O‘zbekiston | 20:48 / 03.05.2018
11871
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Koreya Respublikasining Shimol bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Son Yon Gil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlar ekan, Janubiy Koreya rahbariyati va xalqini joriy yil 27 aprel kuni Pxanmunjomda Koreyalararo sammit muvaffaqiyatli o‘tgani bilan yana bir bor tabrikladi.

Ushbu tarixiy tadbir Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning KXDR bilan munosabatlarni yaxshilash, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, ishonch muhitini mustahkamlashga qaratilgan «Yangi shimoliy siyosat»ni ro‘yobga chiqarish borasidagi qat'iy pozitsiyasi va sa'y-harakatlari tufayli samarali natijalar berayotgani alohida ta'kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

2017 yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuksak darajaga olib chiqib, sifat jihatidan yangi mazmun, turli sohalarga doir aniq loyihalar va dasturlar bilan boyitdi.

Suhbat chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy, innovatsiya va gumanitar, jumladan, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Son Yon Gil davlatimiz rahbariga samimiy qabul va tabrik uchun minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Mehmon Koreya Respublikasi ulkan mintaqaning tinchligi, barqarorligi va izchil taraqqiyoti yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi bilan keng ko‘lamli va ko‘p formatli sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Mavzuga oid