O‘zbekiston | 13:53 / 17.05.2018
7071
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘onistonning neft va gaz sohasiga mutaxassislar tayyorlaydi

Foto: REUTERS / Sergei Karpukhin

O‘zbekiston Afg‘onistonning neft va gaz sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Afg‘oniston konlar va sanoat vaziri vazifasini bajaruvchi Nargis Nixon Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

Afg‘oniston vazirligi Toshkentda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib boryapti. Buning uchun afg‘on tomoniga yangi xodimlar kerak bo‘ladi, dedi vazir.

«O‘zbekiston tomoni bizning sohamiz uchun mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashda yordam beradi», - dedi Nixon. Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar ta'lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandumga imzo qo‘yadi.
 
"Biz hozirda memorandum ustida ish olib bormoqdamiz, yaqinda imzolashimiz kerak. O‘zbek mutaxassislari bizga kelganda, biz qaysi prinsip bo‘yicha ishlashimiz va O‘zbekiston o‘qitishga qancha odamni qabul qila olishini hal qilamiz», - deya aniqlik kiritdi u.
 
Joriy yilda O‘zbekiston Afg‘oniston talabalaridan iborat birinchi guruhni qabul qildi. Shu maqsadda Termizda yangi ta'lim markazi ochildi.

Ta'lim Afg‘oniston tomonining murojaatiga ko‘ra, kunduzgi va sirtqi shaklda o‘tkazilmoqda. Markazda oliy ta'lim bo‘yicha 17 yo‘nalish hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi yo‘nalishida 16 yo‘nalishda o‘quv rejalari modullari ishlab chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekneftgaz»ga Afg‘onistonda magistral gaz quvuri qurishni taklif qilishgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid