Jamiyat | 18:46 / 20.05.2018
37528
7 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik rozi. Hokimlik rozi. Ammo...19 yildan buyon hal bo‘lmayotgan muammo

Saytimizga Toshkent shahri Yunusobod tumani Yunusobod-1 berk ko‘chasi 22-uyda istiqomat qiluvchi aholi vakillari murojaat qilishdi. Mazkur ko‘p qavatli yotoqxonada bir necha yillardan buyon yashovchi fuqarolar yotoqxonaga egalik qiluvchi tashkilot binoni Yunusobod tumani hokimligi tasarrufiga berishga qarshilik qilib kelayotgani, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 iyundagi 413-son qarori talablarini bajarishni asossiz ortga surayotganini ta'kidlashdi. 

Biz ushbu masalani o‘rganish maqsadida murojaatchilar yashayotgan yotoqxonaga bordik va fuqarolar bilan uchrashdik. Dastavval hujjatlar bilan tanishamiz. Unga ko‘ra, mazkur bino sobiq O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining “Suvloyiha” birlashmasi hisobidagi ekanini anglaymiz.

Bundan tashqari, sobiq Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 1999 yil 25 may, 2013 yil 2 sentabr hamda 2018 yil 12 martdagi “Suvloyiha” davlat unitar korxonasiga yo‘llagan maktublarida yuqoridagi manzilda joylashgan binoni xususiylashtirish va Yunusobod tuman tasarrufiga o‘tkazishga qarshi emasligi, barcha qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilgan holda yotoqxonani tuman hokimligiga o‘tkazish ko‘rsatilgan. 

Ammo, lekin, biroq... Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qarori 2-bandida «idoraviy hujjat (order) asosida turar joy maqomini olgan yotoqxonalardagi kvartiralarni xususiylashtirishga doir bitimlarni notarial tasdiqlashga hamda Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga, kvartirani sotib olayotgan jismoniy shaxs bo‘lish joyida hisobda turgan taqdirda, 2018 yil 1 iyulgacha istisno tariqasida ruxsat etilsin”, deyilganiga qaramay, “Suvloyiha” DUK vazirlik rozilik bildirgan yotoqxonani xususiylashtirishga shoshilmayapti. 

Bu borada ushbu yotoqxonaning yarmida yashab kelayotganlar nima deydi? Shu maqsadda murojaatchilar so‘zlariga quloq tutamiz.

“Bizlarning ayrimlarimiz bu yerda ushbu bino qurilib, foydalanishga topshirilganidan buyon, 40 yillardan beri istiqomat qilib kelamiz. Ota-onalarimiz o‘sha vaqtlarda “Vodproyekt” birlashmasida ishlagani sababli shu yotoqxonadan joy berishgan. 1999 yildan buyon biz yotoqxonaning o‘zimiz yashab kelayotgan xonadonlarni xususiylashtirish bo‘yicha harakat qilib kelamiz. Ammo samara bo‘lmayapti. Barcha sa'y-harakatlarimiz zanjir bo‘lib “Suvloyiha” DUKka kelib to‘xtayapti. Bu tashkilot rahbariyati esa, turli, hatto yotoqxona turarjoy maqomiga ega emas, degan vaj bilan ham xususiylashtirishni ortga surib kelmoqda. Bizga xususiylashtirishga ruxsat berishsin, axir. Davlat rahbariyati ruxsat bergan narsani nima uchun bular paysalga solishadi?”, - deydi Ruzina opa. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bilan ularda umid uchqunlari paydo bo‘lgan. Biroq yotoqxonada yashayotgan aholining umidi “Suvloyiha” DUKning salkam 20 yildan beri ikki qator gap yozib, roziligini bildirib, imzo qo‘ymasligi oqibatida puchga chiqmoqda. 

Savol tug‘iladi: davlat unitar korxonasi hisoblanmish “Suvloyiha” vazirlik tomonidan rozilik bildirilgan va xususiylashtirish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish borasidagi topshiriqni bajarmaslik yoki paysalga solishga qanchalik haqli? DUKka oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasiga murojaat qilamiz. 

“Davlat unitar korxonasi – o‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor tomonidan mulk huquqi berilmagan tijoratchi tashkilot unitar korxona hisoblanadi... U.k.ning mol-mulki unga xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida tegishli bo‘ladi. D.u.k.ning firma nomida uning mol-mulkining egasi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. U.k.ni boshqarish organi uning rahbari bo‘lib, bu rahbar mulkdor tomonidan yoki mulkdor vakil qilgan organ tomonidan tayinlanadi hamda ularga hisob beradi”, - deyiladi. 

Biz “Suvloyiha”DUKning muammoga munosabatini bilish uchun direktor o‘rinbosari Oybek Azimov bilan muammoli yotoqxonada uchrashdik.

“Bu masala bilan men o‘zim shug‘ullanayapman. Ayni vaqtda bu yotoqxonada yashayotganlarning qay birlari xonadonni xususiy mulk qilib olishga haqli ekaniga doir arxiv hujjatlari o‘rganilmoqda va yig‘ilmoqda. Xonadonlarni xususiylashtirishning o‘z me'yorlari bor. Biz undan chetga chiqa olmaymiz. Bundan tashqari, binoning ikkinchi yarmini ham DUK tasarrufiga qaytarish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rmoqdamiz”, - deydi Oybek Azimov. 

Ta'kidlash o‘rinliki, O.Azimov bizga o‘zi ham shu yotoqxonada yashovchi ekani, uning 9-xonadoni order asosida unga 2018 yil may oyi boshida taqdim etilganini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatdi. Shu bilan birga, mazkur xonadonda avvalroq yashab kelgan fuqaro bilan kelishmovchilik bo‘layotgani sababli qolgan xonadonlarni xususiylashtirish ishlari ham ortga surilmoqda. 

Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: Bir fuqaroning asosli yoki asossiz da'vo qilishidan nima uchun boshqalar, bir necha o‘n yillardan beri yashab kelayotganlar, shu yerda ro‘yxatdan o‘tganlar aziyat chekishi kerak? Qolaversa, o‘zi intervyuda arxiv hujjatlari ko‘tariladi, to‘plam qilinadi, 10 yildan ko‘p yashagan kishilarga qonun doirasida taqdim etiladi, deb tursa-yu, 2018 yil may oyidan boshlab o‘zi ham shu yerda istiqomat qilishini aytishi bilan nima demoqchi bo‘ldi, men tushuna olmadim. 

Yotoqxona tipidagi uylarni xususiylashtirishga 2018 yil 1 iyulga qadar istisno tariqasida ruxsat berilgani sababli xonadonlar xususiylashtirilmay qolsa, bu muammo yana o‘z yechimini topmay qolmaydimi? Oybek Azimov bu savolga javob berar ekan, xonadonlarni xususiylashtirish davom ettirilishini bildirdi. Afsuski, qachon, degan savol hamon javobsiz qolmoqda. 

Bundan tashqari, ma'lum bo‘lishicha, binoning yarmi mustaqillikning ilk yillarida qaysidir tashkilotga sotilgan. Ayni vaqtda uning egalari binoning yarmidan moliyaviy instrument sifatida foydalanishadi, xolos, deyishmoqda aholi vakillari. Biz yotoqxonaning boshqa tashkilotga sotilgan ikkinchi yarmi juda xarob va qarovsiz ahvolda ekaniga guvoh bo‘ldik. Balki binoning mazkur qismini ham qaytadan yotoqxonaga aylantirish yoki turarjoyga muhtoj kam ta'minlangan oilalarga taqdim etish imkonini mutasaddi tashkilotlar o‘rganib chiqishar. Bu yerda yashovchilar ham 2018 yil 1 iyuldan keyin o‘z uylarida yashay boshlashiga ishonch bildirib qolamiz. 

Mavzuga oid