Nima uchun Toshkentda daraxtlar ayovsiz kesib tashlanmoqda?
Sreda.uz nashrida Nataliya Shulepina ismli fuqaro Toshkent shahrida bir necha o‘n yillik sog‘lom daraxtlarning “he yo‘q, be yo‘q” ayovsiz kesib tashlanayotganidan kuyunib o‘z fikrlarini bildirgan.
Ayolning aytishicha, biror joyda daraxt kesilayotganda befarq bo‘lmagan odamlar buning oldini olish maqsadida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bo‘linmalariga qo‘ng‘iroq qilib, voqea joyiga kelishlarini so‘rashsa, qo‘mita vakillari yetib kelishadi.
“Biroq, ular kelguncha “qabih ish” ehtimol amalga oshib bo‘ladi. Ekologlar bir necha kishi, shahar esa katta. Yana masofa, degandek. Ular kelguncha ma'lum vaqt o‘tadi. Biroq ichki ishlar idoralari xodimlari bisyor-ku. Biroq ular kuppa-kunduz kuni xalqqa tegishli boylikning talon-taroj qilinishini jimgina kuzatib turishadi”, deb kuyunib yozmoqda ayol.
“Chinorlar, emanlar, shumtollar kecha qanday kesilgan bo‘lsa, bugun va ertaga ham Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida shunday kesilaveradi, biroq ular bizniki, xalqniki-ku. Ular biror tuman yoki shahar hokimiga tegishli emas. Daraxt kesuvchilarning barchasi daraxtlar aynan hokimlarning buyrug‘i bilan kesilayotganini vaj qilishadi. 3 may kuni O‘rdada ham shunday bo‘ldi. Amaldorlar haqiqatan ruxsat berganmi yoki yo‘qmi? Hududiy inspeksiya xodimlari kelishganda esa daraxt kesuvchilarning kattasi “hujjat bo‘lmasa nima qipti, chinorlar chirib yotibdi-ku”, deb befarqlik bildirgan”, deb davom ettiradi so‘zlarini ayol.
Ayolning aytishicha, kesilgan daraxtlar mo‘maygina pulga pullanadi.
“Men jinoyat joyida bo‘lganimda, qotib qoldim. “Skver”dan keyin bunday holatga yana yo‘l qo‘yib bo‘ladimi? Internetda ekologlar kelishi uchun qayerga qo‘ng‘iroq qilish, xalqdan o‘g‘irlangan daraxtlarni olib chiqib ketuvchi mashinalar raqamlarini qanday suratga olish bo‘yicha talaygina maslahatlarni uchratasiz. Agar mahalliy ma'muriyat bunga jimgina qarab tursa, balki haqiqatan ham ular bundan ulush olarlar. Xalq orasida shunday gap yuradi. Yillar o‘tibdiki, bunday bedodlikka hech qanday choralar ko‘rilmayapti. Agar xohish bo‘lsa, daraxtlarning kesilishi muammosini bir zumda hal qilsa bo‘ladi. O‘rdadagi holatda esa Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining yoshgina xodimlari birinchi marta “jangga kirayotgandek” taassurot qoldirdilar. Ularda o‘zlariga ishonch yo‘qdek, “hokim”, “chirigan daraxtlar”, “qo‘shni do‘kondagi yigitlar iltimos qilishgani” haqidagi cho‘pchaklarni tinglab turaverdilar”, deydi ayol.
Ayolning davom ettirishicha, tabiatni muhofaza qilish va ichki ishlar idoralari xodimlari go‘yoki turli davlatlarda yashayotgandek taassurot uyg‘otadilar. Ularning ikkisining ham vazifasi – himoya qilishdir. Biroq xalq mulki bo‘lgan daraxtlarni himoyalash borasida hech kelisha olmaydilar.
Ayol o‘z so‘zlari davomida Facebook’da 2 may kuni Bosh prokuratura yonida daraxtlar kesilgani haqidagi xabarni keltirib o‘tgan.
“Kecha ko‘p yillik emanning kesib tashlanishining oldini oldim, qayerda deb o‘ylaysiz? Fanlar akademiyasi hududida, xorijiy davlatlar elchixonalari qurshovida, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi binosidan shundoq 50 metr nariroqda! Shunday joyda daraxt kesish uchun qanchalik surbet bo‘lish kerak? Yoki hech kim e'tibor bermaydi, hammaga farqi yo‘q, deb, bemalol ishlarini qilaveradilarmi? Ekologlar daraxt kesuvchilarga bayonnoma tuzishdi. Biroq bundan oldin ular daraxtni “yaxshigina” shikastlashga ulgurdilar, Afsus, ertaroq ko‘rmabman-da”.
Ayol o‘z so‘zlari intihosida o‘zbekistonliklarda ekologik ong va kurash ruhini tarbiyalash juda qimmatga tushayotganini aytgan.
Mavzuga oid
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024