Jamiyat | 16:30 / 18.05.2018
51870
3 daqiqa o‘qiladi

Muftiy hazrat tarovih namozlariga kelayotgan haydovchilarga murojaat qildi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Ramazon oyi munosabati bilan Xasti Imom majmuasida o‘qilayotgan tarovih namozi vaqtida ibodat qilish uchun kelayotgan haydovchilarga murojaat qildi. U ushbu muborak oyda faqatgina kunduzlari yeb ichishdan o‘zini tiyish bilan maqsad to‘la hosil bo‘lmasligini, aksincha odob-axloqni ham sayqallab, ayniqsa shahar joylarda masjidlarga avtomashinalarida keluvchilar e'tiborliroq bo‘lsa, yanada yaxshi bo‘lishini bildirdi. 

“Alloh Taolo “ro‘zadorga ro‘zasining savobini o‘zim beraman” deydi. Demak, ro‘zadorga beriladigan mukofotning hech bir chegarasi yo‘q. Uning o‘lchami yo‘q. Uni qanchalik ekanini faqat Alloh Taolo biladi. 

Ro‘zador qachon shunday mukofotga sazovor bo‘ladi? Ro‘zador faqat yeyishlik-ichishlikdan o‘zini tiyishda emas, qo‘li bilan, tili bilan birovga ozor berishlik, g‘iybatdan, chaqimchilikdan, yoki harakati va holati bilan boshqalarga ozor berishdan to‘xtagandagina ro‘zasi komil va mukammal bo‘ladi hamda Alloh Taoloning yuqorida aytilgan mukofotiga sazovor bo‘ladi.

Mana respublikamiz bo‘ylab 1115ta masjidda Xatmi Qur'on bo‘lyapti. Toshkent shahrining o‘zida 112ta masjidda Qur'on xatm qilinmoqda. Endi Toshkent shahri poytaxt bo‘lgani sababli, qaysi masjidga borsangiz joy yo‘q, odamlar gavjum. Ana shunday vaqtda, mo‘min-musulmonlar avtoulovlarni joylariga qo‘yishda tartib bilan, ro‘zadorligini esdan chiqarmasdan, ya'ni boshqa harakatning xavfsizligini ta'minlagan holda odob bilan, yo‘l harakatini tartibga solayotgan xodimlarning so‘zlariga quloq tutib, ish qilsa, ro‘zasi yanada mukammal bo‘ladi.

Bizning shunday duolarimiz ijobat bo‘ladigan kechalardagi iltimosimiz shuki, qoldirilgan avtoulovlarimiz hech kimga xalal bermasin. Ana shunda qilgan duolarimiz ham ijobat, tutgan ro‘zalarimiz ham qabul bo‘ladi”, - dedilar muftiy hazratlari.  

Shu o‘rinda KUN.UZ sayti ham nafaqat Toshkent shahri, balki O‘zbekiston avtohavaskorlari, haydovchilari hamda yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilarini o‘zaro hurmatni unutmaslikka, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga chaqirib qoladi. 

Mavzuga oid