Termizga olib boruvchi yo‘lda ta'mirlash ishlari qay yo‘sinda olib borilmoqda?
Shu kunlarda xizmat safari bilan Surxondaryoga borishga to‘g‘ri keldi. Albatta, O‘zbekistonning eng janubiy viloyatiga avtomobilda borishga qaror qilganimiz sababli M-39 “Toshkent-Termiz”avtoyo‘lining Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududidan o‘tgan va kapital qurilayotgan qismlarida ishlar qaydarajada olib borilayotganini ham kuzatish imkoniga ega bo‘ldik.
To‘g‘risini aytganda, yo‘lning, ayniqsa Surxondaryo viloyatidagi aksar qismi ta'mirlanib bo‘lingani va ravon ekani haydovchilar uchun ancha qulaylik taqdim etmoqda. Biroq yo‘lning ko‘priklar qurilayotgan qismlarida ayrim jihatlarga e'tibor berilsa, yanada yaxshi bo‘lar edi.
Xususan, kechasi harakatlanganda yo‘l qismining torayishi haqida axborot beruvchi belgilarni deyarli ko‘rib bo‘lmaydi. Ular yorug‘likni qaytarmaydi. Bundan tashqari, ko‘prikka yaqinlashganda qo‘yilgan to‘siqlardagi yo‘naltiruvchi qizil chiziqlar ham shunday. Ancha yaqin kelgandan keyingina yo‘l yo‘nalishi qaysi tomonga o‘zgarishini bila olasiz, xolos. Bu esa, kechki vaqtda jiddiy oqibatlarga sabab bo‘luvchi omillardan biri hisoblanadi.
Kichik quyosh panellaridan foydalanilmasa ham, yorug‘lik qaytaruvchi jihozlar vositasida yo‘l yo‘nalishi ko‘rsatib turilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, nazarimizda. Bundan tashqari, ravon yo‘lda kelarkansiz, to‘satdan toshli-shag‘alli yo‘lning boshlanishi, ba'zi joylarda haydovchi bundan ogohlantirilmasligi belgilangan tezlikda kelgan haydovchini ham shoshirib qo‘yadi. Yo‘l qurilishi bo‘yicha mutasaddilar mazkur yo‘lda qurilish me'yorlariga qanchalik rioya qilinayotganini tanqidiy o‘rganib chiqishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Surxondaryodan qaytarkanmiz, Kitob dovonidan o‘tib, Qashqadaryo-Samarqand chegarasiga kelganimizda qiziq bir holatga duch keldik. Shundoqqina, Samarqand yozuvi tushirilgan eng baland nuqtada mahalliy aholi qurut, quritilgan meva kabi mahsulotlar bilan savdo qilmoqda. Kattagina tekis kenglik. U yerda qurilishi tugallangan, ammo foydalanilmayotgan binolarga ham ko‘zimiz tushdi. Xaridorlar orasida, aksari keksa yoshli 40ga yaqin xorijlik sayyoh ham bor edi. Shu o‘rinda, ularning ko‘pchiligi nimanidir qidirib, atrofga boqayotgani, hayron qolgandek o‘zaro bir-biriga qarashlariga diqqat qildik hamda ular nimani qidirayotganini tusmollashga urindik.
Bu esa, ko‘p vaqtni olmadi. Ular hojatxona qidirayotganiga doir taxminimiz to‘g‘ri chiqdi. Ko‘pchiligi tevarak-atrofni aylanib ham chiqishdi. To‘g‘ri, tekislikda, Samarqand yozuvining orqasida qo‘lbola hojatxona bor edi, biroq uni “hojatxona” deyishga til bormaydi. 4ta ustun atrofi matomi-ey, bir narsa bilan o‘rab qo‘yilgan. Uning ham bir tomoni deyarli ochiq.
Shu o‘rinda mutasaddilarga yana bir taklif. Shu yerda ho‘l va quruq mevalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilarning boshini qovushtirib, barcha talablarga javob beruvchi sanuzel tarmog‘ini hashar yo‘li bilan barpo qilish imkoni nahotki bo‘lmasa. Savdogarlar o‘zlari tashabbus bildirmayotgan ekan, kimdir bu ishni nazoratga olishi kerakmi-yo‘qmi? Balki biror tadbirkorga yer ajratib berilsa, pullik hojatxona qurish imkoni ham paydo bo‘lardi. Xullas, katta-yu kichik hojatingiz Kitob dovonidan o‘tgach, ayni Samarqand chegarasiga yetganda qiynab qolsa, hozircha, ozgina sabr qilishingizga to‘g‘ri keladi.
Mavzuga oid
16:24 / 25.11.2024
Qashqadaryoda 24 yoshli erkak avval xotini va qizini o‘ldirib, keyin o‘z joniga qasd qildi
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
14:50 / 21.11.2024
Kuvayt O‘zbekistonda Ona va bola klasterini tashkil etadi
08:10 / 21.11.2024