Jamiyat | 21:12 / 17.05.2018
28588
9 daqiqa o‘qiladi

Bankomat ekologiyani buzadimi yoxud Samarqand banklarida bankomatlar qay ahvolda?

Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi mushtariylarimizning biridan quyidagi mazmundagi shikoyat tahririyatimiz pochtasiga kelib tushdi:

«Samarqandda banklarda plastikdagi pullarni naqdlashtirish juda katta muammo bo‘lib qolgan. Men o‘zim byudjyet korxonasida ishlayman. Oyligimni 100 foiz plastik kartaga berishadi. Oyligimni naqd qilish uchun bankka borganimda menga faqat «pul tugadi», «bankomat buzuq, ishlamayapti», deya qaytarib yuborishadi. Banklarda naqd pul muammo bo‘lib qolgan, navbat juda ham katta. Oxiriga kelganda «pul tugadi», deb qaytarib yuborishadi. Bugun «Hamkorbank»ka borishdan oldin qo‘ng‘iroq qildim, «bankomat ishlayapti, keling» deyishdi, borganimda esa «pul tugadi», deb asabni buzishdi. Axir shuncha vaqt yo‘qotib, borib kelish uchun yo‘lga xarajat qildim-ku?

Muhtaram prezidentimizning naqd pul bo‘yicha qarorlari ularga tegishli emasmi? Butun Samarqand xalqi azobda pulini naqd qila olmayapti. Ushbu masalaga oydinlik kiritib, matbuotda yoritishingizni so‘rayman. Faqat, iltimos, ismim sir bo‘lib qolsin».

Ushbu murojaatnomada ko‘rsatilgan vajni tekshirish uchun «Hamkorbank»ning Samarqand shahridagi har ikki filialida bo‘ldik. Bog‘ishamol filialida faqat xorijiy valyuta beruvchi bankomat ishlamoqda. So‘mni naqd qilib beruvchi bankomat yo‘q.

«Hamkorbank»ning Amir Temur ko‘chasida joylashgan filialida esa bankomat ishlab turibdi. 10–12 chog‘li fuqarodan iborat navbat bor. Pul berilmoqda.

— Markaziy bank tomonidan bitta plastik kartochkadan bir kunda 200 ming so‘m naqd pul yechib olish mumkin. Yagona bankomatimiz ertalab soat 8:00 dan kechki 21:00 gacha ishlamoqda. 4 ta kassetaga 60 million so‘m ketadi. Bir kunda 2–3 marta kassetalar yangilanib turadi. Ba'zan, ayrim paytlar, texnik nosozliklar bo‘ladi: aytaylik, tarmoqqa ulanish yo‘qolib qoladi. Bankomat buzilib qoladi, shularni aytmasa, puldan uzilish bo‘lgani yo‘q, — deydi ATB «Hamkorbank» Samarqand filiali chakana biznes bo‘limi boshlig‘i Asror Egamov.

A.Egamovning bizga bildirishicha, ayni paytda bank ichida joylashgan so‘m, xorijiy valyuta yechib olinsa bo‘ladigan bankomatlar, info va pul qabul qiluvchi kiosklarni bankning tashqarisiga joylashtirish, ularning sutkada 24 soat, haftada 7 kun tinimsiz aholiga xizmat ko‘rsatishiga imkon yaratish uchun ishlar olib borilmoqda.

Alyuminiy profildan yasaladigan mo‘'jaz pavilon kamera kuzatuvi ostida bo‘ladi, sutkaning har qanday soatida, har qanday ob-havoda faoliyat ko‘rsataveradi. Loyiha tayyorlangan, qurilish uchun hattoki shag‘al ham keltirib to‘kilgan. Barcha tegishli tashkilotlar loyihani ma'qullashgan, biroq shahar ekologiya bo‘limi turli hujjatlar va talablarni ro‘kach qilib, aholiga qulaylik yaratilishi uchun qilinayotgan ishning oldinga siljishiga to‘g‘anoq bo‘lmoqda. Qiziq, bankomatning ekologiyaga qay tarzda ta'siri bor ekanki, soha mutasaddilari uning tezroq o‘rnatilib, aholining hojatini tezroq chiqarishiga to‘g‘anoq bo‘lishmoqda?

«Hamkorbank»ning Bog‘ishamol bo‘limida ham bankomatlar uchun tashqarida maxsus xona — pavilon yasalayotganining guvohi bo‘ldik. «Bir haftada ishga tushadi», dedi bank mas'ul xodimi.

«Hamkorbank»dagi Asror aka juda so‘zamol chiqib qoldi. Bankda amalga oshirilayotgan va yaqin o‘rtada qilinishi rejalashtirilgan yana ko‘plab ishlarni erinmasdan tushuntirib berdiki, ularni bittalab yozadigan bo‘lsak, shak-shubhasiz, bankning reklamasi bo‘lib qoladi. «Hamkorbank» o‘zining bor ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘ziga yuklatilgan vazifani uddalayapti, degan fikrga keldim.

Aholiga naqd pul berishda bankomatlar xizmati borasida ahvol shaharning boshqa banklarida qanday ekanligiga qiziqib, ayrim banklarda ham bo‘ldim.

TIF «Milliy banki»ning Samarqand viloyat bo‘limida so‘m va xorijiy valyuta beruvchi bankomatlar ishlab turibdi. So‘m beruvchi bankomat oldida biroz navbat hosil bo‘lgan. Mijozlarni sekin suhbatga tortaman: zarur bo‘lganda kelib shu bankdan olaman, deyishdi ular. Ayrimlari ilk bor bankomat xizmatidan foydalanib turishibdi.

«Milliy bank»ning ro‘parasidagi «Aloqabank»da hali bankomat o‘rnatilmagan ekan.

«Asia Allaince Bank»ning xorijiy valyuta beruvchi bankomati ishlamoqda, biroq bankning o‘zidagi so‘m beruvchi bankomati ham, «Atlas» mediaparkidagi bankomati ham ishlamayapti. Qandaydir litsenziyasi tugagan emish.

«Xalq banki» Samarqand shahar bo‘limining bankomati bank ichidan tashqariga qaratib o‘rnatilgan, ammo ishlamayapti. Bankning plastik kartochka tizimini rivojlantirish sho‘'basi bosh mutaxassisi Bobur Ergashevning aytishicha, shahar bo‘limiga yagona bankomat o‘rnatilganiga 2 hafta bo‘lgan. Uning kassetasiga 150 million so‘mgacha pul ketadi. Yaqinda shunday bankomatlardan yana ikkitasi o‘rnatiladi. Ayni paytda uning ishlamayotgani barcha naqd pullar pensiya tarqatishga ketayotgani bilan tushuntirildi.

«Turonbank»dagi bankomat ham ishlamayapti. Umuman o‘chirib qo‘yilgan. Plastik bo‘limidagi xodim «ichida puli qolmagan, ertaga joylaymiz», dedi. Biz borguncha ishlagan-ishlamagani, ertaga pul joylanadimi-yo‘qmi bunisi endi noma'lum.

«Agrobank» viloyat bo‘limida ham bankomat uchun tashqaridan kirsa bo‘ladigan alohida xona qilingan. Lekin u yopiq edi. Bankomatga ichkaridan — qo‘riqlash bo‘limida ishlovchi ichki ishlar organi xodimlari o‘tirgan tarafdan kirsa bo‘ladi. U yerga mijozlar qo‘yilmayapti. 3 kishi navbatga turdik. Militsionerlar plastik kartochkalarning kodini so‘rab, bankomatdan naqd pulni chiqarib berishdi.

«Ipotekabank» viloyat bo‘limidagi bankomat ham ishlayapti. Odamlar navbatga turishgan, tartib bo‘lishi uchun hamma o‘z ism-familiyasini qog‘ozga tushirmoqda. Masalan, men borgan paytda qog‘ozga 129-kishi o‘z ismini yozdirdi. Bankomatdan esa 95-kishi pul yechayotgan edi. Demak, navbatda 35 kishi bo‘lgan.

Bank plastik bo‘limidagi xodimlarga ayrim savollar bilan murojaat qildik. Kuniga eng kamida 40 million so‘m, talab va kassadagi pulga qarab 100 million so‘mgacha pul bankomat kassetalariga joylanar ekan. Bir kunda bankomat xizmatidan 300 nafar atrofida fuqaro foydalanadi.

Albatta, pul tugab, kimlargadir yetmay qolgan paytlar ham bo‘lar ekan. Shuningdek, buzuq plastiklarni bankomatga tiqib uni ishdan chiqarish, bir yo‘l ikkita plastikni ketma-ket tiqib yuborish, plastikni teskari tiqish holatlari ham uchrab turibdi. «Hattoki, pulni sanab, chiqarib beradigan tuynugini ham sindirishdi, 4,5 million so‘mga ta'mirladik», deydi kulib bank xodimi.

Aholida ham plastik kartochka va bankomatdan foydalanish madaniyati, ko‘nikmalari endi-endi shakllanmoqda. Zamona zayli, hali hamma o‘rganib ketadi, bunisi aniq. Ammo Samarqand banklarida bankomatlar ham, naqd pul ham yetishmayotgani rost. Amin bo‘ldikki, ismini sir tutishimizni iltimos qilgan shikoyat muallifining e'tirozlari o‘rinli.

Bankomat olib kelib o‘rnatib, ularni risoladagidek ishlatmayotgan banklarni tushunish qiyin. Bankomatni ko‘paytiraman, aholiga yanada qulaylik yarataman deganlariga esa turli davlat organlari o‘zlarining tuturuqsiz talablari bilan to‘siq bo‘lmoqda. Samarqand shahrida, nafaqat shaharda, butun viloyatda aholining naqd pulga bo‘lgan talablarini qondirish uchun yana qandaydir turtki kerakmikin? Aytaylik, «senlarga mana shuncha kun muddat, barcha banklar «Hamkorbank» singari naqd so‘m va xorijiy valyuta beruvchi bankomatlarini tashqariga joylashtirsin va ularning 24/7 rejimida ishlashini tashkil etsin», qabilida buyruq.

Hozircha Samarqanddagi holat mana shunday. Uni o‘nglash, mavjud muammolarni bartaraf etish uchun Markaziy bankning viloyat bo‘limi va banklar uchun qanday choralar qo‘llashlari barchamiz uchun birdek qiziq.

Shuhrat Shokirjonov.

Kun.uz muxbiri

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid