Jamiyat | 17:53 / 22.05.2018
17506
3 daqiqa o‘qiladi

Ramazon fazilati – insonni yuqori martabali darajaga yetkazadi

“Islom nuri” dasturining bugungi mavzusi Ramazon oyi fazilati haqida. Bu mavzu yuzasidan poytaxtning “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom xatibi Rahimberdi Rahmonov bilan suhbatlashdik.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

- Ramazoni sharif oyi bizga ulkan natijalarni beradi. Avvalambor, bizni inson bo‘lib yaralganimizning eng ulug‘ lahzalari, umr daftarimizning oltin zarvaraqlari bitiladigan kunlar, aynan mana shu kunlardir. Ilgari ulug‘larimiz Ramazondan oldin “Parvardigor, bizni Ramazonga yetkazgin”, deb olti oy duo qilishgan ekan. Ramazon o‘tgach, yana olti oy “Parvardigor, Ramazonda qilgan amallarimizni xabata qilmagin, qabul aylagin”, deb duo qilishar ekan. Qarang, Ramazondan olti oy oldin, undan keyin olti oy – bir yil mobaynida bu oy haqiga duo qilinar ekan.

Bu – ulug‘ fazilatlarga to‘la oy. Rasuli akram (s.a.v) aytadilar: “Kimki Ramazonni savob umidida, Alloh taologa iymon bilan, ajr umidida tutsa, muqaddam qilgan hamma gunohlari kechiriladi”. Inshaolloh, biz bu oyda poklanamiz. Ruhoniy, jismoniy, ma'naviy jihatdan, tom ma'noda, yuqori martabali ummat maqomini qo‘lga kiritamiz.

Foto: Rahimberdi Rahmonov/Kun.uz

Ramazonning hozirgi dahasi – Rahmat dahasi. Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi. Rahmatiga muyassar bo‘lamiz. Ikkinchi dahasi mag‘firat dahasi. Alloh taolo bandalarining gunohini kechiradi. Osiylarning gunohini o‘tadi. Uchinchi daha do‘zaxdan omonlik dahasi, ya'ni Alloh taolo rahmatiga muyassar aylab, gunohlarini kechirib do‘zaxdan omonlik vasiyqasini qo‘limizga bersa, bundan oshiq fursat bo‘ladimi, bundan oshiq mukofot bo‘ladimi? Ramazondan biz mana shunday mukofotni qo‘lga kiritamiz. 

Bu oy bizni ustozsiz, murabbiysiz tarbiya qiladi, faqat biz uning talablariga rioya qilsak bas. Ramazonda biz vafoni o‘rganamiz. Bergan va'damizga vafo ko‘rsatish, mo‘minligimizning eng katta fazilati bu. Bir oy davomida biz tongda Alloh taologa “Parvardigor, tongdan to shomga qadar”, deb va'da beramiz. Mana shu va'damizni, mana, bir necha kundirki ustidan chiqyapmiz.

Ramazon bizni jismiy jihatdan immun tizimimizni yuksaltiradi. Bu oyda odatda och qolamiz. Ammo shunga qaramay bizning immun tizimimiz oshadi, quvvatimiz ziyoda bo‘ladi. Bugungi shifokorlar xulosasiga ko‘ra, tom ma'noda Ramazoni sharif oyidagi ochlik, ya'ni ixtiyoriy ochlik jismimizga ulkan manfaatlar keltirar ekan, - dedi R.Rahmonov.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid