Sport | 17:56 / 07.05.2018
33351
9 daqiqa o‘qiladi

Zidandan syurpriz. El-klasiko haqida

Juma kuni fransiyalik murabbiy El-klasikoda biroz kuchsizlangan tarkibni maydonga tushirishi va u uchun mavsumning eng muhim o‘yini «Liverpul»ga qarshi final bo‘lishi haqida xabarlar tarqalib ketgandi. Ammo tarkiblar e'lon qilinganida, madridliklar bu o‘yinga kutilganidan jiddiy yondoshganini bildik.

Foto: AFP

Albatta, bunday qarorga ham o‘ziga yarasha sabablar bor. Turnir nuqtai nazaridan, «Real»da «Atletiko»ni quvib o‘tib va ikkinchi o‘rinni egallash imkoniyati bor, ayniqsa, «Atletiko» o‘z maydonida Kataloniyaning boshqa jamoasiga yutqazib qo‘ygach, bu ehtimol yanada oshdi. Ikkinchidan, final oldidan salkam bir oy o‘yinlarga jiddiy yondoshmaslik ham xavfli, qaysidir ma'noda, bu o‘yinni «Liverpul»ga qarshi o‘yinga tayyorgarlik bosqichi sifatida ham qarash mumkin. Uchinchidan esa, mavsumni birorta ham mag‘lubiyatsiz o‘tkazayotgan «Barselona»ning bu seriyasiga «Kamp Nou»da barham berish juda ajoyib natija bo‘lardi.

Xullas, faqat jarohatlangan Karvaxal va Isko tarkibdan chetda qolishdi. So‘nggi o‘yinlarda asosiy tarkibda ko‘p tushayotgan Vaskesning himoyadagi o‘rnini Nacho, yarimhimoyadagi o‘rnini esa, Garet Beyl egalladi. «Barselona» esa, hamma uchun kutilgan tarkibni tushirdi, deb aytish mumkin. 

«KORIDOR»

O‘tgan o‘yinda «Deportivo» maydonida g‘alaba qozongan «Barselona» chempionlikni rasmiylashtirdi. Ispaniyadagi an'analarga ko‘ra, bunday paytlarda, raqib jamoa ikki qator bo‘lib turgan holda chempionlarni o‘ziga xos «koridor» bilan kutib olishadi. O‘n yil oldin mamlakat chempioniga aylangan «Real»ni «Santyago Bernabeu»da xuddi shu tarzda kutib olgan «Barselona» shu an'anani boshlab bergandi.

Lekin bu safar «Real» bundan voz kechdi. Bu qarorni mehmonlar murabbiyi Zidan «Barselona» ham ularni klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibligidan keyin «koridor» bilan kutib olishmaganini eslatdi. O‘z navbatida kataloniyaliklar bunday an'ananing klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga aloqasi yo‘qligini, chunki u turnirda «Barselona» qatnashmaganini aytishdi.

Foto: ALEJANDRO GARCÍA / EFE

Aniq yozilib qo‘yilgan qoidaga asoslanmagan bunday holatlarda kim haq yoki nohaqligini topishning iloji yo‘q, zero «Barselona»ning o‘zi Klublar o‘rtasida chempion bo‘lib, Ispaniyaga qaytganida, boshqa jamoalarning mana shunday «koridor»laridan o‘tishgan edi. Shuningdek, Valverdening o‘zi yanvar oyida «Real»ga koridor qilmaslik qarorini ochiqlar ekan, bunday tadbirlar o‘z ma'nosini yo‘qotganligini aytib o‘tgandi.

Shunday bo‘lsa-da, «Kamp Nou» shu kuni baribir boshqa koridorni tomosha qildi. Jamoani ushbu mavsumdan so‘ng tark etayotgan «Barselona» veterani Andres Inesta kecha o‘zining oxirgi El-klasikosida maydonga tushdi. Jamoadoshlari Inestaga o‘ziga xos koridor uyushtirib, tabriklashdi.

RONALDUNING JAROHATI

Foto: JOSEP LAGO/AFP


Ronaldu «Real»ning golini faqat o‘zi urmasagina nishonlamasligi mumkin. Lekin mezbonlar darvozasiga urilgan juda chiroyli golga u qadar xursand bo‘lmaganidan payqash mumkinki, Pike uning oyog‘iga juda qattiq tepgan va Ronalduni o‘sha pallada kattaroq xavotir qamrab olgani tabiiy.

Portugaliyalik futbolchi taymning oxirigacha maydonda qoldi va hatto gol urish uchun ikkita ajoyib imkoniyatga ega bo‘ldi, lekin tanaffusdan keyin Zidan yetakchi futbolchisini maydonga tushirmadi. Jarohat qanchalik jiddiy?

Ronaldu o‘yinni davom ettirganidan jarohatning u darajada og‘ir emasligini fahmlasa bo‘ladi, katta ehtimol futbolchi jahon chempionatigacha o‘z formasini tiklab olishi aniq. Ammo Mirror tarqatgan ma'lumotga qaraganda, hujumchi «Liverpul»ga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmasligi ham mumkin. Zidan esa, uning finalga qadar tayyor bo‘la olishiga ishonmoqda.

UChGA BO‘LINGAN TAYM
Ikkinchi taymda «Barselona» bir o‘yinchi kam bo‘lib o‘ynaganini e'tiborga olsak, jamoalarning kuch nisbatiga faqat birinchi taymga qarab baho berishga urinsa bo‘ladi. Ammo bu yerda ham aniq bir xulosani olish qiyin.

Dastlabki daqiqalar, «Barselona»ning to‘liq ustunligida o‘tdi va mezbonlar «Real»ning jarima maydoni yaqinida ham osonlik bilan bir-birlariga aniq to‘p uzatishayotgandi. Suaresning golidan so‘ng, «Barselona» o‘yinga juda katta motivatsiya bilan chiqqani va shu bugun «Real»dan yaqqol ustunligini namoyish qilishini kutsa bo‘ladigandek edi.

Ammo keyingi yigirma daqiqalikda o‘yin butunlay mehmonlar foydasiga o‘zgardi. Zidan shogirdlari hisobni tenglashtirishdan tashqari, himoya chizig‘ini ancha oldinroqqa siljita oldilar va endi «Barselona» maydon markazidayoq ta'qibga uchray boshladi. Natijada «Real» tez-tez, ayniqsa qanotlardan mezbonlar himoyachini bezovta qila boshladi – Ronalduning o‘zida kamida uch marta qulay vaziyat bo‘lganini e'tirof etish mumkin.

So‘nggi besh daqiqa esa, o‘sha Pep-Joze davridagi qonli El-klasikolarni eslatib yubordi. Futbolchilar o‘rtasida juda ko‘p o‘yindan tashqari to‘qnashuvlar yuzaga keldi va shu besh daqiqa ichida Ramos, Suares va Messi sariq kartochka olgan bo‘lsa, Serxio Roberto maydondan chetlatildi.  

HAKAMNING XATOLARI

Foto: AFP


Aytish mumkinki, hakam o‘yinni juda yomon boshqardi va ancha ochiq, gollarga boy o‘tishi mumkin bo‘lgan El-klasikoni buzib qo‘ydi.

Avvaliga, 1-taymda Beylning qo‘polligiga ko‘z yumib, bir daqiqa o‘tar o‘tmas Serxio Robertoning chetlatilishi «Barselona» muxlislarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Balki, tanaffusda bir tomon foydasiga xato qaror qabul qilganini tushunib yetdimi, xatoni boshqa xato bilan yopish fikri paydo bo‘ldimi, noma'lum, ammo ikkinchi taymda Ernandes bir qator vaziyatlarda mezbonlar foydasiga adashganini ko‘rdik.

Foto: Alex Caparros/Getty Images

Dastlab, Suaresning Varanga qilgan qo‘polligini ko‘rmay qoldi. Aynan o‘sha hujum yakunda Messining goli bilan yakunlandi va «Barselona» ikkinchi marotaba hisobda oldinga chiqib oldi. Keyin esa, Marseloga qarshi jarima maydoni ichkarisida ishlatilgan yaqqol qo‘pollikka e'tibor qaratmadi.

Bundan tashqari, ispaniyalik mashhur sobiq hakam Gonsales Ituralde Messining o‘sha golini hisobga olmaslik kerakligi haqida aytar ekan, boshqa vaziyatda, Suares urgan golni hisoblashni, u yerda ofsayd bo‘lmaganini aytdi.

Ammo bizningcha o‘sha vaziyatning boshlanishida Rakitich ofsaydda turgandi. Bundan tashqari, o‘yin boshida Ronaldu darvozabon bilan yakka-yakka chiqib borgan vaziyatda ham o‘yin ofsayd tufayli to‘xtatilgan, aslida bu yerda ham bahsli vaziyat yuzaga kelgandi. E'tiboringizga har ikki vaziyatni havola qilamiz.
 

 Serxio Robertodan oldin Beyl chetlatilganda yoki «Barselona» himoyachisi maydonda qolganda o‘yin qanday bo‘lardi? Agar Suares qoida buzgani uchun Messining goli hisoblanilmaganda, «Real» ikkinchi golni urarmidi? Agar penalti belgilanganda kim g‘alaba qozonardi?

Ochig‘i futbol alohida emas, bir birini to‘ldiradigan va tug‘diradigan vaziyatlardan tashkil topishini e'tiborga olsak, maydondagi har bir voqea o‘yinning borishini tubdan o‘zgartirdi, hakam umumiy natijaga qay tomonlama ta'sir ko‘rsatganini va aynan qaysi xato ko‘proq biror jamoaga foyda keltirganini o‘lchash qiyin.

Shu tufayli, boshqacha qarorlarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibat yoki natija haqida qayg‘urmasdan, kecha biz maza qilib tomosha qilgan qarama-qarshilik va chiroyli gollar bilan kifoyalanishga majburmiz.

Mavzuga oid