaatchilar ayni vaqtda ularga berilishi belgilangan yer maydoni devor bilan o‘rab olinganini aytishdi. Axir, bu yerning berilishi uchun Dehqonboyevadan “Toshkentboshplanliti” DUKdan maxsus xat ham so‘ralgan edi.

Biz bu kabi mashmashalar qanchalik haqiqatga yaqinligini bilish uchun Yangiyo‘l tuman hokimligiga bordik va hokim A.To‘xtaboyev bilan uchrashish niyatida ekanimizni yordamchisiga bildirdik. “Hokim buva” respublikadan kelgan mulozim bilan yurganligi, birozdan keyin kelishini aytishdi. Keyinchalik, bugun kelolmasligi, kelsa ham juda kech kelishini bildirishdi. Bizga tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Akramovni tavsiya qilishdi. Biz Aziz akaning xonasiga kirishga ulgurmasimizdan, tuman hokimi A.To‘xtaboyev xonasidan shoshgancha chiqib ketdi, uning sharpasini ko‘rib qoldik, xolos.

Xullas, tuman hokimi o‘rinbosari A.Akramov yer berilishi kerakligini aytmoqda. Biroq buning uchun 109 mln so‘mlik tovon pulidan 78 mln so‘mini qaytarish lozim. Hokimlik yuristining tushuntirishicha, Dehqonboyevaga tegishli mol-mulk baholanganida yerdan foydalanish huquqi ham qo‘shib hisoblangan.

“Aslida buning uchun tovon puli to‘lanmasligi kerak”, - deydi hokimlik yuristi.

Biz hokim o‘rinbosaridan baholovchi firma taqdim etgan hujjatning originalini ko‘rsatishni so‘raganimizda, u noma'lum sabablarga ko‘ra, yo‘qolganini aytdi. Qizig‘i shundaki, ushbu hujjatning yana bir original hujjati firmaning o‘zida ham g‘oyib bo‘lgan. Viloyat hokimligi o‘z navbatida baholash noto‘g‘ri o‘tkazilganini aytgan va qaytadan baholash o‘tkazishni talab qilmoqda.

Ayni damda ham tuman hokimligi viloyat hokimining yer ajratish bo‘yicha ko‘rsatmasini ko‘r-ko‘rona inobatga olmay, belgilangan yerni ajratishni paysalga solmoqda.

Axir, tasavvur qiling, tumanning barcha mutasaddilari rozilik bildirgan yer maydonini taqdim etish asossiz vaj bilan (ortiqcha to‘langan tovon pulini qaytarish) ortga surilmoqda. Natijada M.Dehqonboyeva va uning turmush o‘rtog‘i J.Shukurov o‘zlari rejalashtirgan ishlarini amalga oshirish u yoqda tursin, farzandlari bilan yana bir oila bo‘lib yashash baxtidan ham mosuvo bo‘lmoqda. Ta'kidlash o‘rinliki, ushbu oilaning boshidan o‘tkazayotganlarini bir-ikki sahifaga joylab bo‘lmaydi. Biz imkon qadar qisqartirishga harakat qildik.

O‘ylaymizki, ushbu muammo tez orada o‘zining ijobiy yechimini topib, vatandoshlarimiz uyli bo‘lishadi. Tadbirkorlik borasida o‘zlari rejalashtirgan ishlarni ham amalga oshirishadi. Biz esa, bu oilaning uyi buzilishidagi e'tiborga molik jihatlarni yana bir bor qayd etmoqchimiz:

  • Yer kodeksining 91-moddasi asosida uy buzilgan (o‘zboshimchalik bilan egallab olingani iddao etilgan qarorda)
  • Byudjyet kodeksi, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq tovon puli to‘langan (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer yuqorida o‘zboshimchalik bilan egallangani ta'kidlangan edi)
  • Tovon puli to‘landi, uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratish paysalga solina boshlandi (hokimlik tomonidan uy uchun tovon puliga yer puli ham qo‘shib hisoblangani aytilib, 78 mln so‘mni qaytarish lozimligi ta'kidlandi)
  • Biroq 78 mln so‘mni qaysi hisob raqamiga nima asosda o‘tkazish, buning uchun hokimlikdan hujjat so‘ralganida taqdim etilmadi
  • Tovon pulini hisoblab bergan firmada ham hokimlikda ham mol-mulk qiymati aks etgan hujjatning asl nusxalari noma'lum sabablarga yo‘qoldi

Tolib Rahmatov

Muhammadjon G‘aniyev

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid